August 25, 2018

PO‘zbekistonga yangi avtomobil ishlab chiqaruvchilarni imtiyozlar orqali jalb qilishmoqchi

O‘zbekistonga yangi avtomobil ishlab chiqaruvchilarni imtiyozlar orqali jalb qilishmoqchi, deb yozadi Spot normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilingan loyihaga tayanib.

Hujjat orqali avtomobillarni “sanoatlashgan yig‘ish” bilan shug‘ullanuvchi avtomobil sanoati korxonalari uchun bir xillashtirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash taklif qilinmoqda.

Loyihada “sanoatlashgan yig‘ish” yo‘li bilan avtomobil ishlab chiqarishni tashkil etishni ko‘zda tutuvchi investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqishga, istisno tariqasida, dastlabki texnik-iqtisodiy asossiz ruxsat berish taklif etilmoqda.

Sanoatlashgan yig‘ish — texnologik jarayonlar asosida motorli transport vositalarini seriyali ishlab chiqarish bo‘lib, loyihaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ta’minlaydi. Bularga payvandlash, kuzovniki yig‘ish va bo‘yash, salon uskunalarini montaj qilish, eksteryer elementlarini montaj qilish, kuch agregati va rul mexanizmini montaj qilish va boshqalar kiradi.

Shuningdek, soliq va bojxona rejimlarini bir xillashtirib, bunday ishlab chiqaruvchilarni quyidagi to‘lovlardan ozod qilish ko‘zda tutilgan:

  • daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan mulk solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi;
  • qurilma va asbob-uskuna, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar, qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari).