Turkiyaning Layki brendi Toshkent viloyatida poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi
Loyiha Ohangarondagi sanoat zonasida amalga oshirilib, buning uchun kompaniya tomonidan $1 mln yo‘naltiriladi.
Turkiyaning “Layki” brendi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uyushma raisi Fahriddin Boboyev “Layki” kompaniyasi rahbari bilan uchrashdi. Tomonlar turk brendi va O‘zbekiston korxonalari hamkorligida mamlakatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni muhokama qildi.
Xususan, “Layki” brendi ostida poyabzal mahsulotlari, poyabzal tagliklari, yelim xom ashyosini ishlab chiqarishga qaratilgan loyihani amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya tomonidan loyihani amalga oshirishga $1 mln miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.
Investor loyihani Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tashkil etilayotgan charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasida tashkil etishni maqsad qilgan.
Qayd etilishicha, uyushma tomonidan yer maydonini ajratish bo‘yicha tegishli tartibda ishlarni amalga oshirish uchun amaliy harakatlar boshlangan.
“Layki” kompaniyasiga 1989-yilda asos solingan. Kompaniya Turkiya poyabzal va to‘qimachilik bozorining yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Turkiyaning “Warboots” kompaniyasi O‘zbekistonda xavfsizlik poyabzallarini ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.