June 4

“Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish” to'g'risida....

Paxtaobod tuma adliya bo'limi YXKM

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 may kungi "Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida"gi PF-80-son Farmoni qabul qilindi.

1.Ushbu Farmonning asosiy maqsad va vazifalari: fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida:
- aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rib borish; - joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish; - fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirib borish; - davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.

2. Adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
- joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish; - uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash; - “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, shuningdek ular tomonidan “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish; - aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash; - yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish; - davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari,mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.

3.2024-yil 1-iyuldan boshlab fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilindi:

- Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari (keyingi o‘rinlarda – huquqiy maslahat byurolari) bosqichma-bosqich tashkil qilinadi; - huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashiladi; - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi jamoat fondlari hisobidan “Madad” NNTning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq huquqiy maslahat byurolari faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat subsidiyalari ajratib boriladi; - tashkil etiladigan huquqiy maslahat byurolarini zarur kompyuter texnikalari va mebel bilan jihozlash Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

4.Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida:

a) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida “Mahalla huquqshunosi” loyihasi amalga oshirilib, loyiha doirasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislarining huquqiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borishga qaratilgan qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etiladi;

b) maktablarda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

- Adliya vazirligining maxsus elektron platformasi orqali huquq fani o‘qituvchilarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini uzluksiz oshirib borish hamda ularni metodik ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi; - o‘quvchilar o‘rtasida “Huquq bilimdoni” fan olimpiadasi huquq fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi huquq o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib boriladi; - maktab o‘quvchilarining huquqiy bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishiga qaratilgan ko‘rgazmali o‘quv qo‘llanmalari, videoroliklar, kompyuter o‘yinlari va mobil ilovalar yaratiladi;

v) 2024 yil 1 iyundan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy qilinadi. Bunda:

- Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib huquqiy targ‘ibot materiallari tayyorlanadi hamda ularning eng quyi bo‘g‘inigacha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali yuboriladi; - Adliya vazirligining mahallalarda haftaning har chorshanba kunini “Huquqiy targ‘ibot kuni” etib belgilash haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki, “Huquqiy targ‘ibot kuni”da tuman (shahar) adliya bo‘limlari, shu jumladan yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, FHDY organlari, davlat xizmatlari markazlari tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi: - “Online-mahalla” platformasiga kiritilgan va joylarda aniqlangan muammolarning huquqiy yechimlariga qaratilgan manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish; - aholi uchun eng dolzarb masalalarni aniqlash orqali ular yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish; - ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun imtiyozlar va moddiy yordam berish, nafaqa tayinlash, ishsizlikdan himoyalanish,vaqtinchalik ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam olish tartibi bo‘yicha tizimli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish; - kundalik hayotda eng ko‘p zarur bo‘ladigan davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi hamda ulardan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa elektron resurslar orqali foydalanishning afzalliklari to‘g‘risida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish.

5.Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida:

a) 2024yil 1 iyuldan:

- Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi; - korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida, ularning elektron nusxalarini talab etish amaliyoti bekor qilinadi; - avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tarzda davlat reestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi; - noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi;

b) 2024 yil yakuniga qadar:

- davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinadi. Bunda, fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi; - fuqarolar tomonidan davlat xizmatlari markazlari hamda notarial idoralar orqali Mobile-ID tizimida identifikatsiya va qayta identifikatsiyadan o‘tish bepul asosda amalga oshiriladi.

Paxtaobod tuman adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi.