Abdulla Oripov

Abdulla Oripov — atoqli oʻzbek shoiri va jamoat arbobi. Zamonaviy oʻzbek sheʼriyatida inson qalbidagi murakkablik va ziddiyatlarni teran, haqqoniy oʻziga xos betakror kuylagan taniqli ijodkor. Oripov hozirgi oʻzbek sheʼriyatiga yangicha badiiy tafakkur yoʻsinlarini olib kirdi. U tub mohiyati bilan Yassaviy, Navoiy, Bobur, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom singari ijodkorlar badiiy anʼanalarining davomchisi hisoblanadi. Shoir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi muallifi hamdir.

Hayoti

Abdulla Oripov 1941-yilning 21-martida, yaʼni Yilboshi bayrami kuni [Qashqadaryo] viloyati, [Koson] tumanidagi Nekoʻz qishlogʻida tugʻildi. Qishloq Qoʻngʻirtov etagiga oʻrnashgan boʻlib, oqar suv taqchil boʻlsa-da, seryomgʻir kelgan yillarda koʻkat-u maysalarga koʻmilib qoladigan kengish joy edi. Bu haqida shoirning oʻzi shunday yozadi:

"Ayniqsa, bahor paytlarida bu yerlarga yogʻin koʻp tushar, Qoʻngʻirtov etaklari ming xil oʻt-oʻlan, chuchmoma-yu qizgʻaldoqlar bilan, quyontoʻpigʻ-u ismaloq bilan, karrag-u hazorisfand bilan, qoʻzigullar bilan qoplanar, tevarak-atrof jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari toʻplanib qolgan kichik-kichik koʻllarni “qoq” deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomay-u ismaloq, zamburugʻ terib, Qoʻngʻirtov etaklarida kunlarini kech qilar edi"

Ana shunday goʻzal maskanda tugʻilib oʻsgan Abdulla Oripovning otasi Orifboy Ubaydulla oʻgʻli ishbilarmon dehqonlardan boʻlib, jamoa xoʻjaligi raisi edi. Onasi Turdixol momo koʻpchilik oʻzbek ayollari singari sarishta, mehnatkash, mehribon, gʻoyat taʼsirchan va ezgulikka tashna ayol boʻlgan. Oilada toʻrt oʻgʻil, toʻrt qiz boʻlib, Abdulla oʻgʻillarning kenjasi edi.

Asarlari

Birinchi marta respublika matbuotida „Qushcha“ deb atalgan sheʼri chiqqan paytda Abdulla Oripov talaba edi. Shoirning birinchi [sheʼrlar toʻplami] „Mitti yulduz“ esa 1965-yilda chop etilgan. Undan keyin „Koʻzlarim yoʻlingda“ (1967), „Onajon“ (1969), „Ruhim“ (1971), „[O’zbekiston]“, „Qasida“ (1972), „Xotirot“ (1974), „Yurtim shamoli“ (1974), „Jannatga yoʻl“ (1978), „Hayrat“ (1979), „Hakim va ajal“ (1980), „Najot qalʼasi“ (1981), „Yillar armoni“ (1983), „Haj daftari“ (1992), „Saylanma“ (1996), „Sohibqiron (sheriy drama) “ (1996), toʻrt tomlik „Tanlangan asarlar“ (2000–2001) singari qator kitoblari bosilib chiqdi.

Abdulla Oripov xalqimizni dunyo adabiyotining sara namunalari bilan tanishtirish borasida ham talay ishlarni amalga oshirgan. U Dantening (rus.)"Ilohiy komediya" asarini, L.Ukrainka, T.Shevchenko, N.Nekrasov, Q.Quliev, R.Hamzatov singari shoirlarning sheʼrlarini mahorat bilan oʻzbekchaga oʻgirgan.

Abdulla Oripov sheʼrlarida falsafiy teranlik joʻshqin lirizm va insoniy samimiyat bilan uygʻunlashib ketgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Uning „Bahor“, „Birinchi muhabbatim“, „Kuz“, „Saraton“, „Oʻzbekiston“, „Munojotni tinglab“, „Otello“, „Sarob“, „Dengizga“, „Malomat toshlari“, „Olomonga“, „Yuzma-yuz“, „Genetika“, „Chuvaladi oʻylarim sensiz“ va boshqa qator sheʼrlarida mana shu xususiyat yaqqol seziladi.

Bu asarlar oʻzbek milliy sheʼriyatining mumtoz namunalari boʻlib, yuksak badiiyligi, mantiqan kuchliligi, joʻshqinligi, yoqimliligi va lirik tuygʻularga boyligi bilan ajralib turadi.

Mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston Respublikasining madhiyasi Abdulla Oripov soʻzi bilan aytiladi.

Millat maʼnaviyati va estetik tafakkurini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun shoir Abdulla Oripov ijodkorlar orasida birinchi boʻlib, 1998-yilda „Oʻzbekiston Qahramoni“ degan yuksak unvonga sazovor boʻldi.

U I- va II- chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati bo‘lgan.

Mukofot va unvonlari

•          O‘zbekiston qahramoni (1998)

•          O‘zbekiston xalq shoiri (1983)

“WIPO Creativity Award” oltin medali (2007)

•          Italiya yulduzi xalqaro sharafli ordeni (2015)

•          Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti (1983)

•          Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti (1994)

2007 yil Oripov Jahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) tomonidan jahon madaniyati xazinasiga qo‘shgan hissasi uchun oltin medalni qo‘lga kiritdi.

2015 yil Italiya yulduzi xalqaro sharafli ordeni bilan taqdirlangan. Faxriy mukofot shoirga Italiya prezidenti Serj Sotarelloning taklifiga binoan topshirilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri A. Oripov hayotdan 2016 yil 5 noyabr kuni ko‘z yumdi. Uning yoshi 75 da edi. Toshkent shahridagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan.