October 13

Ichki xohish (intrinsic motivation)

Sinfda Ichki Motivatsiyaning Ahamiyati
Norma Gorham

O‘qituvchilar orasida eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri — o‘quvchilarning darsga qiziqmasligi va motivatsiyasining pastligidir. Bugungi texnologiyalar dunyosida, doimiy va tezkor diqqatni talab qiladigan sharoitda tobora ko‘proq o‘quvchilar sinfda qiziqishni yo‘qotishmoqda. Biz, o‘qituvchilar, bu borada nima qila olamiz? Qanday qilib o‘quvchilarni darsga jalb qilamiz va ularga motivatsiya beramiz?

Keling, avvalo motivatsiyaning nima ekanligini Merriam-Webster onlayn lug‘ati bo‘yicha aniqlab olaylik:
Motivatsiya
Ot mo·ti·va·tsiya \mō-tə-vā-shən\
1. Kimnidir biror narsa qilishga undash jarayoni yoki harakati
2. Ishlashga yoki faoliyat ko‘rsatishga ishtiyoq holati
3. Kimnidir biror narsa qilishga majbur qiladigan kuch yoki ta’sir

Ta’rif oddiy tuyuladi, lekin motivatsiya real hayotda qanday ko‘rinadi? Uni sinfda qanday yaratish mumkin? Bu ta’rif sizga qanday yordam beradi? Eng muhimi, ichki motivatsiya qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Avvalo, shuni aytishimiz kerakki, hammamiz motivatsiya bilan tug‘ilganmiz. Buni o‘ylab ko‘ring. Tug‘ilgan onimizdan boshlab o‘rganishni boshlaymiz. Endi o'zingiz bilgan kichik bir bolani esla ko'ring. Ular hamma narsaga juda qiziqishadi. Atrofni o‘rganishga intilishadi. Ular tabiiy ravishda motivatsiyaga ega. Ular o‘rganishni xohlashadi!

O‘z bilimi va tajribasini o‘z manfaatlari uchun izlash istagi "ichki motivatsiya" deb ataladi. Kimdir "Menga ilmiy fanlar qiziq" yoki "Matematikani o‘rganish mantiqan o‘ylashga yordam beradi" deganida ichki motivatsiya haqida gapirayotgan bo'ladi. Uilyam Glasserning tanlov nazariyasi o‘quvchilardagi ichki motivatsiyaning qanchalik kuchli ekanligini tushuntirib beradi. U "biz o‘z ehtiyojlarimizni qondirish uchun genetik yo‘riqnoma olganmiz" deb ta’kidlaydi (Sullo, 2007). Ya’ni, tabiiy qiziqish bizning genetik tarkibimizga kiradi va bu bizning asosiy ehtiyojlarimizni qondirishimiz, omon qolishimiz va muvaffaqiyatga erishishimiz uchun mo‘ljallangan. Glasserga ko‘ra, bu asosiy psixologik ehtiyojlar quyidagilardir:

• O‘zini biror joyga mansub his qilish yoki insonlarga bog‘lanish. • Mahorat yoki qobiliyat. • Erkinlik. Qaror qabul qilish imkoniyati. • Zavq.

O‘zini biror joyga tegishli his qilish yoki insonlarga bog'lanish.

O‘qituvchi sifatida, shunday muhit yaratish kerakki sinfda har kimning o‘z o‘rni va o‘rganish jarayonida ishtirok etish sababi bo‘lsin. Bizning sinfimiz o‘quvchilarni o‘zlarini xavfsiz va sevimli his qilishlariga imkon beradigan joy bo‘lishi kerak. O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat sinf uchun muhimdir. Ajablanarli emas, tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchilari bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirgan o‘qituvchilar intizomiy muammolarni kamroq boshdan kechiradilar (Sullo, 2007). Kamroq intizomiy muammolar ko‘proq o‘quvchilarning jalb qilingani va motivatsiyalanganliklarini ko‘rsatadi.

Mahorat yoki qobiliyat

Mahorat va qobiliyat nimanidir muvaffaqiyatli bajarish qobiliyatidir. Biz o‘quvchilarga qanday o‘rganishni va nimani o‘rganmaslikni o‘rgatganimizda, ularga muvaffaqiyatli va qobiliyatli bo‘lishlari uchun zarur bo‘lgan ishonch, ko‘nikma va instrumentlarni beramiz. Ular o‘rganishda xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rqmasdan, zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lganlariga ishonch hosil qilgan holda yangi ko'nikmalarni o'stirish uchun tavakkal qila olishadi.

Ko‘nikmalarni o‘zlashtirishning muhim qismi modellashtirish va ko'rsatma berishdan iboratdir. Men bu bog‘liqlikni birinchi marta farzandlarim chang‘i o‘rganayotganda payqadim. Kunning boshida ular hattoki chang‘ida tura olmas edilar, ammo instruktorlarining texnikani aniq namoyish etishi va ular tomonidan berilgan ko'rsatmalar orqali bir necha soat ichida ular muvaffaqiyatli ravishda qiyalikdan pastga tushishni o‘rganishdi. Garchi bu qiyin bo‘lsa ham, ular faoliyatdan zavqlanishlari uchun zarur ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdi. Ularning mahorati o'sib, o‘rganishdan kuch olgan edilar.

Erkinlik

Odam sifatida biz tanlov qilish erkinligiga va qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etishga intilamiz. O‘quvchilarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb qilish ularning bu jarayonga bo‘lgan egalik tuyg‘usini oshiradi. Lekin bu sinfda qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?

Bu, masalan, o‘quvchilar yil davomida sinf qoidalarini aniqlashi yoki oddiygina qilib aytganda ular yozadigan insholar mavzusini tanlashi yoki insho baholash mezonlarini aniqlash kabi jarayonlardan boshlanishi mumkin. Sinfda ovozga ega bo‘lgan o‘quvchilar sinfdagi ishlarga ko‘proq jalb qilinadi va shuning uchun ko‘proq motivatsiyaga ega bo‘ladi.

Zavq

Hamma narsa tarkibida qiziqarlilik elementi bo‘lganida yaxshiroq bo‘ladi. O'yinqaroqligimiz va ishtiyoqimiz bizni kashfiyot va o‘sishga olib keladi. Shijoatli o‘qituvchi sinfga hayot bag‘ishlaydi, o‘quvchilarni jalb qiladi va ularni izlanishga undaydi. O‘qituvchining hissiy yaqinligi va boshqcha aytganda ko'zidagi olovi o‘quvchilarning ishtiroki, qiziqishi, qiziquvchanligi va motivatsiyasini oshirishi mumkin.

Ushbu to‘rt asosiy psixologik ehtiyojlar bizning dunyoni qanday tushunishimizning asosi va motivatsiyamiz uchun tirgak bo'lib xizmat qiladi. Mening o‘quvchilarim — energiyaga to‘la besh yashar bolalar bo‘ladimi yoki sekin, o‘ylab ish tutadigan buvilar bo‘ladimi — ushbu ehtiyojlari qondirilganda, ular o‘rganishga ko‘proq jalb qilinadi va tayyor bo‘ladi; ular muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va vositalarga ega bo‘ladi; va ular bolaligida ota-onalarining yonida o‘rganganlarida his qilgan hayajon va zavqni qayta boshdan kechirishadi. Oddiy qilib aytganda, ular motivatsiyalangan.

Eslatib o‘tish joizki, motivatsiya berishning ko‘plab usullari mavjud, ammo ichki motivatsiya — har bir o‘quvchining tabiiy, ichki motivatsiyasini uyg‘otish — o‘quvchilarni o‘rganishni yaxshi ko‘rishini tan olishlariga va ushbu to‘rt psixologik ehtiyojlarinining qondirilishiga olib keladi!

Manbalar:

Church, E.B. (2003). Building community in the classroom. Retrieved July 24, 2015 from http://www.scholastic.com/teachers/article/building-community-classroom

Reeves, D.B. (2004). Motivating unmotivated students. ASCD Express Ideas from the Field . Retrieved July 24, 2005 from http://www.ascd.org/ascd-express/vol5/504-reeves.aspx