March 12

Lev Tolstoyning "Iqrornoma" asariga taqriz

Men kimman?
Nega yashayapman, yashashimdan nima ma'no bor?
Bu hayot nima o‘zi?

Yuqoridagi savollar aqli bor har qanday insonning umri davomida xayolidan biron marta o‘tishi shubhasiz. Tabiatan o‘ziga talabchan bo‘lgan Tolstoy janoblari Iqrornomada aynan shu savollarni oldiga qo‘yib, faylasufona tadqiq etgan. Ushbu taqrizda esa shu asarning tub mohiyatini, Tolstoyning hayot haqida chiqargan xulosalarini ochib berishga harakat qilaman.

Tolstoyning dindan qaytishi

Asar Tolstoyning bolaligi haqidagi xotiralaridan boshlangan. Tug‘ilganida olgan tarbiyasi bo‘yicha o‘zining pravoslav diniga sodiq bo‘lib umr kechirgan yillarini xotirlaydi. Dindan qaytishiga sabab qilib esa o‘sha payt aqlga miyyasida joy bo‘shatib, cho‘pchaklardan voz kechganini keltiradi. Yana shuni aytish joizki, uning dindan qaytishiga faqat yoshligida dinning mohiyati chuqur o‘rgatilmagani, anglatilmagani emas, balkim atrofidagi dindorlarning qiyofasi sabab bo‘lganini e'tirof etadi muallif. "Mobodo pravoslav dinidagi odam va unni inkor etuvchi kas o‘rtasida biron tafovut bo‘lsa, bu dindorning foydasiga emas'' deydi u. Ko‘plab: donolik, yaxshilik, to‘g‘riso‘zlik kabi ezgu xislatlar ham dindorlarda emas, dinsizlarda uchrashini aytadi. Anglashiladiki, har zamonda bo‘lgani kabi Tolstoyning dindan bezishida din emas, dindorlar ko‘proq rol o‘ynagan.Ruhoniylarning ko‘zbo‘yamachiligi ham uning e'tiqodi sustlashishiga o‘zining mash'um hissasini qo‘shgan. O‘sha davrni xotirlaganda yozuvchi diniy amallarni bajarib yashab ham dindan uzoqda qolib ketgan odamlarni ham eslab o‘tadi. Ularning kundalik hayotlarida din umuman rol o‘ynamas, ya'ni bozorda, ko‘chada, oila davrasida uning o‘rni yo‘qolib qolgan edi. Ana shu kabi manzaralar uning aqli yonida qisilib qolayotgan diniy e'tiqoddan voz kechishga undaydi.

Tolstoyning keyingi e'tiqodi

Keyinchalik, dindan voz kechgach Graf oilasining farovonligi va yozuvchilik e'tiqodi uchun yashay boshlaydi.Biroq ularni ham aql tarozisiga qo‘yar ekan ulardagi nomukammallikni anglamay qolmaydi.Masalan, yozuvchilik haqida fikr yuritib, kasbda yozilayotgan kitob nimanidir odamlarga o‘rgatishga da'vo qilishi, o‘zi esa hech narsani anglamagan holda bunday kasb bilan shug‘ullana olmasligini tushunib yetadi. "O‘zim nimaman-u yana odamlarga nima o‘rgataman?'' deydi u. O‘sha davrdagi ko‘p yozuvchilarning mutakabbirona qarashlaridan yuqtirib, bir qancha vaqt shu bilan ovungach, keyin bundan ham beziydi. Hammadan, Shekspirdan, Homerdan, Molerdan ham mashhurroq bo‘lsang nimaga erishasan?
- Hech narsaga.
Oila esa doim odamlardan iborat bo‘ladi. Har bir shaxs alohida odam. Oilaning bir a'zosi Tolstoyni qiynayotgan dardlarni payqasa, boshqasi o‘zining aziz boshiga buni ravo ko‘rmasligi mumkin(Tolstoyning oilaviy munosabatlari havas qilgulik bo‘lmagani ham yoddan chiqarilmasin). Shu tufayli bu ikki e'tiqod ham unga dosh bermaydi.

Hayot haqidagi o‘ylari

Dindan yuz o‘girgan odam sifatida hayotni tahlil qilar ekan, Tolstoy ochiq haqiqatga ko‘z yuma olmas edi. Ya'nikim, hayotda hech qanday ma'no yo‘qligi va uning absurdligiga. Odamlar tug‘iladilar, yeydilar, yuguradilar, yashaydilar va o‘ladilar. Hayot davom etaveradi. Tolstoy esa " Men yashab nima qilaman?'' savoliga javob izlaydi. Bunda o‘z fikrlaridan tashqari buyuk allomalar fikrini ham tadqiq etib chiqadi. Jumladan, Sulaymon payg‘ambar, Suqrot, Saka-Muni(Budda) va Shopengauerning hayot haqidagi qarashlari bilan tanishib chiqadi. Ularning qarashlari deyarli bir xil xulosa berardi. Suqrot: Hayot yovuzlikdan iborat. Undan qutulish esa ne'matdir desa, Budda odam o‘zini hayotdan judo qilishi kerak deb fikr beradi.Budda haqidagi hammaga tanish afsona ham asarda keltiriladi. Shopengauer ham aynan fikr aytadi. Sulaymon payg‘ambar ham dunyoni tahlil qiladi.''Ahmoq odam ham men bilan bir xil qismatga duchor ekan dono bo‘lib nima qilaman'' deydi u. Ya'nikim, dunyoda nimaiki bo‘lsa, bari ma'nosiz va behuda. Mashhur bo‘lib hammaga foyda keltirsangiz ham ahmoq odam bilan bir xil ko‘milasiz va uni ellik, sizni uzog‘i bilan ikki yuz yilda unutadilar. Shunday ekan hayotning lazzatlaridan bahramand bo‘lish lozim.
Keyin Tolstoy aniq va tabiiy fanlardan javob izlab ko‘rdi. Ular osmondan tashlangan jism necha soniyada yerga tushishi, odamda nechta suyak borligi, kulsa kechta tuki qimirlashi, oltin qanday paydo bo‘lishi kabi ajablanarli va aniq ma'lumotlar bersa ham asosiy "Men yashab nima qildim?" savolidan qochar ekan. Fanlar otasi falsafadan javob izlaganda falsafaning agar javobni topsang, menga ham ayt deb ko‘zini mo‘ltillatib turganini ko‘radi. Demak javoblar shunday bo‘ldi:
Men yashayotgan hayotning ma'nosi qanday?
-Hech qanday
Nega mavjudman?
-Mavjudliging uchun mavjudsan.
Shu o‘rinda Tolstoy Sharq masalini keltiradi. Masalda quduq devoridagi shoxga osilib qolgan odam tasvirlanib, quduq og‘zida arslon, pastda ajdar uni yeyishga shay. Ikki sichqon esa uning umrini ya'ni shoxni kemirmoqda. Odam esa qizig‘i shox bargidagi asalni yalash bilan band edi. O‘xshatishlarni tushundingiz, chamasi. O‘z fikrlarini fanlar va faylasuflar fikrlari bilan tasdiqlagach, dinsiz odam uchun to‘rtta yechim taklif qiladi:
1.Hayotning ma'nosizligini bilmaslik. Ya'ni ahmoqlarcha yashash. Asaldan ajdar og‘ziga tushib ketguncha yalash. Bu Tolstoyga to‘g‘ri kelmasdi. U hayot haqiqatini biladi. Buni bilmaydigan bo‘lib, xotirasidan chiqara olmaydi.
2.Epikurona chora. Ya'ni sizga, aqlli odamga qilingan eng badbaxt va ahmoqona hazil - hayot ekanligini anglaysiz.Ammo unga va ma'nosizligiga astoydil tupurib, asaldan yalayverasiz. Ya'ni baribir o‘lar ekansiz, mazza qilib asaldan totib qoling. Biroq buni ham Tolstoy o‘ziga ep ko‘rmaydi. U aytadi: Men har qanday tirik odam kabi bir marta ko‘zim tushgandan keyin ajdar ba sichqonlardan ko‘z uzolmayman. Ya'ni yo‘qlik qarshisida ko‘ngilga dunyo ko‘ngilxushligini sig‘dira olmas edim deydi u.
3.Bu chorani u kuch va quvvat chorasi deb ataydi. Unga ko‘ra hayotning bema'no ekanini anglasangiz, uni mahv etishingiz kerak. O‘z joningizga qasd qilib bu ahmoqona qilingan hazilga nuqta qo‘ying. Biroq bunga o‘zining jur'ati yetishmayotgan edi.
4.Oxirgi chora ojizlik chorasi. Bunda hammasini bilib, turib o‘zingizni o‘ldirishga botina olmay yana bema'ni hayotingizni davom ettiraverasiz.Tolstoy fikricha, uning o‘zi shu toifadan edi.
Shaxsiy fikr o‘rnida shuni aytsam bo‘ladiki, Tolstoy hayotdagi biron g‘oyaga umrini bag‘ishlashni ep ko‘rmagan. Siz boshqa odamsiz. Aytaylik, Turkiy birlik, Turonchilik, Adolat yoki Oila g‘oyalariga umringizni bag‘ishlab, namunali yashab o‘tsangiz ham ojizlik yo‘lini tanlagan bo‘lmaysiz. Har kim o‘z umrini nimaga bag‘ishlashni o‘zi tanlash huquqiga ega.

Tolstoyning dinga qaytishi

Shuncha xulosalardan keyin ham o‘zini o‘ldirolmagan Tolstoy o‘z qarashlarini bir necha bor boshidan tahlil qilib chiqadi. Va bir xil xulosaga keladi. Biroq bunda bitta noaniqlikni payqaydi. U shu hayotda tafakkuri borligi uchungina yashayapti. Ya'ni fikrlay olmasa, hayot ma'nosini anglay olmas edi. Bu g‘alati ziddiqoidaviylik uning shubhasini oshiradi. Bundan tashqari shu hayotdagi milliardlab boshqa odamlar hayot ma'nosini bilishini da'vo qilar edilar. Demak, yoki Shopengauer, Sulaymon payg‘ambar va Tolstoy juda ham aqlli va qolgan milliard odamlar tentak, yoki qayerdadir xatolik ketgan. Tolstoy bu haqida shunday deydi: Xudo, uning o‘g‘li muqaddas ruh, dunyoning olti kunda yaralgani, shaytonlar va farishtalar va men aqldan ozgunimcha qabul qila olmaydigan narsalar - nooqilona bilimlarni tan olgan xalq hayot ma'nosini biladi. Agar Xudo, yaxshilik, ezgulik tushunchalari mantiq tarozisiga qo‘yilsa, aql tanqidiga javob bera olmas edi. U yoqdan- bu yoqdan olib, gapni aylantirib yurib har neni inkor qilib yuborish mumkin. Biroq dinda uning hamma savollariga javob tayyor edi. Masalan: Men qanday yashamog‘im kerak?
Javob: Xudoning qonunlariga amal qilib.
Mening hayotimdan qanday chinakam bir narsa kelib chiqadi?
Javob: Cheksiz azob-uqubat yoki cheksiz rohat-farog‘at.
Hayotimda o‘lim mahv etolmaydigan qanday ma'no bor?
Javob: Haqning jamoliga erishish,cheksiz Xudo bilan birlashib ketish, jannat.
Bu savol javoblarda cheklangan aqlning cheksizlikka munosabati aks etgan edi. Ana shunda Tolstoyning avvalgi xatosi oydinlashadi. U cheklangan aql bilan cheklangan narsani inkor etishi mumkin, cheksizlikni emas. Agar jallod yoki piyanistadan hayot haqida so‘ralsa,ular ham hayot yovuzlik deyishlari turgan gap. Biroq buni ular o‘zlaridan kelib chiqib aytgan bo‘ladilar. Farzandining ilk qadamini kuzatayotgan ota yohud Gavvayida dam olayotgan milliarder hayotdan voz kechish haqida o‘ylamaydi. Hayoti rasvo odam, hayot rasvo degan xulosa beradi. Cheklangan aql bilan cheksizlikni tahlil qilish va inkor etish yosh bolachasiga soatning ichini ag‘dar-to‘ntar qilgach soat mukammal emas ekan, yurmayapti deyishdir deb xulosalaydi u. Keyin atrofdagi dindorlarga e'tibor berib, ulardan yana bir bor jirkanib ketadi. Ular o‘zlari qilayotgan ibodatga qarshi ish qiladigan riyokorlar edi. Tolstoy xalq orasiga qo‘shilib, ulardagi diniy e'tiqodni kuzatadi va ularni yoqtirib qoladi. Ularda xurofot yo‘q emas edi, biroq ma'noni ham inkor etib bo‘lmasdi. Keyin u pravoslav diniga qaytib, uning arkonlarini bajara boshlaydi.Buni tilanchi haqidagi hikoyat bilan izohlaydi.

Dindagi nayranglar

Yuqorida bir necha bor ta'kidlangandek, odamlarning riyokor va ikkiyuzlamachiligi uning g‘azabini keltirar edi. Yana cherkovning dinning eng asosiy g‘oyalariga qarshi chiqargan fatvolari: urushni, qatliomni oqlashi uning ko‘nglini sovutar edi. Imonni mukammal bilib, uning baridan tutgan odam uchun bu og‘riqli holdir.
Yana marosimlardagi ahmoqona xurofotlar ham uning ko‘nglini bezitib yuboradi.Dindagi bo‘linishlar: pravoslavlar, katoliklar, protestantlar yohud qadimchilar hammasi o‘zini haq, qolganlarini nohaq va adashgan deb uqtirardi. Tolstoy esa ular birlashishsa bo‘lmasmikan deb bunga hayron qolishini yozadi. Mana shunday nayranglardan shunday xulosaga keladiki, u sig‘inayotgan din ham mukammal emas. Ya'ni cherkovning davlat xizmatkori sifatida qilgan ishlari tufayli, ayrimlar manfaati uchun dinda noto‘g‘ri, haqiqatdan uzoq marosimlar, qoidalar, fatvolar, sektalar paydo bo‘lgan. Sig‘inish uchun esa yolg‘onlar va rostlarni ajratib olmoq shart edi.

Tolstoyning Xudoni anglagani

Asarning navbahor chog‘i edi deb boshlangan joyida muallif Xudo doim o‘zi bilan ekanligini, Xudo hayot ekanini anglab yetadi. Afsuski, Sharq adabiyotidan yaxshi xabardor bo‘lganida Rumiyning Ichingdagi ichingdadur naqli yoki Mansur Hallojning ''Analhaq'' nidosi uning aziz boshini shuncha qiynalishdan saqlagan bo‘lar edi.

Xulosa qilib aytganda, asar mukammal yozilgan. Ko‘plab insonni qiynaydigan savollarga munosib javoblar mavjud.Muallifning o‘zini ayamay tahlil qilgani esa e'tirofga sazovordir.
Oxirgidagi Tolstoyning xulosa sifatida bergan tushi esa insonni yo‘qlikka, pastga qulab ketishdan saqlab turadigan tirgak dindir degam ma'noni anglatadi deb o‘yladim.

Bedorbaxt