2019-yil 1-iyundan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

by @huquqiy_axborot
2019-yil 1-iyundan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

1. 2019-yil 1-iyundan elektrotexnika sanoati tashkilotlariga:

  • rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlagan holda ishlab chiqarishda foydalanishga ruxsat berildi;
  • rangli metall parchalari va chiqindilarini topshirish prognoz koʻrsatkichlari belgilanmaydi.

2. 2019-yil 1-iyundan davlat xizmatlari markazlarida fuqarolar doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qatʼiy nazar davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil boʻyicha olishi mumkin. 

Davlat xizmatlarini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat koʻrsatuvchi organlarga murojaat etganda toʻlanadigan summadan 90 foiz miqdorida toʻlanadi.

Davlat xizmatlari koʻrsatuvchi davlat organlari va tashkilotlar davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻzlarining maʼlumotlar bazalariga va axborot tizimlariga elektron koʻrinishda kiritib boradilar.

3. 2019-yil 1-iyundan boshlab:

  • ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida ijro ishi qoʻzgʻatiladi (bundan avval 3 kun ichidaqoʻzgʻatilgan);
  • ijro harakatlari koʻpi bilan ikki marta kechiktirilishi mumkin;
  • ijro ishida tayinlangan mutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur.

4. 2019-yil 1-iyundan fuqarolar yigʻinlari xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman (shahar) kengashlari raislarining birinchi oʻrinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.

5. 2019-yil 1-iyundan “Navoiy” EIZ qatnashchilari va ularning oila aʼzolariga respublikadan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bilan, 3 yil amal qiladigan “investitsiya vizasi” beriladi.

6. 2019-yil 1-iyundan yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, uning hududiy boʻlim va boʻlinmalari xodimlari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,7 baravar koʻpaytirilgan miqdorda qoʻllaniladi.

7. 2019-yil 1-iyundan qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan bank kreditlari foiz xarajatlarining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq kreditlar boʻyicha 5 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan qismida qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar qoʻllab-quvvatlanadi.

May 31, 2019
by @huquqiy_axborot