Ishchi kasblari boʻyicha dastlabki milliy chempionat oʻtkaziladi

by @huquqiy_axborot
Ishchi kasblari boʻyicha dastlabki milliy chempionat oʻtkaziladi

Mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan malakali kadrlarni kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi (2019-yil 13-may, 394-son).

Qarorga muvofiq, Kasbiy malaka, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimi joriy etildi. Ushbu tizim quyidagilarni nazarda tutadi:

  • kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun, shuningdek, mehnat bozoridagi real ehtiyojni hisobga olgan holda, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oʻrta boʻgʻin mutaxassislar va ishchi kasblar boʻyicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
  • kasbga oʻqitish nodavlat markazlarida band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni kasbga oʻqitishni tashkil etish;
  • belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan bilim va koʻnikmalarni baholash nodavlat markazlari faoliyatini tashkil etish.

2019–2020 oʻquv yilidan boshlab, kasb-hunar kollejlarida yirik korxonalar va klasterlar uchun talab yuqori boʻlgan oʻrta boʻgʻin mutaxassislar va ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni davlat-xususiy sheriklik asosida tayyorlash tartibi eksperiment sifatida joriy qilinadi.

Bu boʻyicha ishchi guruh tuzilib, uning asosiy vazifalari belgilandi.

Kasb-hunar kollejlarida oʻrta boʻgʻin mutaxassislarni tayyorlash – ikki yilgacha, ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni tayyorlash – toʻqqiz oygacha boʻlgan muddatni tashkil etadi.

Yirik korxonalar va klasterlarga biriktirilgan kasb-hunar kollejlarida oʻqishni bitirgach, davlat namunasidagi diplom yoki boshqa rasmiy hujjatberiladi.

Qaror bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Kasbiy malakalarni rivojlantirish respublika kengashi, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari huzurida kasbiy bilim hamda koʻnikmalarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashlari tashkil etildi.

Toshkent shahri Yashnobod tumanida eksperiment tarzida tashkil etilayotgan band boʻlmagan aholiga xizmatlar koʻrsatish boʻyicha “Ishga marhamat” monomarkazi negizida “WorldSkills” metodologiyasiga muvofiq kasbiy bilim va koʻnikmalarni baholash tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2019–2021 yillarda ishchi kasblarni yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shunga koʻra, 2019 yil noyabr-dekabr oyida ishchi kasblari boʻyicha dastlabki milliy chempionat oʻtkazilishi belgilangan.

May 15, 2019
by @huquqiy_axborot