Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil etildi

by @huquqiy_axborot
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil etildi

Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tashkil etildi.

Qabulxonalar faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri tadbirkorlarni hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni oʻtkazishdir.

Farmonga muvofiq, qabulxonalarda tadbirkorlarni, chet ellik investorlarni qabul qilish har kuni amalga oshiriladi.

Bosh vazir murojaatlari vakolatli organlar tomonidan hal etilmagan tadbirkorlarni, shu jumladan, chet ellik investorlarni doimiy asosda shaxsan qabul qiladi.

Qabulxonalarda mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) yuzasidan berilgan murojaatlar koʻrib chiqiladi.

Qabulxonalar sektorlar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashi majlislarida muhokama qilish uchun kiritadilar.

Farmon bilan hisobot tizimi amaliyotga joriy etiladi. Unga koʻra:

  • qabulxonalar faoliyati natijalari har chorakda Bosh vazir raisligida alohida yigʻilishlarda, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali koʻrib chiqiladi;
  • Hukumat tarkibidagi qabulxonalar boʻyicha kotibiyat Bosh vazirgaqabulxonalarga kelib tushgan murojaatlarning koʻrilishi jarayoni haqida har haftada axborot kiritadi.

Qarorga muvofiq “business.gov.uz” yagona interaktiv portali ishlab chiqiladi.

Portalda tadbirkorlar tomonidan hududlar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa parametrlar kesimida muammo kelib chiqqan aniq biznes-jarayonni aks ettiruvchi murojaat qilinish imkoniyatiga ega boʻladi.

Portal orqali ariza beruvchi oʻzining shaxsiy kabineti orqali murojaatning koʻrib chiqilishi jarayonini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.

May 15, 2019
by @huquqiy_axborot