Maktablarda remont uchun pul yigʻilishi toʻgʻrimi?

Farzandi maktabga boradigan har qanday ota-onaga turli pul yigʻimlari masalasi juda yaxshi tanish. Sinf fondi, maktab fondi, taʼmirlash, obuna, metallolom va hokazo uchun bir yilda ancha-muncha summa berib qoʻyiladi. Hech bir mezonlarda koʻrsatilmagan va hech qayerda qayd qilinmaydigan ushbu mablagʻlarni ota-onalardan talab qilish qonuniymi? Shunday sharoitda fuqarolar qanday yoʻl tutishlari kerak?

Savol: Maktab oʻquvchilar va oʻqituvchilardan taʼmirlash uchun pul talab qilishga haqlimi? Maktabda 1200 nafar oʻquvchi oʻqiydi, 25 ta oʻqituvchi dars beradi. Oʻquvchilardan 15 000 soʻm, oʻqituvchilardan 10 000 soʻmdan mablagʻ yigʻib olinyapti. Yana ota-onalarning ayrimlari koʻngilli ravishda homiylik yordami sifatida qurilish mollari ham keltirib beryaptilar. Bu yigʻilgan pullar maktabning hisob raqamiga oʻtkaziladimi yoki maktab rahbarlarinng choʻntagiga borib tushadimi? 

Maktablar va boshqa taʼlim muassasalari tomonidan taʼmirlash uchun oʻquvchi va oʻqituvchilardan pul yigʻilishi noqonuniy hisoblanadi.

Konstitutsiyaning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi va bepul umumiy taʼlim davlat tomonidan kafolatlanishi belgilangan.

Ayrim ota-onalar bu pulni ogʻrinmay bersa-da, koʻpchilikda norozilik tugʻiladi. Lekin atrofdagilarning bosimi va farzandiga oʻqituvchining munosabati oʻzgarmasmikan degan oʻy bilan ota-onalar ushbu asossiz toʻlovlarga rozi boʻladi.

“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunda jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, eʼtiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, Oʻzbekiston hududida qancha vaqt yashayotganidan qatʼi nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan.

Aslida maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan pul mablagʻlari ajratiladi. Prezidentning 2018-yil 5-sentyabrdagi qaroriga muvofiq Xalq taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilgan.

Mazkur jamgʻarmaning asosiy vazifalaridan biri umumtaʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shu jumladan zarurat boʻlganda oʻquv korpuslarini oʻquv ustaxonalari va laboratoriyalar tashkil etgan holda kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish hisoblanadi.

Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida nizomga muvofiq, maktablar faoliyatini moliyalashtirish tegishli xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.

“Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisida”gi 1998-yil 13-mayda qabul qilingan Hukumat qaroriga muvofiq Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 avgustga qadar maktablar moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, oʻquvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini taʼminlashi zarur.

Shunday ekan, ajratilgan mablagʻlarning oʻz manziliga toʻliq yetib borishida nafaqat davlat nazorat organlari, balki jamoatchilik, xususan, ota-onalarning ham hushyorligi va masalaga masʼuliyat bilan yondashuvi talab etiladi. Pul soʻralganda asos talab qilish, ajratilayotgan mablagʻlar qayerga ketayotgani bilan qiziqish, zarur oʻrinlarda tegishli organlarga murojaat qilish orqali ota-onalar jamoasi mazkur maishiy korrupsiyaga qarshi qonuniy yoʻl bilan kurashishlari va ushbu illatga uzil-kesil barham berilishiga hissa qoʻshishlari mumkin.