Toshkent viloyati ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarish tizimi joriy etiladi

by @huquqiy_axborot
Toshkent viloyati ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarish tizimi joriy etiladi

Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi (PQ–4343, 29.05.2019-y.)

Qarorga muvofiq, 2019-yil 20-iyundan boshlab Toshkent viloyati ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarish tizimi eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Qaror bilan, Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Ichki ishlar bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.

Mintaqalar ichki ishlar organlari faoliyatini kundalik nazorat qilish va muvofiqlashtirishni tashkil etish Bosh boshqarma boshligʻining vakillari tomonidan amalga oshiriladi.

Shunga koʻra, mintaqaviy hududlar rahbarlarining faoliyatini taʼminlash uchun shtab sifatida mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari tashkil etiladi.

Bosh boshqarma boshligʻi va mintaqaviy hududlar rahbarlari tomonidan joylarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi muammolar, shuningdek ushbu faoliyatning samaradorligini oshirish boʻyicha taqdim etiladigan takliflar Toshkent viloyati hokimi tomonidan har oyda koʻrib chiqiladi.

Bosh boshqarma har chorakda faoliyatining samaradorligini reyting tizimida baholaydi. Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari esa kriminogen vaziyatning tahlili asosida har chorakda batafsil “yoʻl xarita”larini ishlab chiqadi.

Qarorga muvoviq, 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarining serjantlar tarkibi lavozimiga ushbu boʻlinmalarning oliy maʼlumotga ega boʻlmagan amaldagi xodimlari oʻrniga 2021-yil 1-dekabrgacha bosqichma-bosqich tayinlashni nazarda tutgan holda faqat oliy maʼlumotga ega yoki sirtqi shaklda oʻqiyotgan shaxslar bilan jamlanadi.

Qaror bilan boshqaruvda katta amaliy ish tajribasiga hamda sohada obroʻ va hurmatga ega boʻlgan ichki ishlar organlarining pensionerlari orasidan jamoatchilik asosida jamlanadigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ishchi ishlar bosh boshqarmalari boshliqlarining maslahatchilari lavozimi kiritildi hamda ularga toʻlanayotgan pensiyasining 50 foizi miqdorida oylik ustama haqbelgilandi.

2019-yil 1-dekabrgacha Bosh boshqarma faoliyatida sodir etilgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarni qabul qilish va roʻyxatga olishning “102” avtomatlashtirilgan maʼlumotlar tizimi joriy etiladi.

2022-yil 1-yanvargacha mintaqalar hududlarida toʻliq moto- va avtopatrullik qilishga oʻtish maqsadida Toshkent viloyati ichki ishlar organlari patrul-post xizmati skuter va yengil transport vositalari bilan taʼminlanadi.

May 30, 2019
by @huquqiy_axborot