Mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi

by @huquqiy_axborot
Mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi

Oʻzbekiston Respublikasida mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida Hukumat qarori qabul qilindi (2019-yil 27-may, 435-son).

Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda xalqaro standartlar talablariga asoslangan mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy etiladi.

Mahsulotlarni ekologik markirovkalash akkreditatsiyadan oʻtkazilgan ekologik markirovkalash organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish, foydalanish, isteʼmol qilish, tashish, saqlash va utilizatsiya qilishda atrof-muhitga, aholi sogʻligʻiga va biologik resurslarga eng kam zararli taʼsir koʻrsatadigan mahsulotlar ekologik markirovkalash obyekti hisoblanadi.

Ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash toʻgʻrisida sertifikat olingandan keyin oʻz mahsulotlarini ixtiyoriy asosda ekologik xavfsizlik belgisi bilan markirovkalaydilar.

Sertifikat mavjud boʻlmagan taqdirda mahsulot nomida, oʻramida, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarda va mahsulotni reklama qilishda “eko” va “eko” soʻzlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Dori vositalari, veterinariya preparatlari, tibbiy buyumlar, tarkibida zaharli, mutagen, kanserogen, atrof-muhit uchun xavfli deb tasniflangan moddalar, preparatlar va aralashmalar mavjud boʻlgan tovarlar ixtiyoriy ekologik markirovkalanmaydi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash sohasida ishlarni tashkil etish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.

Qaror bilan Oʻzbekistonda mahsulotlarni ixtiyoriy markirovkalash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

May 29, 2019
by @huquqiy_axborot