Davlat xizmatchilarining daromadlari deklaratsiya qilinadi

by @huquqiy_axborot
Davlat xizmatchilarining daromadlari deklaratsiya qilinadi

Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi;
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasining yangilangan tarkibi.

Davlat dasturining har bir bandi boʻyicha maqsadlarga erishishda samaradorlik indikatorlari ishlab chiqiladi.

Shuningdek, hududlarda ham xalq deputatlari Kengashlari tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari tashkil etilib, ular joylarda ushbu sohadagi ishlarning holatini kompleks oʻrganib boradi.

Farmonga asosan 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab, yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy taʼlim berish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, tatbiq etiladi.

Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarida korrupsiyaga qarshi mavzular yanada kuchaytiriladi.

2019-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy taʼlim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshiriladi, 2020-yil 1-apreldan boshlab esa loyiha boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Prezident Farmoniga koʻra, tegishli sohada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga imkon yaratayotgan sabablar va shart-sharoitlarni tag-tomiri bilan yoʻqotish davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining birinchi darajadagi muhim vazifasi hisoblanadi.

2019-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari zimmaga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan korrupsiya xavf-xatarlarini majburiy baholab boradi.

Bunda davlat organlari:

  • korrupsiya xavf-xatariga eng koʻp duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ularning funksiyalari (vakolatlari)ning roʻyxatini shakllantiradi;
  • idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har choraklik monitoringini amalga oshiradi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralarini koʻradi.

Muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

May 29, 2019
by @huquqiy_axborot