Buxoro tuman FVBda “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi O‘RQ-931-sonli Qonunining mazmun-mohiyati to'g'risida huquqiy targ'ibot tadbiri bo'lib o'tdi.
Bugun Buxoro tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman Favqulotda vaziyatlar bo‘limi(FVB)da O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi 2024-yil 5-iyuldagi Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda adliya bo‘lim boshlig‘i U.To‘xtayev FVB shaxsiy tarkibi jamoasiga qonunning ahamiyatli jihatlarini amaliy misollar bilan tushuntirib berdi. Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat ekanligi aytib o‘tildi.
Ushbu Qonun quyidagilar uchun amal qiladi:
• davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga;
• ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi ekanligi tushuntirildi.
Manfaatlar to‘qnashuviga oid hollarni hal qilish uchun Qonun bilan quyidagi choralarni ko‘rish nazarda tutilgan:
• o‘ziga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita bo‘ysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazish;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda o‘zini o‘zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan axborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash;
• davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish va boshqa choralvr ko‘rilishi belgilanganligi tushuntirib o‘tildi.
Tadbir yakunida tuman FVB shaxsiy tarkibi jamoasi xodimlari tomonidan berilgan huquqiy mavzudagi savollarga U.To‘xtayev tomonidan javoblar berildi.