Ismoilov Zuhriddin Fahriddin o'g'li
@ismoilov_aktsim_111-18
Kofirlar qo'rqib, Mo'minlar sevib itoat qiladilar...... Hilol_group
0 Followers
1 post

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI

AMIR TEMUR siymosi

O’zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti, Buyuk davlat arbobi Islom Abdug’aniyevich Karimovning qat'iyligi hamda Allohning inoyati bilan o'z mustaqilligimizga, tarixiy adolatni tiklashga erishdik. Bu bilan buyuk ajdodlarimizning nomlari va boy meroslarini tiklashga ham erishildi. Xalqimizning milliy g'ururi timsoli sifatida buyuk bobomiz Amir Temur o'zining mardligi va donoligi bilan alohida o'rin egallaydi. Bobomizdan qolgan ulug' me'rosni anglash bilan biz o'zligimizni, qanday buyuk zotlarning avlodlari ekanligimizni, va eng asosiysi mana shunday zotlarga loyiq bolish qatorida oldimizda turgan mashaqqatli yo'lni anglaganday bo'lamiz deb o'ylayman. Balki o'zim ham Yakkabog'lik bo'lganim uchun, yoshligimdan ota-onamdan mardlik, donolik, adolatparvarlik kabi tushunchalarni Amir Temur misolida eshitganim ham, u zotga nisbatan hurmat-e'tiborimni oshirgan bo'lsa ajabmas. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur o'zining oqilona siyosiy strategiyasi, qonun ustuvorligi, urf-odatlarga hurmat va ulug' maqsadi asosida Movarounnaxrda kuchli markazlashgan davlat qurishga muvaffaq bo'ldi. Bundan ko'rinib turibdi, demak har qanday inson bu hayotda eng muhimi pok aqiyda, ezgu niyat va albatta faqat o'zinigina emas kerak bo'lsa xalq ertasini o'ylab tinim bilmay yashaydigan bo'lsa Allohning o'zi uni ko'klarga ko'tarib qo'yarkan. Kuch hokimiyatda emas, balki adolatda deya ulug' bobokalonimizning ishonch bilan aytgan va davlat shiori sifatida ulug'lagan ushbu so'zlari O'ylaymanki, bugungi kunda biz yoshlar, u zotning vorislari hayotimizning ustuvor ma'naviy va axloqiy me'zoni sifatida ko'rishimiz shart. Nima deganda hozir ko'pgina yoshlarning hayotga yengil qarashiga, imon-e'tiqod, ota-ona, xalq oldidagi mas'uliyat hissining yetishmasligida buyuk bobomiz Amir Temurni chuqurroq o'rganmaganligidan dalolat bo'lsa kerak. Mening u kishidan o'rnak olishga undaydigan eng katta sabablardan yana biri bobomizning o'z hayot yo'llarida pok aqida va musaffo Islomga intilib yashaganlaridir. Bu hayotda odamzot albatta o'qishi, o'rganishi, balkim biznes yoki bo'lmasa qanaqadir maqsadi yo'lida nimalargadir erishishi kerakdir lekin, yashashdan maqsad faqatgina bu dunyo matohidan iborat bo'lmasligi kerak. Amir Temur bobomiz bizga shunday nozik masalalarda yordamga keladi. Men o'zlikni anglash deganda ham aynan shuni tushunaman. O'zligini, nima uchun yashayotganligini tushunib yetgan odam eng baxtli odamdir. Nima deganda agar inson bu dunyoning haqiqatini anglab yetsa endi u boshqacha yashay boshlaydi, atrof-muhitga teranroq nazar soladi, xalqi oldidagi mas'uliyatini yanada chuqurroq anglay boshlaydi, bir paytlar mushkul bo'lib ko'ringan ishlar aslida o'tkinchi ekanligini, bu ham bir sinov ekanligini tushunadi. Temur tuzuklarini o'qigan odam bu g'oyalarni yaqqol anglab yetadi. Ushbu kitobda shunday jumlalar keladi : “Davlat ishlarining to’qqiz ulushini Kengash, Tadbir va Mashvorat, qolgan bir ulushini esa qilich bilan hal qildim”. Bu bilan ulug' bobokalonimizning har qanday vaziyatda ham o'ta vazminlik bilan, aqlni ishlatgan holda, eng muhimi tinchlik yo'li bilan davlatni boshqarganliklari ma'lum bo'ladi. Bu esa hozirgi davr sharoitidagi ayniqsa pandemiya davridagi eng to'g'ri siyosat bo'lardi. Fikrimcha aslida mana shu jumlaning o'zi ham ushbu kitob, ushbu qo'llanma hozirgi tezlik bilan o'zgarib borayotgan bir davrda har qanday inson uchun naqadar muhimligini tushunish qiyin emas. Shuning uchun birinchi prezidentimiz aytganlaridek Amir Temurni anglash o'zlikni anglash deganidir. Buyuk bobokalonimiz timsolida O'zligini anglagan odam, bizning mard, saxovatli, sof fikrli va mehnatsevar xalqimiz o'z kuch va g'ayratini kelajagi buyuk davlat qurish uchun jalb qiladi albatta.