April 4, 2020

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI

AMIR TEMUR siymosi

Buyuk davlat va siyosat arbobi

  • O'rta asrlarda Islom Sharqidagi eng katta harbiy imperiyalardan biri bu Temuriylar imperiyasi edi.
  • Amir Temurga bag’ishlangan mingdan ortiq asarlar mavjudligining o’zigina buyuk ajdodimizning naqadar ma’naviyatli siyosatchi shaxs ekanligidan dalolat.
  • Sohibqiron Amir Temur va temuriylar hukmronligi O'zbekiston tarixining eng shonli va qudratli davri ekanligi shubhasiz. Ushbu davr madaniyati insoniyat sivilizatsiyasining eng yorqin sahifalarini tashkil etadi. Bu davr Temuriylar uyg'onish sifatida ulug'lagan fan, arxitektura, tasviriy va amaliy san'at, adabiyot, musiqa eng yuqori rivojlanish darajasiga chiqdi. Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga oid qo’lyozmalar Evropa davlatlarining ko'p tillarida nashr etilgan (Fransiya, Buyuk Britaniya, Espaniya, Turkiya shular qatorida)."Ming afsuski, biz boshimizdan o’tkazgan mustabid tuzumi tufayli shunday bir ahvolga tushib qolgan edikki, ulug’ ajdodimizning tarixi va faoliyatini, bashariyat rivojiga qo’shgan hissasini bugungi kunda xorijda, ya’ni, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Turkiya vas shu kabi ko’plab mamlakatlar bizning o’zimizdan ko’ra ko’proq bilishadi.( Islom Karimov )" Temuriylar davri bilan bog'liq tadqiqotlar yevropa mamlakatlari sharqshunoslarining ilmiy tadqiqotlarida muhim o'rin tutadi. Fransiyada Temuriylar davri haqida "Zafarnoma", "Matla us-sa'dayn va majma ul-baxrain", "Boburnoma" va boshqa asarlarning nashr etilishi buyuk ajdodlarimizga bo'lgan hurmatning yorqin amaliy ifodasidir.

Ulug' me'ros

O'zlikni anglash

O’zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti, Buyuk davlat arbobi Islom Abdug’aniyevich Karimovning qat'iyligi hamda Allohning inoyati bilan o'z mustaqilligimizga, tarixiy adolatni tiklashga erishdik. Bu bilan buyuk ajdodlarimizning nomlari va boy meroslarini tiklashga ham erishildi. Xalqimizning milliy g'ururi timsoli sifatida buyuk bobomiz Amir Temur o'zining mardligi va donoligi bilan alohida o'rin egallaydi. Bobomizdan qolgan ulug' me'rosni anglash bilan biz o'zligimizni, qanday buyuk zotlarning avlodlari ekanligimizni, va eng asosiysi mana shunday zotlarga loyiq bolish qatorida oldimizda turgan mashaqqatli yo'lni anglaganday bo'lamiz deb o'ylayman. Balki o'zim ham Yakkabog'lik bo'lganim uchun, yoshligimdan ota-onamdan mardlik, donolik, adolatparvarlik kabi tushunchalarni Amir Temur misolida eshitganim ham, u zotga nisbatan hurmat-e'tiborimni oshirgan bo'lsa ajabmas. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur o'zining oqilona siyosiy strategiyasi, qonun ustuvorligi, urf-odatlarga hurmat va ulug' maqsadi asosida Movarounnaxrda kuchli markazlashgan davlat qurishga muvaffaq bo'ldi. Bundan ko'rinib turibdi, demak har qanday inson bu hayotda eng muhimi pok aqiyda, ezgu niyat va albatta faqat o'zinigina emas kerak bo'lsa xalq ertasini o'ylab tinim bilmay yashaydigan bo'lsa Allohning o'zi uni ko'klarga ko'tarib qo'yarkan. Kuch hokimiyatda emas, balki adolatda deya ulug' bobokalonimizning ishonch bilan aytgan va davlat shiori sifatida ulug'lagan ushbu so'zlari O'ylaymanki, bugungi kunda biz yoshlar, u zotning vorislari hayotimizning ustuvor ma'naviy va axloqiy me'zoni sifatida ko'rishimiz shart. Nima deganda hozir ko'pgina yoshlarning hayotga yengil qarashiga, imon-e'tiqod, ota-ona, xalq oldidagi mas'uliyat hissining yetishmasligida buyuk bobomiz Amir Temurni chuqurroq o'rganmaganligidan dalolat bo'lsa kerak. Mening u kishidan o'rnak olishga undaydigan eng katta sabablardan yana biri bobomizning o'z hayot yo'llarida pok aqida va musaffo Islomga intilib yashaganlaridir. Bu hayotda odamzot albatta o'qishi, o'rganishi, balkim biznes yoki bo'lmasa qanaqadir maqsadi yo'lida nimalargadir erishishi kerakdir lekin, yashashdan maqsad faqatgina bu dunyo matohidan iborat bo'lmasligi kerak. Amir Temur bobomiz bizga shunday nozik masalalarda yordamga keladi. Men o'zlikni anglash deganda ham aynan shuni tushunaman. O'zligini, nima uchun yashayotganligini tushunib yetgan odam eng baxtli odamdir. Nima deganda agar inson bu dunyoning haqiqatini anglab yetsa endi u boshqacha yashay boshlaydi, atrof-muhitga teranroq nazar soladi, xalqi oldidagi mas'uliyatini yanada chuqurroq anglay boshlaydi, bir paytlar mushkul bo'lib ko'ringan ishlar aslida o'tkinchi ekanligini, bu ham bir sinov ekanligini tushunadi. Temur tuzuklarini o'qigan odam bu g'oyalarni yaqqol anglab yetadi. Ushbu kitobda shunday jumlalar keladi : “Davlat ishlarining to’qqiz ulushini Kengash, Tadbir va Mashvorat, qolgan bir ulushini esa qilich bilan hal qildim”. Bu bilan ulug' bobokalonimizning har qanday vaziyatda ham o'ta vazminlik bilan, aqlni ishlatgan holda, eng muhimi tinchlik yo'li bilan davlatni boshqarganliklari ma'lum bo'ladi. Bu esa hozirgi davr sharoitidagi ayniqsa pandemiya davridagi eng to'g'ri siyosat bo'lardi. Fikrimcha aslida mana shu jumlaning o'zi ham ushbu kitob, ushbu qo'llanma hozirgi tezlik bilan o'zgarib borayotgan bir davrda har qanday inson uchun naqadar muhimligini tushunish qiyin emas. Shuning uchun birinchi prezidentimiz aytganlaridek Amir Temurni anglash o'zlikni anglash deganidir. Buyuk bobokalonimiz timsolida O'zligini anglagan odam, bizning mard, saxovatli, sof fikrli va mehnatsevar xalqimiz o'z kuch va g'ayratini kelajagi buyuk davlat qurish uchun jalb qiladi albatta.

Komil inson

Bobomiz tuzuklarida shunday deydi: -"Yana mening tajribamdan o’tmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi ortida yashirin bo’lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan tadbir-u kengash istab fikrlarni bilmoq lozimdur”. U kishining bu gaplaridan naqadar komil insonliklari yaqqol ko'rinib turadi. Ya'ni ishning qanday yakunlanishini taqdirdan deb shunga rozi bo'lish hissi insonning hamma vaqtda Yaratganga bog'lanib turishini anglatadi. Lekin shunday bo'lsa ham aqli raso va hushyor kishilardan tadbir-u kengash istab fikrlarni bilmoq lozimdur deyilishidan maqsad, o'sha ishni amalga oshirishdagi sababni qilishdir. Ya'ni inson o'z oldiga bir maqsadni qo'yadi lekin, hammasi Yaratgandan deb maqsadiga yetishish uchun sabablarni qilmasa, kerak bo'ladigan ilm o'rganmasa va bor kuch g'ayrati bilan shunga intilmasa, maqsadiga erisha olmasligi tabiiy. Bu yerda ulug' ajdodimiz, inson maqsadni oldiga qo'ydimi, shunga olib boradigan nima to'g'ri yo'l bo'lsa qo'lidan kelganicha harakat qilgandan keyingina uyog'iga taqdirga tavakkal qilishni o'rgatmoqdalar. Shu satrlardan ko'rinib turadiki bu qo'lyozma hozirgi paytda har qanday inson o'qishi va tushunib unga amal qilishi kerakligidan dalolat bo'lsa kerak.

Ma'lumki shu paytga qadar dunyo tarixida ko'plab sarkardalar o'tgan. Chingizxon, Boyazid Yeldirim shular jumlasidan. Lekin ularning ko'plari bilan Amir Temur o'rtasida katta farq bor deb o'ylayman. Misol uchun Chingizxon. U ham sarkarda, o'z davrining yengilmas jangchisidir, lekin shu bilan birga eng vahshiy va qonxo'r kishisi ham. Vatanini sevgani uchun balki boshqa yerlarni talon-taroj qilgan diyish mumkin, Lekin vatanni sevish bilan birga adolatparvarlik deb ataladigan oliyjanob tuyg'u unda bo'lganda biz uni hozir vahshiy yoki qonxo'r deb emas, balki bosib olgan joylarida bog'u-rog'lar barpo etgan, ulkan binolar qurdirgan adolatli sarkarda sifatida eslardik. Mana shuning uchun ham biz shunday buyuk Amir Temur siymosidan qancha faxrlansak shuncha arziydi albatta.

Amir Temur bobomiz orqali o'zim tushunib yetgan haqiqatlar bilan qisqacha bo'lsada o'rtoqlashganimdan xursandman. Aslida esa Amir Temur haqida yuqorida aytilganidek minglab asarlar chop etilgan. Eng muhimi shuki ushbu tanlov orqali vatanim, ota-onam va qolaversa jamiyatimiz oldida naqadar ulug'vor ishlar bizni kutayotganligini yana bir bor his qildim.

O'zligini anglab yetgan zot

Mana shunday ezgu ishlarda barcha o'zini Amir Temur avlodi deb hisoblaydigan yoshlarga, o'zimning do'st birodarlarimga ulkan zafarlar tilayman. ( chin ko'ngildan )

Ulug' o'tmishdan buyuk kelajak sari, O'zbekiston ///

@tatumatbuotxizmati hamda "BIZ KIM TEMUR AVLODLARI" Ko'rik tanlovi uchun tayyorlandi.

Ismoilov Zuhriddin Fahriddin o'g'li AKT sohasida iqtisodiyot va menejment fakulteti 111 - 18 guruh talabasi . Tel nomer: 99 357 31 59