⚡️O‘zbekiston hukumati asosiy tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ildamlamoqda
O‘zbekiston hukumati asosiy tarkibiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ildamlamoqda. Xususan, davlat korxonalarini xususiylashtirish va iqtisodiyotda raqobat muhitini rag‘batlantirish uchun imtiyozli kreditlash qisqartirilmoqda.
Bunda, “Fitch” kutilmalariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 2023-yilda 5,9 foizga yetishi va 2024-2025-yillarda o‘rtacha 5,7 foiz atrofida barqarorlashishi prognoz qilinmoqda
Shuningdek, 2023-2025-yillarda davlat qarzi (davlat tashqi kafolatlari bilan) YaIMning 37 foiz darajasida barqarorlashishi kutilmoqda. Davlat qarzi asosan imtiyozli shartlarda va uzoq muddatlarga jalb qilingani valyuta xatarlarini yumshatadi.
“Fitch”ga ko‘ra, mamlakat sof tashqi kreditor pozitsiyaga ega bo‘lib, 2023-yilning iyul holatiga xalqaro zaxiralarning joriy operatsiyalar hisobi to‘lovlarini qoplash darajasi 9,4 oyni tashkil qilgan.
“Fitch”ning ta'kidlashicha, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi va kutilmasi quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:
· YIM o‘sishi istiqbollari va makroiqtisodiy barqarorlikni oshiruvchi tarkibiy islohotlar izchil amalga oshirilganda;
· davlat qarzi barqarorligini yaxshilaydigan o‘rta muddatli fiskal konsolidatsiya amalga oshirilganda (fiskal defisitning kamayishi).
O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:
· tashqi moliyaviy ko‘rsatkichlar yomonlashganda, pul o‘tkazmalarining sezilarli kamayishi va tashqi savdo defisitining oshishi sababli xalqaro zaxiralar sezilarli darajada kamayganda;
· iqtisodiy o‘sish sur'atining davomiy sekinlashishi, davlat shartli majburiyatlarining davlat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining YIMga nisbati keskin oshganda yoki suveren fiskal buferlar kamayganda.