March 1, 2025

Be my destiny

Kuzning erta tongi...
Tashqarida kuzning mayin, biroq iliqligini yo‘qotib borayotgan shamoli esar, atrofda sarg‘aygan yaproqlar yer bag‘riga ohangrabodek tushib yotardi. Qishloq hali ham allaqachon uyg‘ongan, dehqonlar dalaga oshiqmoqda, kichkina bolalar esa hovlilarda yugurib o‘ynashardi. Tonggi shudring havo musaffoligiga qo‘shilib, butun qishloqqa xushbo‘y, toza hid taratayotgandi.

Cheon-sa esa hali ham choyshabga o‘ralib yotardi. Tong yorishgach, u zo‘rg‘a ko‘zlarini ochdi. Tashqarida qishloq aholisi allaqachon ishga tushgan bo‘lsa-da, u hali uyg‘onishga shoshilmasdi. Yonida esa uning doimiy hamrohi, kiyikcha — Penni xotirjam yotardi. Cheon-sa hafsalasizgina cho‘zilib, yuzini kaftlari bilan artdi va nihoyat o‘rnidan turdi.

U hovliga chiqib, sovuq suvda yuzini yuvdi, kaftlarini hovuchlab, yuziga surtdi. Penni unga ergashib, quvnoq sakrab yurardi. Keyin ikkalasi nonushta qilish uchun ichkariga qaytishdi. Cheon-sa shoshilmay nonushta qilib, so‘ng rasm chizish uchun stol yoniga o‘tirdi. U qog‘oz ustida sekin-asta chizgilar chizib borarkan, butun dunyoni unutganday, faqat tasvirlariga berilib ketdi...

Qirollik esa allaqachon hayotga kirishib bo‘lgan edi. Erta tongdan xizmatkorlar qirol va qirolicha uchun nonushta tayyorlash bilan band edi. Otxonada esa otlarning kishnashi eshitilib, xizmatkorlar ularga ozuqa berayotgan, ba’zilar esa allaqachon otlarni yurishga tayyorlab qo‘ygan edi.

Darius esa odatdagidan ham erta uyg‘ondi. U tun bo‘yi o‘sha bir joy – qishloqni o‘ylab chiqardi. To‘g‘rirog‘i, u yerdagi yagona inson — Cheon-sani. U nonushta qilishni ham xohlamadi, ortiqcha vaqtni behuda sarflashni istamay, to‘g‘ri otxonaga yo‘l oldi. U o‘zining sodiq otiga mindi-da, hech kimga lom-mim demay qishloq sari yo‘l oldi.

Qirol va qirolicha esa har doimgidek o‘z ishlari bilan band bo‘lib, Dariusning bu yurishlariga e’tibor ham qilishmasdi.

Qishloqqa yetib kelgach, Darius shundoq bir qarashda hamma narsani kuzatdi. Uning kelgani bir lahzada butun qishloqqa ovoza bo‘ldi, hamma darrov yig‘ilib, unga tazim qila boshladi. Unga qarab, odamlarning yuzida qo‘rquv aks etardi.

Darius bu qishloqda YOVUZ degan nom bilan tanilgandi. Haqiqatan ham, u shafqatsiz edi. Uning sovuq nigohlari, doimo muzdek yuzi hech qachon iliqlik ifodalamasdi. Unga hech kim yaqinlashishga jur’at etmasdi.

Faqatgina Cheon-sadan tashqari.

Darius qishloq bo‘ylab yurarkan, uning nigohlari faqat bitta odamni – Cheon-sani izlar edi. U hamma joyni ko‘zdan kechirdi, ammo qizni hech qaerdan topa olmadi. Aholi unga hurmat bilan tazim qilsa ham, Darius ularning hech biriga e’tibor bermas, faqat Cheon-sa haqida o‘ylardi.

U oxiri boshqa chorasi yo‘qligini anglab, Cheon-saning uyiga kirishga qaror qildi. Albatta, ochiqcha unga kelganini bildirishni istamasdi. Shu bois, u o‘zini xuddi qishloqni tekshirayotgandek tutdi va beparvolik bilan qizning hovlisiga qadam qo‘ydi.

Ichkariga kirishi bilan xonada iliq muhit hukmron ekanini sezdi. Quyosh nurlari derazadan tushib, xona ichini yoritar, havo esa bo‘yoq va qog‘ozning o‘ziga xos hidiga to‘lgandi.

U Cheon-sani xuddi mo‘yqalam sehrgari kabi ishga berilib ketgan holatda ko‘rdi. Qiz stolda o‘tirib, rasm chizayotgan edi. Uning yuzi va qo‘llariga mayda bo‘yoq tomchilari sachragan, lekin bu uni yanada maftunkor ko‘rsatardi. Sochlari malla rangda tovlanib, tartibsiz tepa qismiga yig‘ilgan edi. Qisqa soch tolalari bo‘lsa yuziga tushib turardi. Quyosh nurlari uni yanada o‘ziga xos husn bilan charog‘on qilgandi.

Darius qotib qoldi. Ko‘zlarini undan uzolmasdi.

U ko‘p narsani ko‘rgan, qirollikdagi eng shafqatsiz odam sifatida tanilgan, hatto yuragida hech qanday iliqlik qolmagan insondek tuyulardi. Ammo hozir... bu manzara oldida yuragi nimadir his qildi. Bu tuyg‘u unga begona, tushunarsiz edi.

Cheon-sa esa hali ham rasm chizishda davom etardi. U Dariusning kirganidan bexabar edi...

Darius uchun butun olam bir lahzada jim-jitlikka cho‘mdi. Go‘yo atrofdagi hayot butkul to‘xtagandi. Uning quloqlari qishloqning shovqin-suronini eshitmas, ko‘zlari esa boshqa hech narsani ilg‘amasdi. Borlig‘ini faqat Cheon-sa egallagandi.

U shunchaki tikildi.

Bu lahzaning go‘zalligini so‘z bilan tasvirlash mushkul edi. Cheon-sa beparvolik bilan qog‘oz ustida mo‘yqalamini harakatlantirar, atrof-muhitdan uzilib, faqat san’atga sho‘ng‘igan edi. Quyosh nurlarining mayin yog‘dusi uning yuziga tushib, to‘zg‘igan malla sochlarini yaltiratardi. Yonoqlaridagi mayda bo‘yoq dog‘lari unga beg‘ubor bolalarcha latofat bag‘ishlagan, ko‘zlarida esa butun bir olam mujassam edi.

Darius bu go‘zallikni ich-ichidan his qilib turardi. U garchi shafqatsiz, qattiqqo‘l va sovuq odam sifatida tanilgan bo‘lsa ham, hozir yuragida qandaydir iliq hislar jo‘sh urayotganini payqadi. Lekin bu nimani anglatishini o‘zi ham tushunolmasdi.

U mana shunday sokin holda unga qarab turganida, birdaniga bu sehrli muhit buzildi.

Kiyikcha Penni birdan Cheon-saning yonidan uzoqlashib, Darius tomon yugurdi. U mehmonni payqab, qiziqsinib yaqinlashgan edi. Dariusning nigohlari beixtiyor Penni tomon yo‘nalgach, Cheon-sa ham unga e’tibor qaratdi.

Cheon-sa bir zum ortiga o‘girildi... va to‘satdan Darius bilan ko‘zlari to‘qnash keldi.

U hayratdan ko‘zlarini keng ochdi.

Shundoq ro‘parasida baland bo‘yli, har doim sovuq va mukammal qiyofasi bilan tanilgan Darius turardi. Uning sharpasi quyosh nurlarini to‘sib, xona ichida yanada mahobatli ko‘rinish kasb etgandi. U doimgidek qotib, jiddiy nigoh bilan Cheon-saga tikilib turardi.

Cheon-sa biroz cho‘chib ketdi. Ammo bu tuyg‘uni sezdirmaslik uchun o‘zini qo‘lga oldi va unga savolomuz nigoh bilan yuzlandi.

Darius esa hali ham jim edi. U gapira olmas, shunchaki Cheon-saga qarashdan o‘zini to‘xtata olmasdi...