Qarshi davlat universitetida Akademik faoliyat va registrator boshqarmasi hamda kutubxona foydalanishga topshirildi
Bahor faslining ilk haftasi universitet jamoasi va talaba-yoshlari uchun o‘zgacha shodiyonaga aylandi. Sababi, oliygohda yangidan qad roslagan muhtasham Akademik faoliyat va registrator boshqarmasi (Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi) hamda qaytadan mukammal ta’mirlanib, to‘liq elektronlashtirilgan zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi. 2022 yilda oliygoh talabalaridan tashkil topgan jamoa ilk bor oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual olimpiadasining tarixiy sovrindorlari sifatida Prezident sovg‘asi - zamonaviy kutubxona tizimini qo‘lga kiritishgan edi. Ayni maqsadda universitet Axborot resurs markazi ichki mablag‘lar hisobidan to‘liq kapital ta’mirlandi hamda Prezident sovrini sifatida qabul qilib olingan zamonaviy avtomatlashtirilgan kutubxona jihozlari bilan to‘liq raqamlashtirildi.
Mavjud 100 o‘rinli o‘quv xonalari endilikda 200 o‘rinli o‘quv xonalariga oshirildi. Ma’nan eskirgan 60 dona kompyuterlar 100 dona zamonaviy kompyuterlar bilan almashtirilib, 2 ta kompyuter sinf xonalari tashkil etildi. Professor-o‘qituvchilar, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, magistr va bakalavrlar uchun uchun alohida xonada Web of Science, ProQuest, EBSCO va Znanium kabi xalqaro bazalardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Til o‘rganishni xohlagan foydalanuvchilar uchun 2 ta lingafon xonalari hozirlandi. E’tiborli jihati kutubxonada davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan universitetga biriktirilgan yondosh mahallalar yoshlari uchun Mahalla yoshlari kutubxonasi tashkil etildi.
RFID texnologiyalari asosidagi avtomatlashtirilgan ushbu kutubxonada viloyatda yagona bo‘lgan 2 dona ultrabinafsha nurli kitob sterilizatorlari joylashtirildi. Shuningdek, 2 dona 3D printerlar bilan jihozlanib, universitetda mavjud arxitektura, dizayn, matematika va kompyuter ilmlari yo‘nalishi talabalari uchun vizual modellashtirish va ushbu jarayonni kuzatish imkoniyatlari yaratildi. Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida shaxmat-shashka burchagi hamda 6 dona yumshoq mebellar to‘plamlari bilan jihozlandi.
Kitob saqlash uchun isitish va sovutish tizimlari ta’mirlanib mo‘tadil sharoitlar yaratildi. O‘tgan o‘quv yili davomida kutubxona fondi ham sezilarli tarzda o‘sdi. Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan o‘quv yilidagi kutubxona fondi 19132 nomda 355535 nusxadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 19400 nomda 362686 nusxa mavjud bo‘lib, 268 nomda 7151 nusxada yangi o‘quv adabiyot va darsliklar bilan boyitildi. Hozirda universitet kutubxonasidagi o‘rinlar soni avvalgiga nisbatan (ilgari 250 o‘rinli)150 o‘ringa oshirilib umumiy quvvati 400 o‘ringa yetkazildi hamda bir vaqtning o‘zida 400 dan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
Zamonaviy andozada va xalqaro talablar asosida bunyod etilgan Akademik faoliyat va registrator boshqarmasi (Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi) - talabalarning ortiqcha ovoragarchiligiga barham beradigan, ta’lim jarayoni bilan bog‘liq barcha savollariga javob topiladigan hamda sifatli xizmat ko‘rsatiladigan tuzilma hisoblanadi.
Boshqarma tarkibida Akademik faoliyatni boshqarish bo‘limi, Qabul jarayoni va talabalar registratsiyasi bo‘limi, Ma’lumotlar bazasi bo‘limi, Ta’limning kredit tizimini boshqarish bo‘limi, Karyera markazi, Talabalar bilan ishlash bo‘limlari faoliyat olib boradi. 30 nafar malakali xodimlar tomonidan talabalarga 60 turda va professor-o‘qituvchilarga esa 43 turda xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, boshqarmada “Xavfsiz hudud – xavfsiz talaba” tamoyili asosida oliygoh hududini 24 soat davomida kuzatish imkoniyatini beruvchi zamonaviy monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, “Qalqon” jamoatchilik guruhining navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan.