Arnold Bennett - Vasiyatnoma (hikoya)
Bu aka-ukalar Angliyaning Oldkesl shahrida istiqomat qilishardi. Jon 52, Robert 49 yoshda bo‘lsa-da, ular hanuzgacha bo‘ydoqlar safidaydi. Qizig‘i, tug‘ilgandan buyon birga yashab, birga ovqatlanishadi-yu, biroq necha yildirki, gaplashmaydilar…
Bunga 10 yil burun sodir bo‘lgan bir mojaro sabab. Shundan buyon ular bir og‘iz ham so‘zlashmadilar. Agar muloqotga kirishish zaruriyati tug‘ilib qolsa, faqat qog‘oz-qalam orqaligina buni amalga oshirardilar.
Bir kuni kechki ovqatdan so‘ng odatdagidek birga o‘tirishgandi. Ularning ikkalasi ham qora libosda edilar, boisi singillari Mari to‘satdan vafot etgandi. Jon qog‘oz oldi-da, yozdi: «Janob Liverseyj biznikiga tashrif buyurar ekan». Liverseyj ularning advokati edi. “Nega?” javob yozdi Robert. «Bilmayman. U qo‘ng‘iroq qildi va bizni ko‘rmoqchi ekanligini aytdi».
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Bu Pavel Liverseyj edi. U Jon va Pavel bilan ham maktabdosh, ham qalin do‘st, shuningdek, aka-uka singari u ham hali uylanmagandi.
- Qalaysan, Pavel? –so‘radi Jon.
- Juda yaxshi, -javob qaytardi advokat. –Men sizlarga singlingizning vasiyatnomasi haqida aytmoqchi edim. Bundan xabaringiz bordir?
- Yo‘q, -javob berishdi ular birdaniga. –U bizga biror nima qoldiribdimi?
- 12 ming yevro. Lekin avval vasiyatnomani o‘qishga imkon bersangiz…
Advokat yon cho‘ntagidan qog‘oz chiqardi va o‘qishni boshladi:
«Akalarim Jon va Robertga!
Sizlar o‘zingizni yosh boladek tutasizlar. Men haliyam Anni Emeri tufayli janjallashib qolganliklaring sababini tushunmayman. Sizlar bechora Anniga nisbatan beshafqatlik qildinglar. U 10 yildan buyon biringizni kutadi axir. Qisqasi, vasiyatim shuki, ikkingizdan qay biringiz Anniga uylansangiz, men pullarimni o‘shanga qoldiraman. Ikkingiz ham uylanmasangiz, u holda pullar Anniga qoladi.
Sevimli singlingiz Mari».
Aka-uka bu haqda bir necha kun o‘yladilar. 10 yil oldin Anni 27 yoshligida ikkalasi uni sevib qolgandilar. Shu tufayli ular ko‘p janjallashdi. Oxirgi dilxiralikdan so‘ng gaplashmay qo‘ydilar. Ammo ular bir-birini Anniga uylanish fikridan qaytganliklarini bilmasdilar…
Nihoyat, vasiyatnoma o‘qilgandan keyin 5-6 kun o‘tib Jon gap boshladi:
- Balki Anni uchun tanga tashlarmiz. Chikkami yo pukka?
Tanga chikkani ko‘rsatib tushdi. Ertasiga Jon Annining uyi tomon yo‘l oldi. U yetib borganda Liverseyj u yerdan chiqayotgan ekan…
Xullas, aka ham, uka ham Anniga uylanolmadi. Ular haliyam buydoqlar safida, ammo bir-biri bilan gaplashishadi. Anni-chi? U yaqinda Liverseyjga turmushga chiqdi va Mari qoldirgan pullar ularning qo‘lida qoldi.