October 19

OʻZBEK TILI - MEHR TILI 


Oʻzbek tiliga "Davlat tili" maqomi berilganligining 35 yilligi mamlakatimizning har bir goʻshasida keng miqyosda nishonlanmoqda. Shu jumladan, Buxoro davlat universiteti "Oʻzbek tilshunosligi va jurnalistika" kafedrasi professor-oʻqituvchilari M.Q.Abuzalova, D.N.Yoʻldosheva, L.B.Avliyoqulova hamda  Lingvistika: oʻzbek tili taʼlim yoʻnalishi birinchi bosqich talabalari joriy yilning 18-oktyabr sanasida shahrimizning "Joʻybori Kalon" madrasasi oʻquvchi-yoshlari tomonidan tashkil etilgan "Til-millat sarchashmasi" deb nomlangan moʻjazgina tadbirda ishtirok etdilar.

Tadbir milliy madhiyamizning baralla yangrashi bilan ochib berildi. Madrasada tahsil oluvchi oʻquvchi-yoshlar tomonidan tashkillashtirilgan bir-biridan ajoyib chiqishlar: til haqidagi maʼlumotlar, sheʼrlar, sahna koʻrinishlari tilimizning olis tarixidan tortib bugungi kundagi jozibasini bor boʻy-basti bilan koʻrsatib bergandek boʻldi.

Ushbu tadbir davomida f.f.d. professor M.Q.Abuzalova oʻzlarining samimiy, dilga yaqin, purmaʼno soʻzlari bilan tadbir fayziga yanada jon baxsh etgandek boʻldilar. Ustozning ona tilimiz haqida bildirgan ham qimmatli maʼlumotlari, ham soʻzning sehrli kuchi, uning inson tafakkuridagi oʻrni qanchalik ahamiyatli ekanligi hamda oʻzbek tiliga boʻlgan bugungi hurmat, eʼzoz haqida oʻzlarining tassurotlarga boy qimmatli xotiralarini davra ishtirokchilari bilan boʻlishdilar.

Yana bir ustozimiz f.f.n. professor D.N.Yoʻldosheva ham ushbu fikrlar davomi sifatida til, uning qimmati va inson hayotidagi oʻrni haqida oʻzlarining ajoyib fikrlarini bayon etdilar. Ustoz tilning inson hayotida tutgan oʻrni haqida fikr bildirar ekanlar, Said Ahmadning "Qorakoʻz majnun" hikoyasidan bir parcha keltirib, milliy tilning inson qadr-qimmatini belgilashda bevosita uning dini bilan bir maqomda ekanligiga ishora qildilar.

Tadbir soʻngida madrasa mutasaddilari tomonidan professor-oʻqituvchilar va tadbir ishtirokchilari esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.