SARDOR — 17 KARRA O‘ZBEKISTON, 2 KARRA OSIYO CHEMPIONI
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Navoiy olimpiya zaxiralari kollejining 2-bosqich talabasi bo‘lmish samarqandlik Sardor Xayrullayev endigina 19 yoshni qarshilaganiga qaramay, jahon musobaqalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishib ulgurgan.
Sardor 2021-yildan buyon respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan bir qator musobaqalarda munosib qatnashib, 17 karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u 2022-yil Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionati hamda 2023-yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida tengsiz deb topilib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasini zabt etgan.
Yana bir marotaba yurtimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘targan Sardor shu yili Italiya davlatida Jahon chempionatiga saralash musobaqasidagi murosasiz bellashuvlarda o‘z mahoratini namoyish etib, chempionat yo‘llanmasiga ega chiqdi. Yaqinda Xitoyning Shangyang shahrida tashkil etilgan Osiyo chempionatidagi U-23 yosh toifasidagi bahslarda kuchli uchlikka yakun yasab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Sardor yosh bo‘lishiga qaramay irodali sportchi, kamtar inson sifatida ustozlari va jamoadoshlarining hurmat va mehrini qozonib ulgurgan. Erishgan yutuqlari yanada katta marralar tomon yetaklayotgan qahramonimiz hozirda o‘z ustida yanada ko‘proq ishlab, kelgusida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga bel bog‘lagan. 2 karra Osiyo chempioni o‘z tengdoshlari va sportga endigina qadam qo‘yayotgan yoshlar kelajak poydevorini hozirdan qurishda bilim va tajriba orttirishdan aslo tolmasliklari, muntazam mehnat qilib, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishmaguncha ortga qaytmasliklari lozimligini ta’kidlaydi.