October 12

AYOL

Ayol fermerning yollanma ishchisi edi. Paxta, kartoshka, piyoz, kunjut o‘tog‘ida kunlik to‘lov evaziga mehnat qilar, oila shu pul bilangina kun ko‘rardi. Eri ishsiz.

Bu yil suv yaxshi bo‘lib, ishlayman deganga yumush mo‘l bo‘ldi. Shuning uchun ayol erta bahordan beri tinmas, dam bilmay ter to‘kardi. Ammo yoz tugamay, charchadi, holsizlandi, kuchi qaytdi. Mana, uch kunda o‘tab ulgursa bo‘ladigan piyozni hali ham tugatmadi. Avvallari shu maydoncha keladigan piyozzorni bemalol uch kunda begona o‘tlardan tozalab bo‘lardi. Bugun to‘rtinchi kun. Aslida bugun dam olmoqchi edi. Ammo ishni tugatishi kerak. Tugatishi shart!

Hali quyosh qishloqqa salom berib, o‘ynoqi teraklar mayin shabadaga tebranib shivirlamasdanoq, ayol o‘rnidan turib uydagi yumushlarini saranjomladi. Kir yuvdi, sigir sog‘di, sut pishirdi, nonushta va tushlik uchun nimalardir tayyorladi. Keyin eski kiyimlarini kiydi-yu, kovushini sudragancha dala tomon oshiqdi.

Ancha vaqt bosh ko‘tarmay ishladi. Ammo tushga borib ochqadi. Ko‘ngli aynib, holsizlandi. Quyosh hafsala bilan dalani qizitar, qilt etgan shamol yo‘q. Ayolning butun tanasi qora terga botib, nafas olishi qiyinlashdi. U faqat chanqaganda o‘rnidan turar, shundagina vujudiga shamol tegib, biroz yengil tortardi. Qotib, achishib og‘riyotgan belini mashq qildirgan bo‘lar, og‘riq tugamasa, qo‘lini musht qilib yengilgina urib qo‘yyardi. O‘rnidan turganida ko‘zoldi qorong‘ilashib, boshi aylandi. Yiqilib tushay dedi. Ro‘molini ariqdagi qandaydir qo‘lansa hid anqiyotgan suvga chayib, peshonasiga bosdi va biroz o‘ziga kelganday bo‘ldi.

Yangigina bug‘doy singari nishlab, begona o‘tlar bilan joy talashib o‘sayotgan piyozlar ham quyosh tig‘idan qo‘rqib, nozik boshlarini eggancha qilt etmay turar, ayol esa vaqtini behuda o‘tkazmaslikka intilardi. Piyozpoya keraksiz o‘tga to‘la. Begonasi shunchalik ko‘pki, qaysi biri o‘t, qaysisi piyoz ekanini tajribasiz ishchilar hadeganda bilolmasdi. Lekin bu narsa ayolga cho‘t emas.

Ayol qorayib, yorilib ketgan qo‘llari bilan har bir niholni avaylab, ortiqcha o‘tlardan tozalardi. Mayda ish ko‘p vaqtni talab qiladi. Fermer juvonga juda ishonar, vazifasini ko‘ngildagidek bajarishini bilib ortidan tekshirmasdi ham. Haq to‘lashda boshqalarga nisbatan unga biroz saxiylik qilardi.

Ayol ishni bitirganida hali kun botmagan, quyosh biroz ufqqa egilgan ko‘yi kuni bilan tig‘lariga chidagan juvon ko‘zlariga masxaraomuz boqib turardi. Ayol boshi aylanib, o‘tirib qoldi, keyin uzoq yo‘taldi. Ariqdan suv ichib, yuzini yuvgandagina o‘ziga keldi. Chuqur nafas oldi. Quyoshga termildi.

Fermerning ish boshqaruvchisidan kelishilgan pulni olar ekan, qimtinibgina rahmat aytib qo‘ydi. Har gal ish haqini olganda titrayotgani sezilib turadi. Halol mehnatning huzurbaxsh titrog‘i shu bo‘lsa kerak-da…

Fermerning keksa ish boshqaruvchisi esa, arzimagan pulga mamnun, kovushini sudragancha pildirab ketayotgan juvonning kundan kunga cho‘kib borayotgan qoqsuyak gavdasiga qarab achindi. Ichida kimnidir, nimanidir bo‘ralatib so‘kdi.

Ayol to‘g‘ri borib qishloqning tunuka bilan o‘ralgan do‘koniga kirdi. U yerda turli-tuman noz-ne’matlar ko‘zni yashnatib turar, ularga nigohi tushgan sayin qo‘lidagi pulini mahkamroq g‘ijimlab olardi.

— Kechirasiz, menga ikkita rangli suv va bir kilogramm guruch bering!

— Rangli suvning qaysisidan? – so‘radi bee’tibor sotuvchi.

— Farqi yo‘q.

— Mengayam farqi yo‘q, – dedi-yu shundoq qo‘l uzatar joydagi sap-sariq suvning birini olib uzatdi.

— Guruchning qimmatidan bo‘lsinmi, arzonidan?

— Qimmatidan… Suv ko‘taradigan bo‘lsin…

— Yaxshi…Yana?

— Yarim kilogramm shokolad ham bering…

— Qanaqasidan?

— Oddiysidan.

— Oddiysi ham qimmat-da, yanga.

— Mayli…

— Bugun ziyofat bo‘lyaptimi? – Ayol qo‘lidagi pulga qarab, uni battarroq siqdi. Yutindi.

— Bo‘ldimi?

— Yo‘q! – Ayol biroz o‘ylanib, dedi. – Haligi achchiq suvingizdan ham bering… anavi… oqidan…

— Nima, akamning mehmonlari bormi?

— Bering…

— Qimmat-da!

— Mayli…

— Shahrisabznikimi yo Toshkentniki?

— Farqi yo‘q…

— Pulingiz yetadimi?

— Yetadi.

Xijolat bo‘layotganini sezdirmaslik uchun u qo‘lidagi pulga qarab qo‘ydi. To‘rt kun ishlab topgan puli qop-qora qo‘llari orasida g‘ijimlanib turardi.

Sotuvchi hisoblay boshladi. Ayol bir yelimxaltaga joylangan narsalarga, bir qo‘llarida g‘ijimlanayotgan pulga qarab qo‘ydi. Olgan narsasini qaytarib berish fikri vujudini bir soniya tirnab o‘tdi. Yutindi, yo‘taldi, chuqur nafas oldi. Shu payt do‘kon ichiga qayerdandir shamol kirib, hamma joyni changitib yubordi. Ayolni qattiq yo‘tal tutdi. Sotuvchi esa bee’tibor:

— Mana shuncha pul bo‘larkan, yanga… – deya hisobni ko‘rsatdi.

— Nimaga indamaysiz? Pulingiz kammi?

— Yo‘q! Olaman!..

Ayol to‘rt kun quyosh tig‘ida qovrilib ishlab topgan pulining hammasini g‘ijimlangan holda stol ustiga qo‘ydi va yelimxaltasini ko‘tarib do‘kondan ketishga taraddudlandi. Sotuvchi ko‘zlarini katta-katta ochgancha pullarni tekislab, sanar ekan: “Hammasi to‘g‘ri ekan, yanga!” – deb qo‘ydi.

— Bugun qanday kun o‘zi? – dedi yana ayolning ortidan.

Ayol jim chiqib ketaverdi, sotuvchi yana javrashda davom etdi:

— Akamni ham ishlating-da… Quruqqa uyda yotqizib, semirtirib boqmasdan.

Ayol uyiga kelganida quyosh dalalar bag‘riga qizaribgina botardi. Erining endigina uyqudan turgani sezilib turar, ishkom ostidagi ariqqa oyog‘ini tiqib, shu suvga uzum yuvib yer edi. U xotinini ko‘rib og‘zini katta ochgancha esnadi. Ayol esa, ostonada eriga qarab biroz turdi. Ko‘ngli ag‘darildi. Er esa, bee’tibor ishkomdan yana uzum oldi-yu bu safar yuvmasdan og‘ziga soldi. Xotinining qo‘lidagi bozorliklarga nazar tashlab, kavshangancha:

— Nima ko‘tarib yuribsan? – dedi.

Ayol bosh eggancha yelimxaltani ko‘tarib oshxona tomon ketdi. Oshxonada tushlikdan bo‘shagan idish-tovoqlar yoyilib yotar, ustini pashsha talab, atrofida qovog‘ari g‘o‘ng‘illab uchardi. Ayolning burni achishdi, ko‘zlari og‘rib ketganday bo‘ldi. Chuqur uf tortgancha o‘tirib qoldi. Ro‘molini sidirib olganida juvonning sochlari orasidagi oq tolalari ham ufqning qizg‘ish nurlarida tovlanib ketdi.

Yig‘idan foyda yo‘q. O‘zidan boshqa bu ishlarni qiladigan ham yo‘q. Hademay bolalari keladi. Kiyimlarini ham almashtirmasdan ishga tushib ketdi. Yig‘ishtirdi, yuvdi, qozonga o‘t yoqib, yog‘ soldi. Buzoqchaning zorlanishiga rahmi kelib, oshning sabzisini solgach, sigirni ham sog‘ib oldi.

Bu orada o‘g‘illari ko‘chadan kelib qoldi. Kattasi o‘n ikki yoshda. Ammo u ham otasiga o‘xshab to‘lachadan kelgan, yalqov, gap olmas bola. Ikkinchisi sakkiz, uchinchisi to‘rt yoshda. Ayolning bor umidi o‘rtanchasidan. U mol boqar, o‘t yular, uy yumushlarida ham onasiga yordam berardi. Bugun ham shunday bo‘ldi.

Baribir osh pishguncha kech bo‘lib qoldi. Ayol bu orada uy ichi-yu tashqarisini saranjom-sarishta qilgan, supaga suv sepib supurishga ham ulgurgandi. Atrofni nam tuproq va rayhonning nafis ifori tutib ketgandi. O‘g‘illar supada osh suzilishiga intiq bo‘lib o‘tirishardi. Er esa qornini qashlagancha kim bilandir telefonda gaplashar, har zamonda qattiq kekirib, supa ustidan rayhon tarafga tupurardi. Ayol oshni suzib kelganda bolalar onasiga yozg‘ira boshladi:

— Shunaqa ham kech pishirasizmi? Hademay futbol boshlanadi-ku! Eri esa, beparvo oshlaganni o‘ziga o‘ng‘ay qilib to‘g‘riladi. Ayol bir dam bolalarining, erining og‘ziga jim tikilib turdi, ko‘zlariga qaradi. Keyin shartta o‘rnidan turib, do‘kondan olib kelgan shokolad, shirin va achchiq suvni dasturxon ustiga qo‘ydi. Bolalar xursandchilikdan chapak chalib yubordi. Er shishani ko‘rib ko‘zlari o‘ynab ketdi. Keyin xotiniga:

— Tinchlikmi? – deya gap qotdi. Ayol indamadi.

Bolalar sevinganidan qo‘llarida piyola ushlab, shirin suvni talasha boshladi. Ota barkashday qo‘llarini issiq oshga botirib yeya boshlagan ham ediki, xotinining harakatini ko‘rib qotib qoldi. Bolalari ham shu zaylda onasidan ko‘z uzmay qarab qolishdi. Ayol qoraygan qo‘llari bilan achchiq suv shishasining qopqog‘ini ocholmay qiynalar, tishi bilan ochmoqchi bo‘lardi. Negadir ko‘zlari yoshlanar, lablari titrardi. Eri oshga botirilgan qo‘li kuyayotganini ham, bolalari esa ochiqqanini ham unutib, onaning holatini kuzatib turishardi. Ayol ko‘zlaridan dona-dona yosh dumalab, qiynala-qiynala shishani ochdi. Qo‘llari titrar, junjikardi. Ayol piyolasiga to‘latib achchiq oq suv quygach, hammaga bir-bir qarab qo‘ydi-da, yig‘i aralash ovozda:

— Tug‘ilgan kunim… tug‘ilgan kunim… qutlug‘ bo‘lsin! – deya achchiq suvni ko‘zini chirt yumgancha ichib yubordi.

Javlon Jovliyev.