O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi “Mehr” loyihasini ishga tushirdi
2020-yil 14-maydan O‘zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi va Rossiya hududlaridagi bosh konsulxonalari Elchixona ochgan xayriya hisob raqamiga kelib tushgan mablag‘lar hisobidan, Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan hamda COVID-19 virusi pandemiyasi sababli joriy qilingan karantin va cheklov choralari tufayli og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga bir marta beriladigan moddiy yordamni to‘lab berishni boshlaydi.
Bir martalik moddiy yordam Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan quyidagi toifadagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga to‘lab beriladi
1. Nogironlar – tegishli tasdiqlovchi hujjat (ma'lumotnoma) taqdim etilgan taqdirda;
2. Qaramog‘ida 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan hamda homilasi 7 oylikdan oshgan ayollar – zarur tasdiqlovchi hujjatlar (bolaning tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma, tibbiyot muassasidan ma'lumotnoma) taqdim etgilgan holda;
3. COVID-19 virusi tasdiqlangan shaxslar – tegishli tasdiqlovchi hujjat asosida;
4. Rossiya oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar – o‘qish joyidan tegishli ma'lumotnoma asnosida.
Mazkur yordam Rossiyada belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqqan holda bir martalik pul mablag‘ini to‘lab berish shaklida amalga oshiriladi.
Moliyaviy yordamni olish uchun Elchixona tomonidan maxsus ishga tushirilgan o‘zbek va rus tillaridagi “мехр.рф” elektron portali orqali murojaat yuborish lozim.
Elchixona xayriya bank raqamiga moliyaviy mablag‘lar o‘tkazgan homiylar va sheriklarimizga minnatdorlik bildiramiz. Vatandoshimiz, taniqli tadbirkor va homiy Alisher Usmonovga u ko‘rsatgan keng ko‘lamli yordami uchun alohida minnatdorlik izhor etamiz.
Ehtiyojmand fuqarolarga moliyaviy mablag‘larni ajratish jarayoni shaffofligini ta'minlash maqsadida, Elchixona har hafta o‘z rasmiy saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tegishli hisobotlar e'lon qilib boradi.
Каналга обуна булиш: @sammigration