August 28, 2023

Qilichqo'l botir qahramonligi. 

10-bob. Mudhish falokat. 2-qism.

-         Adashmadingmi, Nodir?

-         Adashmadim – dedi Nodir, - uni seni ortingdan ayg’oqchilik qilganda ushlab oldim. Sheriklarini o’ldirdim. Lekin, bu o’limga chidamli ekan.

Briksha unga o’qrayib turaverdi. Sobiqxon supada birga o’tirganlarga – jiyanlari, bolalari va boshqa qarindoshlariga o’girildi.

-         Mensiz davom ettiraveringlar!

O’zi esa bog’ning narigi chekkasiga qarab yurdi. Nodir, Briksha va bir qancha soqchilar unga ergashdi.

Ular bog’dan chiqishib, bir ko’shkka qarab yo’nalishdi. Semiz kishi bo’lsa ham Sobiqxon chapdast inson edi. U qolgan semiz odamlarga o’xshab qornini zo’rg’a ko’taribmas, balki askarlardek yelib – yugurib qadam bosib ketdi.

Ko’shkni ayvoniga kelib esa xansirab, ayvon yoniga o’tirdi. Va Brikshaga nihoyat o’girilib, murojaat qildi :

-         Qayerliksan yigit? Bu olamdan emassan, shundaymi? Sehrxonni ortidan keldingmi? Merganlardanmisan?

Brikshani yuzi biroz yorishdi.

-         Nahotki, bilmaysan? – dedi u labini biroz tortib, kulimsiragancha.

Brikshaning yuzi o’zgara boshladi. U oqardi, ko’zlari moviy chaqnadi, tanasi silliq tortdi – bu hammasi xuddi Veyd oldidagidek bir tahlitda, sekin va silliqlik bilan sodir bo’ldi.

Quyosh jaziramasi ko’shkni qizdirardi, atrofdan ziyofat va karnay – surnay sadolari eshitilardi, xaxolashlar, qo’rg’on ortidan sotuvchi bolalarni baqiriqlari eshitildi, qayerdandir suv ham jildirab oqqani shular orasida quloqqa chalinardi.

Briksha va Nodir Sobiqxonga qarab turishardi. Sobiqxon esa boshiga tushishi mumkin bo’lgan ishdan behavotir, Brikshani ko’rinishi Sehrshani aynan o’zi bo’lgan bo’lsa ham bamalyaxotir uni kuzatib turardi.

-         Xo’sh, demak men ham brikman degin, - deb sekin gap boshladi Sobiqxon, - bu yerlarga nima shamol uchirdi. Hoynahoy, “Sun’iy Olmos” shamolidir-a?

Briksha tasdiq etib, bosh irg’adi.

-         Bu ketishda koinotni yarmi bu yerga ko’chib keladi, shekilli! – xitob qildi Sobiqxon, - Bahodir, mergan yigit, Sehrxon endi esa sen! Bizni tinch qo’yib, Olmoslaringni olib ketsalaring bo’lmaydimi?

-         Men ketaman. Lekin ...

-         Vey sen! – deb javrandi Sobiqxon, - bilaman, nima deyishingni? Bahodir ham, anov yigit ham, Sehrsha ham aytgan buni sendan oldin! Avval bir-biringni topmoqchisan, so’ng Makonga egalik qilmoqchisan yo bu yerda xotin topgansan, o’sha bilan birga yashamoqchisan! Meni aldayolmaysanlar! Haqiqatni bilib turibman! O’z olamlaringni rasvo qilgansanlar! Endi Makonni ham shunday qilmoqchisanlar! Senlarni hammangni ustingdan o’ylagan rejalarim bor! Xoxlasam, baringni o’ldirib, o’zim yo xonni taxtga o’tqazib ham qo’ya olaman!

Sobiqxon shunday dedi va belidan bu yernikiga o’xshamagan, mitti, tovlanma to’pponchani chiqardi.

-         Bu sendek brikni ham jarohatlashga qodir to’pponcha! Uni menga Bahodir qushbegi bergan! – xunuk tirjaydi, tilla tishlarini ko’rsatib Sobiqxon, - o’ldim deyaver, brikvachcha!

Shu paytda kutilmagan joydan Nodirning to’pponchasi otildi. Uni o’qi to’g’ri Sobiqxonni beliga borib urildiyu, Sobiqxon yuztuban yiqildi. Nodir va unga hamroh soqchilar olishib ketishdi, atrof qiy-chuvga to’ldi. Briksha esa xotirjam Sobiqxonga yaqinlashdi. Sobiqxon zo’rg’a nafas olardi va shunda ham g’udranardi.

-         Essiz, xoinlardan ogoh bo’lishim kerak edi! Ayniqsa, Nodirdan..., - deb xansirab o’ziga – o’zi gapirardi Sobiqxon.

Briksha Sobiqxonga engashdi va shunday dedi :

-         Muqimxon qayerda?

-         Toshingni ter, brikvachcha!

-         Shundoq ham teraman, avval akamni bu yerda qilgan qilmishlarini tuzataman. Muqimxon qani?

-         Toshingni... ter...

Sobiqxon jon taslim qilgandi.

“ Yana qotillik. “ hayolidan o’tdi Brikshaning. U qayg’u bilan Sobiqxon oldida turib qoldi. Undan qanchalik nafratlansa ham, inson o’ldirish nechog’lik ahmoqlik ekanligini tushunib turardi.

“ Nechta jon ketsa ham, odamlar o’zgarmas ekan, hammasi bekor. “

Tuyqus, Nodirni tinchitgan sodiq askarlardan biri, shu paytda bir necha qadam nariga tushgan to’pponchani oldi va Brikshaga o’q uzdi. Briksha umrida birinchi marta og’riqni tuydi va o’zini yo’qotib qo’ygancha yiqildi.