Qilichqo'l botir qahramonligi.
9-bob. Qilichqo'l botir tuzog'i
- Sobiqxon Sehrxonning eng ishonchli kishisi, Beshsuv voliysi, - dedi To’liqbek bo’lib o’tgan voqeani eshitib bo’lgach, - uning boyligi va qudrati faqat Sehrxon va Bahodirdan qoladi – poshsholar va g’alato’plardagi Sehrxonning ikki qanotini topishda yordam bergan, Markoniyam u tavsiya qilgan. Makonda u bilmagan, sezmagan, xis etmagan hech nima yo’q. Uni bitta juda yomon odati bor. Ko’ngliga kelganini qiladi. Nafs bandasi. Istasa, yerlarni dehqonlardan olib qo’yadi, mol-holni musodara qiladi juda bo’lmaganda qaysarlik qilgan savdogarlarni oilasini badnom qildirib, sharmandasini chiqaradi. Bitta so’z bilan aytsak, mudhish inson. Agar Sehrxonni mag’lub etishni istasak, Sobiqxonni yo’q qilishimizga to’g’ri keladi...
“ Yana qotillik. “ ichidan zil ketdi Brikshaning. U borgan sayin bu ishlarga xushi bo’lmay qolayotgan edi. Boshida, kichik qahramonliklar ko’rsatib yurganda hammasi boshqacha edi. Ammo endi...
Xujrasida o’tirib, ko’zlarini yumib olgan To’liqbek yana davom etdi.
- ...Sobiqxon agar Muqimxonni qo’lga kiritgan bo’lsa, va o’ldira olsa, biz hech nima qila olmaymiz. Sobiqxonni odamlar o’ta sodiq – Sobiqxon tarmog’ini intizom va kuzatuv ostida saqlaydi... Lekin, bitta umid ham paydo bo’ldi.
To’liqbek shunday deb yaktagi ostidan bir maktub chiqardi. Va uni Ergashga uzatdi. Ergash uni sekin, donador qilib o’qidi.
- Agar Sobiqxonni qo’lga olishni istasangiz, Qilichqo’lni oldimga yuboring. Sizlarni Ko’ksuvdagi “Nazarboy ota” karvonsaroyida kutaman... “
- Shu xatni menga uch kuncha avval tashlab ketishdi, - dedi To’liqbek, - o’ylashimcha Veyd Vorvik va uni jazo qo’shinini xalokati o’ylaganimizdan ham ko’proq ta’sir qipti shekilli.
Briksha Veyd Vorvik bilan yuzlashganiga hali bir oy ham bo’lmagandi. Ammo, shu paytgacha To’liqbek yana ham kuchaydi. To’liqbek manzilgohi bu paytda chinakamiga harbiy qarorgohga aylandi qoldi. U yerda mingdan ortiq askarlar tayyorlanardi, avvalgi betashvishgina hayot kechirish tugab, endi hamma bo’ladigan urushga tayyorgarlik ko’rardi.
Briksha buni ham yoqtirmadi. U buni birgina ishongan kishisiga, ancha yaqini bo’lib, deyarli akasiga aylangan Ergashga aytdi. Ergash Briksha qon to’kilishni oldini olish uchun urush boshlanishi yo Sehrxon bilan muloqot qilish yo shunchaki o’zini Sehrxon yoniga vakil qilib yuborishlari haqidagi fikrini tinglab turib, o’ylanib turib shunday dedi :
- Bu urush baribir sodir bo’lishi shart. Tushun – bu urush shunchaki Sehrxon va seni o’rtangdagi xisob-kitobmas, bu Makonliklar xotirasida mangu qoladigan, kelajagini belgilab beradigan urush bo’lishi kerak.
Briksha baribir hech nimaga tushunmadi. Avval yashagan joylarda ham allaqanday shunga o’xshash “kelajak urush”lari haqida gapirishardi. O’shanda ham buni tushunishni istamasdi. Bu yerda ham istisno qilmadi.
“ Axir men yetamanku, hammasiga? Nega azob chekish evaziga kelajak qurish kerak? “
Shu bilan birga u birodar og’asi ham ularga o’xshab qolganini anglab tushundi.
- Nima deysan? – dedi To’liqbek Brikshaga yuzlanib. Uni ko’zlari katta-katta ochildi.
Bu maslahat emasdi. Rozilik olishga ijozat berish uchun tashlangan savol edi. Baribir hammasi oldindan ma’lum.
- Yo’lga chiqaman, - dedi Briksha va boshini egib, To’liqbekka ta’zim qildi. To’liqbek “ma’qul” degandek boshini qimirlatdi.
Briksha, Ergash, Tuman, Muzaffar va Omon yana yo’lga chiqibdi. Ular vodiy oldidagi adirliklardan o’tishib, yam-yashil o’simliklar o’sib yotgan bepoyon tekisliklarga yetib kelishibdi. Tekisliklarni insonlar ancha yaxshi o’zlashtirgan edilar – har ikki yuz qadamda irmoq, ariqlar uchrab, suv inshootlar – tegirmonlar aylanardi, ariqlar esa bo’yi uzun, boshoqli o’simliklar o’sib yotgan, yam-yashil, o’n besh qarichdan baland, butoqlari yerga tekkan, sarhil mevalari pishib yotgan dalalarga borib quyulardi.
Dalalar atrofida esa Briksha shu paytgacha ko’rgan ovullar emas, haqiqiy katta – katta qishloqlar uchrardi. Bu qishloqlarning aholisi vodiyliklarniki kabi do’stona edi – Briksha va uni sheriklariga birdek quyuq salom berib, uni uylariga taklif etishdi.
- Haddan ortiq mehmondo’st xalqsiz, - dedi Briksha uning yonida otda yurib borayotgan Ergashga.
- Makonlikni Makonlik qilib turgan – uni urf-odatlari, an’analarida, - deb javob qildi Ergash.
Ergash har bir iltifot ko’rsatgan Makonlikka boshini egib, ta’zim qilib, “boshqa safar” deyishni kanda qilmasdi. Muzaffar indamasdi, Omonbek ham o’z o’ylari bilan band edi, ammo Tuman ko’zlarini daraxtlardagi, odamlar qo’llarida ko’targan meva va tansiq taomlardan uzmasdi. Ahyon – ahyonda esa ozg’ingina, mehmonlarni ko’rib o’zlarini chetga olib, ro’mollari bilan o’zlarini to’sib olgan qizlarga zo’r qiziqish bilan boqib qo’yardi.
Briksha bo’lsa qulog’iga chalingan gaplarga diqqat qildi. Odamlarning ko’plari narx-navo, chet elga jo’nayotgan yigitlar va maktablar haqida so’zlashishardi. Lekin qishloqni bir chekkasidagi baqqol do’konida turgan yuzi mittigina baqqol va uni yonida ustaxona ochgan temirchini suhbati unga juda qiziq tuyuldi.
- Sehrxon so’nggi isyonkor voliyni tinchitibdi.
- Sehrxon Xurramobodga qaytib tadbirga tayyorlik ko’rishni buyuribdi.
- Qanday tadbir? Vodiyga borarkanmi? Poshsholar bilan jang qilarkanmi?
Briksha qolganini eshita olmay qoldi. Yonlaridan o’tib ketdi.
Besh otliq birinchi qishloqdan o’tib, yana bir dala va yana bitta qishloqqa kirib borishdi. U yerda odamlar va uylar narigisinikidan ko’proq edi. Uylar ham sodda qurilgan emas balki g’ishtdan qurilgan, mustahkam, baland – baland uylar edi. Bu yerdagilarning ustidagi kiyimi ham rangi o’chmagan, ipak matoli edi.
- Ko’ksuvga keldik, - dedi Ergash Briksha va qolganlarni xushyorlikka undagan bo’lib.
Ko’ksuv savdogarlar qishlog’i edi. Bo’lganida ham Sobiqxon nazorat o’rnatgan komnvel-sharp karvon yo’llaridan boyib ketgan savdogarlar shu yerda istiqomat qilardi.
Ergash o’tkinchilar oldida tushib, bir ikkitasi bilan so’zlashib yo’l so’radi. So’ng, Brikshalarni kutgan joyiga boshlab bordi.
“ Nazarboy ota karvonsaroyi. “
Bu hech qanaqasiga karvonsaroy emasdi. Bu chinakamiga saroy edi. Balandligi yigirma quloch, eshiklari sof ma’danlardan qilingan, ikki yonida haqiqiy soqchilar miltiq ushlab turgan, xizmatchilar ham xuddi komnvel askarlariga o’xshab bir xil kiyim kiygan, karvonsaroyning hovlisida esa naqd o’n xil sayroqi qushlar sayragan, ayrim joylarda raqqosalar va xofizlar ham bor bo’lib, karvonsaroy hovlisidagi xujra eshiklari ham katta eshikning nusxasidek birdek tovlanardi.
Tumanning suvi oqdi. Muzaffarning esa g’ashi keldi. Omon ham Briksha kabi hadiksirardi ammo ichkariga yurak yutib xatladi. Briksha qaqqayib qolganini ko’rgan Ergash unga dedi :
Briksha istar-istamas qadam qo’ydi. Ergash ichkarida ustiga xuddi amaldorlar kabi to’n yopib olgan xizmatkor bilan so’zlashdi. Unga bir necha tilla tangalar berib turib, o’zi sheriklarini imladi.
Sheriklar sahn oxirroqlaridagi bir xujra eshigiga kirdilar. U yerga kirganlarida o’zlarini, turli xil so’zlarda yozilgan naqsh va so’zlar tushirilgan hashamdor, issiq tutunlar bursiqib turgan xonada ko’rdilar. Xona o’rtasida katta qalin yog’ochdan qilingan xontaxta, xontaxta atrofida esa qalin to’shalgan to’shaklar va yostiqlar bor edi. Bunday hashamatdan xatto Ergashniyam og’zi ochilib qoldi. Muzaffar ham sal hayron bo’lgandek boqdi. Ammo, Briksha tundlik bilan qachon Sobiqxonga eltuvchi kimsani uchratar ekanman deb o’ylardi.
- Biz uni qanday topamiz? – so’radi Briksha.
- Xizmatchiga shipshib qo’ydim, - dedi Ergash.
- Iye, hammasini aytib qo’ydingmi? – so’radi Muzaffar Ergashni bu ishidan salgina achchiqlangan ko’yi.
- Yo’q, biz vodiydan kelganimizni aytdim va yana bitta sherigim bor, keyinroq keladi dedim xolos, - dedi Ergash va ana shunda hamma tushundi. Demak, izlagan odam o’zi qidirib bu xujraga kiradi.
Ular kirib, o’rnashishlariga fursat o’tmasdan, girgitton xizmatchi kirib ularga nozu – ne’matlarni tortiq eta boshladi.