Sherlok Xolms. Alvonlik Ishi. To'qqizinchi bob.
Yuta guli.
Ko’chmanchi Mormonlar to o’zlarining so’nggi maskanlariga yetmaguncha ko’rgan sinovlar hamda muhtojliklari haqida to’xtalib o’tishga xojat yo’q. Missisipi qirg’oqlaridan to Roki tog’larining g’arbiy yonbag’irlariga qadar ular tarixda misli ko’rilmagan jadallik bilan ildamlashdi. Vahshiy inson, vahshiy mahluqot, ochlik, tashnalik, charchoq hamda xastaliklar – tabiat qo’ygan barcha g’ovlar – Anglo-sakson tirishqoqligi tomonidan yengib o’tildi. Shunga qaramay uzoq safar hamda o’tkazgan daxshatlar ularning eng irodalilari yuraklarini ham silkiitib yuborgan edi. Quyoshga cho’mgan Yutaning keng vodiysini ko’rganlarida, yetakchilaridan ushbu joylarni “va’da etilgan yerlar” ekanini, qarshilaridagi bokira akr yerlar butunlay ularniki ekanliklarini bilishganida, oralarida tizzalariga cho’kib, to’lqinlanib duo o’qimagan hech kim qolmadi.
Yang tez orada o’zini nafaqat mahoratli yetakchi balki matonatli rahbar sifatida ham ko’rsatdi. Xaritalar chizildi, chizmalar tayyorlandi – ularda bo’lajak shahar loyihalashtirildi. Atrofdagi xo’jalik uchun yerlar har bitta kishini o’z o’rinlariga ko’ra taqsim etilib, bo’lindi. Savdo ahliga savdo qilishga, hunarmandlarni esa – o’z hunarlari bilan shug’ullanishga qo’yib berildi. Birdaniga shaharda, xuddi sehr qilingandek, ko’chalar va chorrahalar paydo bo’ldi. Qishloq joylarda bo’lsa qo’riq, botqoq joylarga tuproq sepildi, butazor to’siqlar o’rnatildi, tozalandi va nihoyat ekin ekildi. Va kelasi yozda butun o’lka bug’doyzorlar bilan qoplanib tillarang tusga kirdi. Bu g’ayritabiiy maskanda barchasi ana shunday ravnaq topdi. Hammasidan ham, shahar o’rtasida qurilgan ulkan ibodatxona balandroq va kattaroq rad rostlayverdi. Tongni ilk shafaqlaridan to oqshom tushguniga qadar, bolg’alarning taqillashi va arralarning zirillashi, ko’p xatarlardan o’tib ko’chmanchilarni bu yerga boshlab kelgan sharafiga qurilayotgan bu obidani hech tark etmasdi.
Ikki miskin – Jon Ferye va u boyligini baham ko’rib, qizi sifatida asrab olgan mitti qizcha, Mormonlarni bu sayohatini oxiriga qadar birga bo’lishdi. Jajji Lyusi Ferye Katta Strenjersonning aravasida o’zini yetarlicha muloyimlarcha tutdi. Aravada u Mormonning uch nafar rafiqasi va uning o’n ikki yoshli ochiqchasiga o’zboshimcha o’g’li bilan birga bo’ldi. Onasining o’limidan karaxt bo’lib qolib, u juda tez ayollarning erkatoyiga aylandi hamda bolalikning moslashuvchanligidan ruhlanib, bu harakatlanuvchi, ustida mato tutilgan uyga o’zini moslashtirdi. Bu vaqtda esa Ferye oyoqqa turib, o’zini foydali yo’lboshlovchi hamda serg’ayrat ovchi sifatida ko’rsata boshladi. U sheriklarining izzatiga shu qadar tez erishdiki, tentirab yurishlari oxiriga yetganida, bir ovozdan unga Yangning o’zidan va Strenjerson, Kembol, Jonston va Drebberdan – to’rtta asosiy Kattalarni aytmasa, qolganlardan qolishmaydigan qilib katta va lalmikor yer bilan ta’minlanishi haqida qaror qabul qilindi.
O’z yerida Jon Ferye pishiqqina yog’och kulba qurib oldi. Keyingi yillarda esa juda ko’p o’zgartirishlar kiritilishi natijasida u kenggina villaga aylandi. Ferye vaziyatga haqqoniy yondashib fikrlaydigan, ishiga pishiq, qo’li usta kishi edi. Uning temirdek pishiq tani unga ertalabdan kechgacha yerini rivojlantirib, ishlov berishiga qo’l keldi. Shu sabab, uning xo’jaligiyu, unga tegishli hamma narsa o’ta darajada ravnaq topishiga olib keldi. Uch yilda, u qo’shnilaridan o’zib ketdi, olti yilda esa davlatmand, to’qqiz yilda esa chinakamiga boyib ketib, o’n ikki yilda esa butun Solt Leyk sitida unga tenglashadiganlar barmoq bilan sanarli edi. Katta quruqlik ichidagi dengizdan Vahsatch tog’lariga qadar Jon Feryechalik taniqli inson yo’q edi.
Birgina, faqatgina bittasigina narsada u “dindosh”larini ranjitib qo’ygandi. Hech bir munozarayu, ko’ndirishlar uni sheriklari kabi ayollardan haram tuzib olishga unday olmadi. Rad javoblariga u hech bir sabab keltirmasdi, ammo o’jarlarcha o’z qarorida turib olgandi. Kimlardir bunda uni qabul qilgan diniga ishtiyoq bilan kirishmaslikda aybladi, boshqalar boylikka ruju qo’ygani va dastmoyasini sarf etishga xoxishi yo’qlikka yo’ydi. Yana ba’zilar esa eski muhabbati, mallasoch bir qiz uni Atlantika sohillari ortida sog’inib kutayotganligi haqida gap tarqatdi. Nima bo’lgan taqdirda ham, Ferye qat’iy tarzda so’qqabosh bo’lib qolaverdi. Boshqa hamma jabda u yangi maskanning diniga rioya qilib yashadi va taqvodor hamda to’g’ri yo’lda yuradigan kishi bo’lib nom qozondi.
Lyusi Ferye kulbada o’sib, katta bo’ldi va har bir ishda tutingan otasiga ko’maklashdi. Tog’larning toza havosi va qarag’ay daraxtlarining o’tkir muattar hidlari qizga ona va enaganing o’rnida bo’ldi. Yillar yillarga ulanar ekan, u o’sdi va kuchliroq bo’ldi, yonoqlari qirmizilashdi va qadam tashlashlari cho’zildi. Ko’p sayyohlar baland so’qmoq yo’llardan Feryening fermasi bo’ylab o’ta turib, chaqqon, nozik xilqatni bug’doyzorni kezib yurgani yoki otasini mustangiga minib olgani va xuddi yovvoyi g’arbning haqiqiy farzandi kabi buni osonlikcha, nazokat ila uddalaganini tomosha qilishar ekanlar, hayollarida allaqachon unutib yuborgan tuyg’ularini qaytadan xis etgandek bo’lishardi. Shunday qilib, g’uncha gul ochdi, va otasi fermerlar ichida eng boy kimsa bo’lgani yili, uni qizi butun boshli Tinch okeaniga yaqin taraflardagi eng chiroyli qiz deb xisoblanardi.
Albatta, bolaning balog’atga yetib, ayol bo’lganini birinchi otasi payqamadi. Otalar buni kamdan-kam payqab qoladilar. Bu sirli o’zgarish, aniq bir sana bilan o’lchanishi mumkin emas – bu juda sekin asta va noaniqliklar bilan amalga oshadi. Hammadan ham ko’ra qizning o’zi kamroq bilib qoladi – toki ovozning ohangiyu, qo’lning tegib ketishi uni yuragini zirillatib yubormaguncha. Va u buni kashf qilganida esa, g’urur aralash qo’rquv bilan yangi va anchayin kattaroq qandaydir xislat uyg’onadi. Bunday kunni eslamaydiganlar juda kam va ular yangi hayot eshigini ochgan o’sha mitti hodisani esdan chiqarishmaydi. Lyusi Feryeda, bunday hodisa ahamiyatsizgina sodir bo’lmadi, xatto bu uni va boshqa ko’plarni taqdiriga ta’sir qilganini aytmasak ham.
Iyun kunini iliq tongi edi va Mormonlar uyasini ramziylashtirib olgan asalarilar kabi tinim bilmasdilar. Dalalarda va ko’chalarda g’ala-g’ovur bilan ish qizg’in edi. Og’ir yuk ortilgan xachilarning uzun oqimi katta ko’chalarni bulg’atib, changitib g’arbga qarab ketardi sababi, Kaliforniyada oltin vasvasasi paydo bo’lib bo’lib, unga o’tadigan yo’l – “Azobdan Saqlanganlar” shahri bo’lib o’tgan edi. Yana yon beridagi xo’jaliklardan suruv – suruv qo’ylar va buqalar, ketma – ket o’tayotgan, oti ham, chavandozi ham birdek uzoq safardan toliqqan horg’in ko’chmanchilar ham o’tib turishardi. Bu turfa olomon ichida, mohir chavandoz – Lyusi Ferye ham o’z bo’ylab ketmoqda edi. Uning oppoq yuzi ur-sur ichida qizaribgina ketgandi va uning uzun qizg’ish-jigarrang sochlari ortidan hilpirardi. U shahar ichidagi otasidan topshiriq olgandi va har vaqt qilganidek shoshilibgina, yoshlikning dovyurakligi bilan, faqat o’z vazifasi haqida, uni qanday bajarish haqida o’ylab yurmoqda edi. Safardan charchagan sayohatchilar uni ortidan taajub bilan tikilib qolishardi va xattoki vahshiylarcha ko’rinishga ega hissiz hindular ham oldilaridan oppoq yuzli sohibjamol yonidan o’tib ketar ekanlar, odatiy vazmin nazarlarini o’zgartirishardi.
Shahar chekkasiga yetganda, u ko’chani ulkan sonli chorva va ularni haydab kelayotgan besh-oltitacha yovvoyi podachilar bilan to’silib qolganini ko’rdi. Sabrsizlanib, bu to’siqdan u otini bo’shliqdek ko’ringan bir joyga qarab burib, oldinga intilib ko’rdi. Arang u kirib olganda esa u buqalar uni ortidan yaqinlashib qolganini ko’rdi va o’zini ko’zlari ayovsizlikdan poylab turgan, shoxlari uzun buqalarning o’rtasida qolib ketgan xolda ko’rdi. Chorvalar bilan muomula qilaverib ko’nikkanidan, qiz bu vaziyatdan tashvish chekmadi, aksincha, saf ichidan chiqib ketish uchun har kelgan fursatda otini oldinga yurishga undayverdi. Baxtga qarshi, bitta jonivorning shoxlari, ataylabdanmi yoki tasodifdanmi, mustangning biqiniga tegib ketdi va mustangning jini qo’zib ketdi. O’sha zahotiyoq, u g’azab bilan pishqirib oldingi oyoqlarini yuqori ko’tardi, orqa oyoqlarida turdi va eng mahoratli chavandozdan boshqa hammani itqib tashlaydigan darajada chayqalib, yugurib ketdi. Hodisa batamom tahlikali edi. Asabi buzilgan otning har bitta sakrashi, uni yana shoxlar bilan to’qnashtirdi va bundan telba otning jig’ibiyroni yangidan qo’ziyverdi. Qiz qo’lidan kelgancha egar ustida qolishga tirishardi. Sirg’anib ketadigan bo’lsa – beso’naqay, daxshatga tushgan jonzotlar tuyog’i ostida halokatli o’lim bilan tugashi turgan gap edi. Bunday mushkul hodisaga ko’nikmasizligidan, uning boshi silkinib, sho’ng’ib keta boshladi va jilovdan ushlab turishi ham qiyinlashib ketdi. Bosib kelayotgan chang – to’zon va terlab-pishib ketgan jonivorlar bilan qolib ketib, endigina umidsizlikka tushgan ko’yi ortidan bir mehribon ovoz yordamga keldi. Ingichka jigarrang qo’llar esdan og’gan otni tizginidan ushlab, yo’l boshladi va tez orada chekkaga ular qutilib chiqishdi.
- Umid qilamanki, sizga ziyon yetmadi, miss, - dedi uni saqlab qolgan kimsa, tavoze bilan.
Qiz uning qorachadan kelgan, shijoatli yuziga tikildi va quvnoqqina kulib yubordi.
- Rosa qo’rqdim! – dedi u, soddalarcha, - kim o’ylabdi, Poncho kiygan ( bu yerda qishloqlik nazarda tutilmoqda – izoh) shunchalik ko’p mollardan qo’rqadi deb?
- Xudoga shukr, egardan tushib ketmadingiz, - dedi kimsa samimiy. U novchagina, ko’rinishidan yovvoyi bir yosh yigitcha edi. U ovchi kiyimda bo’lib, yelkasiga uzun miltiq osib olgandi va ko’k xoldor otga minib olgandi, - taxminimcha siz Jon Feryening qizi bo’lasiz? – dedi u, - uni uyidan chiqib ketayotganingizni ko’rgandim. Uni ko’rib qolsangiz, Sent Luislik Jefferson Houpni eslash-eslamasligini so’rangchi. Agar u haliyam o’sha Ferye bo’lsa, otam va u yaqin bo’lishgan ekan.
- Nega o’zingiz borib, so’rab ko’rmaysiz? – so’radi qiz kamtarlik bilan.
Yigitcha bu taklifdan quvonib ketgandek ko’rindi – uning qora ko’zlari quvonchdan porlab ketdi.
- Shunday qilaman, - dedi u, - biz ikki oydan beri tog’larda edik, bilmadim bu ko’rinishda tashrif buyurish qanday bo’larkin. Bizni shundoqligimizga qabul qilishiga to’g’ri keladi.
- U sizni bag’oyatda minnatdorchilik bilan qabul qilardi. Men ham, – javob berdi qiz, - u meni juda yaxshi ko’radi. Agar bu sigirlar tagida qolib ketganimda, o’ziga hech qachon kela olmasdi.
- Siz? Ha, sizga bu katta ta’sir ko’rsatadi deb o’ylamayman. Siz bilan yaqindan tanish ham emasmiz.
Yosh ovchining qoracha yuzi Lyusi Ferye xandon otib gapirgan bu so’zlarni eshitarkan, qayg’uga cho’mdi.
- Yo’q, o’zingizga olmang, - dedi qiz, - albatta, endi bizni do’stimizsiz. Biznikiga keling! Endi men ketishim kerak, bo’lmasa otam menga ishini topshirishda ishonmay qo’yadi. Ko’rishguncha!
- Xayr! – dedi u va sombrerosini ko’tarib olib, qizni qo’liga engashdi. Qiz mustangini aylana shaklda yugurtirdi va qamchilab turib, shiddat bilan keng ko’cha bo’ylab ortidan cho’zon to’zon qoldirgancha ko’zdan yo’qoldi.
Yosh Jefferson Houp esa ma’yus va indamaygina sheriklari bilan yo’lida davom etdi. U va sheriklari Nevada tog’lariga kumush qazib olish ilinjidan kelishgandi. Va hozir Solt Leyk shahriga o’zlari qazigan kon uchun mablag’ yiqqani qaytishgandi. U bu ishga qolganlar kabi ishtiyoqmand edi. To hozir sodir bo’lgan hodisa uning o’y-fikrini umuman boshqa oqimga burib yubormaguncha. Syerraning toza va musaffo havosidek yosh va sohibjamol qizning siymosi uning vulqondek jo’shqin, bebosh ko’nglini eng chuquriga kirib bordi. Qiz uning ko’zlaridan yo’qolar ekan, tushundiki, endi hayotida o’zgarish yasaldi va endi na kumush xisob-kitobi na boshqa masalalar, yangisini oldida ustun bo’la olmasdi. Uning yuragida ildiz otgan sevgi, yigitchaning o’zgaruvchan mayli emas balki yovvoyi, shijoatli erkakning mustahkam irodasi va kuchli ruhiyatiga yo’g’rilgandi. U boshlagan ishida muvaffaqiyat qozonishga o’rgangan edi. U toki tirishqoqligi va matonati uni qo’llab turar ekan, bu masalada yutqazmaslikka o’ziga o’zi chin dildan va’da berdi.
O’sha tunda u Jon Feryenikiga bordi va uning yuzi ferma-uyda tanish bo’lib qolmaguncha qayta-qayta tashrif buyuraverdi. Jon, vodiyda ushlanib qolib, o’z ishiga kirishib ketganidan oxirgi o’n ikki yilda tashqi dunyodagi yangiliklarni o’rganishga fursati kam bo’lgan edi. Jefferson Xoup esa unga, o’zi va qizini qiziqtiradigan qilib so’zlab berardi. U Kaliforniyada chegara ayg’oqchisi bo’lgan edi va o’sha kunlardagi ko’plab topilganlar va yo’qotilganlar to’g’risidagi hikoyalarni so’zlab bera olardi. U yana skaut bo’lgan, qopqon bilan ov qilgandi, kumush qidiruvchi bo’lgandi va ranchoda ham ishlagandi. Qayerdaki qiziqarli sarguzasht bo’lsa, Jefferson Xoup o’sha yerda hoziru-nozir bo’lgandi. Tezda u qariya bilan chiqishib ketdi. Qariya uni fazilatlarini maqtardi. Shunaqa paytlarda esa Lyusi jim bo’lib qolar, ammo uning qizargan yonoqlari, quvonchdan porlagan ko’zlari, uning yuragi ortiq o’ziga tegishli emasligini bildirib qo’yardi. Sofdil otasi bu belgilarni payqamagan bo’lishi ehtimol, lekin qizni ko’nglini zabt etgan bu yigitga moneligi ham yo’q edi.
Yozning kechki salqin paytida, u ko’cha bo’ylab ot choptib keldi va eshikka yaqinlashdi. Eshik yoqasida turgan Lyusi esa unga qarab oshiqdi. Yigit tulpori tizginini devor panjarasiga qarab itqib qo’ydi va yo’lakcha bo’ylab yaqinlashdi.
- Men ketyapman, Lyusi, - dedi u, qizning ikki qo’llarini o’zini qo’llariga qo’yib, uning yuziga asta termularkan, - men sendan birga ketishni so’ramayman, ammo men agarda qaytsam ketishga tayyor bo’larmiding?
- Qachon sodir bo’ladi bu? – kulib so’radi qiz, qizarib.
- Uzog’i bilan bir necha oy. O’shanda kelaman va seni olib ketaman, azizam. O’rtamizda hech kim turmaydi.
- U rozi, agarda konlarda ishimiz yaxshi bo’lsa. Bundan esa havotirim yo’q.
- O, agar otam bilan hammasini xal qilgan bo’lsangiz, boshqa so’zga xojat yo’q.., - pichirladi qiz, yigitning keng ko’kragiga yonoqlarini qo’yib.
- Xudoga shukr! – xirilladi yigit va egilib qizdan bo’sa oldi, - unda hammasi xal! Sen bilan qanchalik ko’p qolsam, ketish shunchalik qiyin bo’lmoqda. Men kanyonlarda kutishyapti. Ko’rishguncha, azizam, ko’rishguncha. Ikki oy ichida ko’rishamiz.
U gapirib turib, o’zini qizdan nari oldi va otiga irg’ib o’tirib oldiyu, shiddat bilan ot choptirib ketdi. O’girilib ham qaramadi, agar tashlab ketayotganiga yana bir bor ko’zi tushsa, o’zini tutib tura olmasligidan qo’rqdi. Qiz eshik yonida turib qoldi va u ko’zdan yo’qolgunga qadar ortidan tikilib turdi. Keyin o’zini Yutadagi eng baxtiyor qiz sanagancha, uyiga qarab kirib ketdi.