December 27, 2023

Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida jami 904,2 mln so‘mlik yetkazib berilmagan jihozlar kamomadi aniqlangan

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ichki audit xizmati tomonidan Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 01.06.2019-01.07.2023-yil davrlarda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan samarali hamda maqsadli foydalanganligi holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati “Yagona buyurtmachi xizmati” injenering kompaniyasi buyurtmachiligida Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida amalga oshirilgan mukammal ta’mirlash ishlarida jami 904,2 mln so‘m, jumladan 36,0 mln so‘mlik bajarilmagan ishlarni hisobotlarga qo‘shib yozilganligi hamda 868,2 mln so‘mlik yetkazib berilmagan jihozlar kamomadi aniqlandi.

Hozirda o‘rganish natijalari yuzasidan to‘plangan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larni samarasiz va maqsadsiz sarflagan muassasalar rahbarlari hamda boshqa mas’ul xodimlari amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.

Shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi muassasalarda shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida vazirlikning ichki audit xizmati xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.