June 9

Oʻzbekiston bolalar toʻyib ovqatlanmaydigan davlatlar roʻyxatiga kiritildi

Oʻzbekiston bolalar toʻyib ovqatlanmaydigan davlatlar roʻyxatiga kiritildi

Bolalarning oziq-ovqat xavfsizligi ovqatlanish ratsioni koʻrsatkichi bilan aniqlanadi. U YUNISEF va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan.

YUNISEF tashkiloti yosh bolalarning yetarli miqdorda ovqatlanmasligi bilan bogʻliq masalalar tahliliga bagʻishlangan hisobotini eʼlon qildi. Bunday muammoga ega mamlakatlar 63 ta boʻlib, ularning qatorida Oʻzbekiston ham bor.

Bolalarning oziq-ovqat xavfsizligi ovqatlanish ratsioni koʻrsatkichi bilan aniqlanadi. U YUNISEF va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan ishlab chiqilgan. Sogʻlom oʻsish va rivojlanish uchun bolalar 8 ta guruhga kiruvchi mahsulotlarning kamida 5 tasini isteʼmol qilishi lozim:

1. Koʻkrak suti;
2. Don mahsulotlari, ildiz mevalilar, rezavorlar, tropik mevalar;
3. Dukkaklilar, yongʻoq va urugʻlar;
4. Sut mahsulotlari;
5. Goʻsht mahsulotlari (jumladan, parranda va baliq);
6. Tuxum;
7. A vitaminiga boy meva va sabzavotlar;
8. Boshqa meva va sabzavotlar.
Agar bolalar:

- 2 ta guruhga kiruvchi mahsulotlarni isteʼmol qilsa, ular ovqatlanish bilan bogʻliq oʻta qashshoq ahvolda yashaydi;

- 3-4 ta guruhga kiruvchi mahsulotlarni isteʼmol qilsa, ular ovqatlanish bilan bogʻliq moʻtadil ahvolda yashaydi;

- 5 va undan ortiq guruhga kiruvchi mahsulotlarni isteʼmol qilsa, ular ovqatlanish bilan bogʻliq qashshoq ahvolga tushmagan hisoblanadi.

YUNISEF roʻyxatiga 63 ta davlat kiritilgan boʻlib, Somali, Gvineya, Afgʻoniston, Efiopiya, Hindiston, Pokiston, Senegal, Tojikiston kabi mamlakatlar yuqori oʻrinlarda qayd etilgan.

Oʻzbekiston bolalarning toʻyib ovqatlanmaslik darajasi oʻrtacha boʻlgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Bu guruhda Armaniston, Qirgʻiziston, Misr va Xitoy kabi mamlakatlar bor.

Toʻyib ovqatlanmaslik darajasi past boʻlgan mamlakatlar qatoriga Belarus, Serbiya, Kosta-Rika, Peru, Turkmaniston va boshqalar kiritilgan.

Tadqiqotchilarning qayd qilishicha, bolalarning ovqatlanish bilan bogʻliq qashshoq ahvolga tushib qolishining 3 ta asosiy sababi bor: noqulay oziq-ovqat muhiti, notoʻgʻri ovqatlanish amaliyoti va oila daromadining pastligi.