❓ Savol: Yo'llarda harakatlanish tezligi qancha va ushbu qoidalarni buzganda qanday jazolar tayinlanishi mumkin?
Aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetmasdan va o‘tib ketib 300 metrdan kam masofada soatiga 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Aholi punktlaridan tashqarida:
yengil avtomobillarga va ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 100 kilometrdan oshirmasdan;
shaharlararo qatnaydigan avtobuslarga va mikroavtobuslarga tezlikni soatiga 90 kilometrdan oshirmasdan;
boshqa avtobuslar, tirkamali yengil avtomobillar, mototsikllar, ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 80 kilometrdan oshirmasdan;
tirkamali yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 70 kilometrdan oshirmasdan harakatlanish ruxsat etiladi.
Har qanday yo‘llarda: yukxonasida odam tashiyotgan yuk avtomobillariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan;
bolalar guruhini tashkiliy tashiyotgan transport vositalariga tezlikni soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan;
mexanik transport vositalarini shatakka olgan transport vositalariga tezlikni soatiga 50 kilometrdan oshirmasdan;
xavfli, og‘ir vaznli va katta o‘lchamli yuklarni tashiyotgan, tashkiliy jamlanmada harakatlanayotgan transport vositalariga DYHXX bilan kelishilgan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari DYHXX bilan kelishilgan holda, yo‘l sharoitlari yuqori va kichik tezlikda xavfsiz harakatlanishni ta’minlaydigan hollarda, yo‘llarning ayrim qismlari yoki harakatlanish tasmalarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatib) ruxsat beradi.
Haydovchiga quyidagilar taqiqlanadi:
tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida ko‘rsatilgan eng yuqori tezlikdan oshirish;
tezlikni transport vositasiga o‘rnatilgan “Tezligi cheklangan” taniqlik belgisida ko‘rsatilganidan oshirish;
zaruriyat bo‘lmaganda juda past tezlikda harakatlanib, boshqa transport vositalariga xalaqit berish;
yo‘l-transport hodisasining oldini olish zarurati bo‘lmaganda, keskin tormoz berish.
Belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirish BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida;
Belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirish BHMning 5 baravari (1 650 000 so‘m) miqdorida;
Belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirish BHMning 9 baravari (2 970 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Eng yuqori jarimalardan biri avtotransport vositasini mast holda boshqarganlik uchun BHMning 25 baravari (8 250 000 so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Avtomobil oynasini texnik reglamentga mos bo‘lmagan tartibda, tegishli ruxsatnomasiz qoraytirish (tonirovka) BHMning 25 baravari (8 250 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning qirq baravari miqdorida (13 200 000 so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish BHMning 15 baravari (4 950 000 so‘m) miqdorida;
Avtotransportni boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi BHMning 5 baravari (1 650 000 so‘m) miqdorida;
Avtotransportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish BHMning 3 baravari (990 000 so‘m) miqdoridagi jarimaga sabab bo‘ladi.
To‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 2 baravari (660 000 so‘m) miqdorida jarima yoziladi. Temiryo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 3 baravari (990 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi. Bunda haydovchi transportni boshqarish huquqidan 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha mahrum qilinadi.
Shu bilan birga, yo‘llarda guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish BHMning 3 baravari (990 000 so‘m) miqdorida, svetoforning taqiqlovchi signalida to‘xtash chizig‘ini bosib kirish BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llashga sabab bo‘ladi. Agar haydovchi svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tsa, unga nisbatan BHMning 2 baravari (660 000 so‘m) miqdorida jarima yoziladi. Kodeksda yana kichikroq miqdordagi jarimalar ham ko‘plab qoidabuzarliklar uchun belgilab qo‘yilgan. Masalan, avtomobil tovush signalini sababsiz chalganlik uchun BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida, avtotransportni piyodalar yo‘lkalaridan yurgizganlik uchun BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida jarima bor.
Yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida, avtotransportlarni quvib o‘tish BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Yana bir qoidabuzarlik turi yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning avtotransportni boshqarishidir. Buning uchun haydovchiga nisbatan BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida jarima yoziladi.
Shuningdek, ishonchnomalarni, avtotransportni boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) boshqarish BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida, avtotransport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polislarisiz boshqarish BHMning 2 baravari (660 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.
Asos: «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunining 11-bobi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113-moddalari