March 11, 2022

Xodimlarga oylik ish haqlari o'z vaqtida berilmagan !?

Davlatobod tuman adliya bo‘limi tomonidan Davlatobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli maktabgacha X-sonli ta’lim tashkiloti xodimlarining 2021-yil may oyidan 2021-yil dekabr oyiga qadar oylik maoshilari berilmaganidan norozi bo‘lib yozgan murojaatlari o'rganib chiqildi.

Murojaatlarni o‘rganish jarayonida quydagilar aniqlandi, ya’ni Davlatobod tuman SEO va JSB bo‘limining 2021-yil 3-maydagi ta’qiqlash, to‘xtatib turish to‘g‘risidagi № 3-sonli qaroriga ko‘ra, Davlatobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli X-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi yangilash xolatiga kelib qolganligi, guruh xonalari eshik va deraza romlari eskirganligi, taxta pol qismlari chirib, pol qismi sinish xolatlari mavjudligi, guruhlardagi devor va shift qismlari yog‘ingarchilik davrida suv sizib o‘tib, nam xisobiga po‘st tashlagan holatlar hamda shift va devorlar sarg‘ayib, devorlarda yorilishlar, sho‘rlanish xolatlari mavjudligi, quruq oziq-ovqat maxsulotlari va sabzovot maxsulotlarini saqlash uchun rastalar mavjud emasligi, omborxonaga yog‘ingarchilik davrida suv sizib o‘tishi, eshik atrofidagi devorlar ko‘chib, yorilib, elektr tarmoqlari ochilib, nosoz holatga kelganligi, tashqi mahalliy xojatxona, yozgi o‘yin maydonlari hamda muassasaning orqa tomonidagi ko‘mir saqlash omborxonalari ham yaroqsiz holatga kelganligini inobatga olib, 2021-yil 3-may kunidan boshlab MTT faoliyati to‘xtatilgan.

Davlatobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limining 2022-yil 21-fevral kungi
№01-01/10-son xatiga ko‘ra, 2021-yil may oyidan 2021-yil noyabr oyiga qadarli X-sonli MTT xodimlariga oylik ish xaqi to‘lash uchun hech qanday asos yo‘qligi sababli oylik ish haqlari to‘lanmaganligi ma’lum qilingan.

Biroq, ushbu xatga ilova qilgan xujjatlarga ko‘ra, 36-MTT xodimlariga o‘rtacha oylik ish haqlari xisoblanganda 135.361.342 (bir yuz uttiz besh million uch yuz oltmish bir ming uch yuz qirq) so‘mnitashkil etgan.

Vaxolanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 159-moddasiga ko‘ra, xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqtida uning o‘rtacha ish haqi saqlanshi belgilab o‘tilgan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq Mehnat kodeksning 161-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lanishi shartligi, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Shunga ko'ra, Davlatobod tuman adliya bo'limi tomonidan tuman maktabgacha ta'lim bo'limiga X-sonli MTT xodimlarining 2021-yilning may oyidan 2021-yilning dekabr oyiga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan o‘rtacha oylik ish xaqlarini to‘lab berish yuzasidan bajarilishi majburiy bo'lgan taqdimnoma chiqarilgan.

Natijada, taqdimnomaga asosan X-sonli MTTning 25 nafar xodimlariga 149 million so'mdan ortiq pul mablag'lari to'lanishi ta'minlandi.

Namangan viloyat adliya boshqarmasi