March 16

Xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish shartlari belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 17 fevraldagi 95-son qaroriga ko`ra:

Ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun mobaynida mazkur sertifikatni olish xarajatlarini qoplab berishni so‘rab ushbu Reglamentda belgilangan tartibda murojaat qilishi lozim.

Bunda ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikat olish xarajatlarini to‘liq qoplash bo‘yicha so‘rovnoma yuborish vaqtida ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatning amal qilish muddati tugamagan bo‘lishi lozim.

7. Ariza beruvchining xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berishda ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat talab etilmaydi.

8. Xalqaro IT-sertifikatlar boshlang‘ich darajada bo‘lganda 30 foiz, o‘rta darajada bo‘lganda 40 foiz hamda professional darajada bo‘lganda 60 foiz miqdorda sarflangan xarajatlar qoplab beriladi.

9. Ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi hamda professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Bunda professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarning mazkur sertifikatni olish xarajatlari ushbu Reglamentga 2-ilovada nazarda tutilgan ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatlar ro‘yxatiga muvofiq to‘liq qoplab beriladi.

10. Xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lmasdan turib, ariza beruvchining xalqaro IT-sertifikat olish uchun o‘quv kursiga sarflagan xarajatlari qoplanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi:

11. Ariza beruvchi O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda — YaIDXP) davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

12. Ariza beruvchi mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi va quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:

xalqaro IT-sertifikat nusxasi (pdf shaklida);

ariza beruvchining xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatlarini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi nusxasi (pdf shaklida);

qoplanishi zarur bo‘lgan mablag‘lar yo‘naltiriladigan aktiv holatda bo‘lgan milliy valyutadagi bank plastik kartasiga oid ma’lumotlar;

ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatini to‘liq qoplash bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldirayotgan bo‘lsa, ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori darajaga egaligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat nusxasi (pdf shaklida);

ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikatni olish uchun o‘quv kursiga sarflagan xarajatlarni qoplash bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldirayotgan bo‘lsa, xalqaro IT-sertifikatni olish uchun o‘qiganligini va o‘quv kursini tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (pdf shaklida).

13. Ariza beruvchidan ushbu Reglamentning 12-bandida ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

14. Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va tasdiqlaydi.

So‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlar hamda ilova qilingan hujjatlarning haqqoniyligi va to‘g‘riligiga ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.

15. Ariza beruvchi tomonidan to‘ldirilgan so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar avtomatik tarzda ishchi organga yuboriladi.

Agar so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar tuzatish mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklar bilan yuborilgan bo‘lsa, ishchi organ tomonidan ularni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga besh ish kunidan iborat muddat beriladi.

Bunda davlat xizmatini ko‘rsatishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi xabar ariza beruvchiga uch ish kuni ichida yuborilishi lozim.

Davlat xizmatini ko‘rsatish muddatining o‘tishi kamchiliklarni bartaraf etish vaqtida to‘xtatib turiladi.

16. Ishchi organ ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni yetti ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi hamda xalqaro IT-sertifikat va ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazadi.

Agar xalqaro IT-sertifikat va ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatning haqiqiyligini verifikatsiya orqali aniqlashning imkoni bo‘lmasa, ishchi organ xalqaro IT-sertifikat va/yoki ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni taqdim qilgan tashkilotga ushbu sertifikatning haqiqiyligini aniqlash yuzasidan so‘rov yuboradi.

Bunda xalqaro IT-sertifikat va/yoki ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatning haqiqiyligini aniqlash muddati 30 kalendar kunga uzaytiriladi va bu haqda ishchi organ tomonidan ariza beruvchiga elektron shaklda xabar yuboriladi.

17. Ishchi organ tomonidan xalqaro IT-sertifikat va/yoki ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatni taqdim qilgan tashkilotga yuborilgan so‘rovga 30 kalendar kun ichida javob berilmaganda yoki ushbu sertifikatning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi haqida belgilangan muddatdan kechikib javob olinganda, ishchi organ tomonidan bu haqda ariza beruvchiga elektron shaklda xabar yuboriladi.

Bunda xalqaro IT-sertifikat va ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikatning haqiqiyligi uni taqdim qilgan tashkilot tomonidan 30 kalendar kun muddatdan o‘tib tasdiqlanganda, mazkur Reglament talablariga muvofiq takroran murojaat etmagan holda ariza beruvchining xarajatlari qoplab beriladi.

Zarur hollarda ishchi organ tomonidan xalqaro IT-sertifikat va ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat haqiqiyligi ariza beruvchining roziligi bilan ularning login va paroli orqali xalqaro IT-sertifikat va ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat taqdim qilgan tashkilotning rasmiy veb-sayti (platforma) yordamida aniqlanishi mumkin.

Ariza beruvchi login va parolini berishga rozi bo‘lmagan taqdirda, uning xohishiga ko‘ra Raqamli texnologiyalar vazirligining tegishli hududiy tarkibiy bo‘linmalarida ariza beruvchining ishtirokida tekshirilishi mumkin.

Jarqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi

YXKM bosh yuriskonsulti R.T.Nazarov