September 7

🚩 Qaysi banklar koʻproq ipoteka krediti bermoqda?

🟦 2024-yilda Oʻzbekistonda banklar avvalgi yilga qaraganda kamroq ipoteka krediti ajratmoqda. Bu tendensiya haqida bir necha bor yozilgan edi.

📥 Banklarning davlat mablagʻlarisiz, oʻz resurslari hisobidan bozor sharoitlarida ajratayotgan ipoteka kreditlari soni ham qisqarmoqda(.pdf)

Bu kreditlar aholiga ikkilamchi bozordan uy sotib olish uchun qulay usul hisoblanadi. Masalan, 2024-yilda banklar ajratgan ipoteka kreditlarining 85 foizi eski uylar uchun olingan.

2024-yilning birinchi yarmida 6 451 kishi banklardan bozor sharoitlarida ipoteka krediti olgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 8 323 kishini tashkil etgan — yaʼni pasayish 22,5 foiz boʻldi.

Shunga qaramay, uy narxlarining oshishi sababli ajratilgan ipoteka kreditlarining umumiy miqdori koʻpaymoqda. 2023-yilda bu koʻrsatkich 2 trln soʻm boʻlgan boʻlsa, 2024-yilda 2,4 trln soʻmga yetdi.

Banklar oʻz hisobidan ajratgan ipoteka kreditlarining yarmidan koʻpi 6 yildan 10 yilgacha muddatga olingan.

Bunday ipoteka krediti ajratgan banklar orasida “Milliy bank” 524 mlrd soʻm bilan yetakchilik qilmoqda. Ipoteka krediti ajratishni keskin oshirgan “Davr bank” 449 mlrd soʻm bilan ikkinchi oʻrinni egalladi.

2023-yilda uy sotib olish uchun eng koʻp mablagʻ ajratgan “Infinbank” (625 mlrd soʻm) 2024-yilda sezilarli ravishda kamroq — 183 mlrd soʻmlik ipoteka kreditlari shartnomalarini tuzgan.

Banklarning oʻz mablagʻi hisobidan kamroq ipoteka krediti ajratishini koʻchmas mulk bozoridagi vaziyat bilan bogʻlash mumkin.

🟦 2024-yilda sotuvlar kamayib, narx oʻsishi sekinlashmoqda. Ayrim oylarda esa uylar narxida pasayish ham qayd etildi.