October 8

Qo’rqma by Javlon Joyliyev

“Qo’rqma” nomli kitobni ikkinchi bor o’qib chiqdim. Ikkisida ham turli narsalarni o’rgandim, o’zim uchun kerakli bo’lgan ma’lumotlarni oldim. Kitobni bir so’z bilan tariflash mumkinmi deb so’rashganda, men ikkilanmasdan kitobning o’z ma’nosidan foydalangan bo’lardim ya’ni QO’RQMA. Asarda umumiy ma’noda bir millat bolasining o’z tarixi, o’tmishi ortidan dunyo kezgani, “uyquda yotgan” millatni turg’izish uchun qilgan harakatlari, yo’qolgan tarixni tiklash borasida qilgan amallari haqida gap ketadi.

Demak, asar borasida quyidagi fikrlar kamina tomonidan yangraydi :

Birinchidan, asarning turli xissiyotlarga boy ekanligi va aynan o’zbek o’g’loni o’sha xissiyotlar bilan to’qnash kelayotganligi Javlon Jovliyevning mahoratini ko’rsatib qo’ygan desak mubolag’a bo’lmaydi. Asarning bosh qahramoni chaqaloqlik davrida o’z ota-onasidan, talabalik davrida bobo va buvisidan hamda Germaniyaga borgan vaqtda o’z sevgilisidan ayrilishi kitobxon vujudida qahramonga nisbatan ajib bir hamdardlik hissini yuzaga keltirishi tabiiy. Ammo, fikri ojizimcha yozuvchi yuqoridagi kabi yo’qotishlarni oldinga o’ringa chiqarmaydi. U o’zi uchun o’sha vaqtdagi o’zbek millatining yo’qotilishi yoki yo’qolishini eng katta fojea sifatida baholagan. Yozuvchi asar qahramoni fonida ham ushbu xislatlarni kitobxonga ko’rsatishga harakat qilgan, ammo bir o’qishda ushbu yashirin fikrni ilg’ab olish qiyinchilik tug’dirishi mumkin.

Ikkinchidan, Javlon Joyliyevning asar yozish san’atiga ham tan berishimiz lozim. Voqealarning ketma ket joylashtirilganligi va kitobxonni doimiy qiziqishda ushlab turish mahoratini yuqori baholagan bo’lardim. Asar kitobxonni turli xil vaqtda turli xil hissiyotlar domiga tashlab qo’yadi, kitobxon tafakkur qiladi, voqealarni tahlil qiladi.

Uchinchidan, yozuvchi tomonidan chegara bilan belgilab qo’yilgan voqealar ostida ulkan ma’noning bor ekanligi diqqatimni tortdi, meni o’ylashga majbur qildi. Xususan, asar qahramonining oilasi duchor bo’lgan lan’at go’yoki faqatgina u oila uchun emas, butun o’zbek xalqi uchun yuborilgan bir lan’atdir. Axir, tafakkur qiladigan bo’lsak, o’sha 70 talabani, o’zbek xalqining ilg’or farzandlarini, vatan uchun jonini berishga tayyor turuvchi o’g’lonlarni kim bolshevik atalmish baloga sotgan ? Sotganlar, sotqinlar ham o’zbek edi, o’zbek xalqi o’zini, o’zligini sotdi. Shuningdek, asar davomida uchratishimiz mumkin bo’lgan “eshakqurtlar” atamasi oddiygina bir hasharot uchun emas, “bolsheviklar” uchun ishlatildi. Zeroki, asarda ta’kidlanishicha, “eshakqurtlar” ham millatni, insoniyatni yedi, endi aytingchi “bolsheviklar”ning Turkistonda amalga oshirgan harakatlari ham millatni, borliqni yeb biritish, uni tamom qilish emasmidi ?

Telegram kanal - https://t.me/omonoffozil