November 11, 2021

"Yil talabasi-2021"

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Yil talabasi-2021” tanlovining

NIZOMI

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida
“Yil talabasi-2021” tanlovini (keyingi o‘rinlarda – Tanlov) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlovning asosiy maqsadi: jamiyatga, davlatga yetuk yosh, raqobatbardosh kadrlarni yetishtirib berish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, intellektual salohiyatini oshirish, oliy o‘quv yurtlaridagi iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning o‘z salohiyatlarini namoyon etishlariga imkoniyatlar yaratish, jamoatchilik, fidoyilik fazilatlarini shakllantirish, talabalik nufuzini oshirish hamda rag‘batlantirishdan iborat.

3. Tanlov bosqichma-bosqich, ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq (tadbir zarur hollarda pandemiya davri talablaridan kelib chiqqan holda onlayn tarzda o‘tkaziladi) quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:

a) Tanlovning birinchi bosqichi har bir oliy ta’lim muassasasida ikki turda tashkillashtiriladi:

birinchi tur – har bir fakultet (kesimi)da o‘tkaziladi;

ikkinchi tur – oliy ta’lim muassasasi miqyosida, fakultetlar kesimida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida o‘tkaziladi.

b) Tanlovning respublika bosqichi (onlayn tarzda) joriy yilning dekabr oyida o‘tkaziladi.

4. Quyidagilar tanlov o‘tkazishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

a) birinchi – oliy ta’lim muassasasi bosqichida rektor (direktor) boshchiligida tegishli mutaxassislar tarkibidan tanlov komissiyasi tashkil etilib, ular tomonidan:

har bir oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganish asosida tanlovga tavsiya etilgan talabalarning taqdimotini tashkil etish;

tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan fanlarni o‘zlashtirish natijalari, jamoatchilik ishlari va erishilgan yutuqlar aks etgan hujjatlarni, talabalarning ilmiy va ijodiy ishlarini qabul qilish va o‘rganish asnosida tahlil etish;

tanlov ishtirokchilarining darslardagi ishtiroki, faollik darajasi, yetakchilik qobiliyatini kuzatish va baholash hamda g‘olib deb topilgan ishtirokchiga tanlovning respublika bosqichida qatnashishi uchun tavsiyanoma berish;

b) ikkinchi, respublika bosqichida Tashkiliy qo‘mita va tanlov komissiyasi tomonidan:

oliy ta’lim muassasalaridan taqdim etilgan tavsiya hujjatlarini va tanlov ishtirokchilarining taqdimot materiallarini qabul qilish, o‘rganish va tahlil etish asosida g‘oliblarni aniqlash;

tanlov g‘oliblarining moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilishini tashkil etish;

tanlov o‘tishi va natijalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.

5. Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

a) “Yilning eng faol bilimdon talabasi” (o‘z mutaxassisligi bo‘yicha), bunda talabaning fanlarni o‘zlashtirishi va o‘quv jarayonlardagi ishtiroki va faolligi, chop etilgan maqola va tezislari hamda ularning mazmun-mohiyati, dolzarbligiga oid ishlar ko‘rib chiqiladi;

b) “Yilning eng faol targ‘ibotchi talabasi”, bunda talabaning oliy ta’lim muassasasi jamoat ishlaridagi va boshqa jamoat tashkilotlari faoliyatidagi amaliy ishtiroki, faollik darajasi, targ‘ibotchi sifatidagi namunaviy ishlari, tashkilotchilik qobiliyati va shu asosda o‘zi tashkil etgan tadbirlar mazmuni, erishgan yutuqlari ko‘rib chiqiladi;

d) “Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi”, bunda joriy yilda talaba tomonidan yaratilgan ilmiy ishlar, ixtirolar, innovatsion g‘oyalari, ratsionalizatorlik takliflari, ularning yangiligi, dolzarbligi va ilmiy ahamiyati ko‘rib chiqiladi;

e) “Yilning eng faol sportchi talabasi”, bunda joriy yilda talabaning xalqaro va respublika miqiyosidagi o‘tkazilgan sport musobaqalaridagi yutuqlari va erishgan natijalari ko‘rib chiqiladi;

f) “Yilning eng faol bloger talabasi”,bunda talabaning joriy yilda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi yaratgan ta’lim olishga talaba-yoshlarni targ‘ib qiluvchi ishlanmalari va oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni yoritishda faollik darajasi hamda ushbu sohada erishgan yutuqlari ko‘rib chiqiladi;

g) “Yilning eng faol ijodkor talabasi”, bunda talabaning o‘zi tanlagan mutaxassisligi yo‘nalishidan qat’iy nazar musiqa, adabiyot, san’at va teatr sohasidagi qiziqishlari va joriy yilda erishgan natijalari ko‘rib chiqiladi;

h) “Yilning eng faol tadbirkor talabasi” (xotin-qizlar uchun), bunda joriy yilda mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan talaba-qizlarning erishgan yutuqlari hamda yoshlarni ish bilan ta’minlaganlik darajasi ko‘rib chiqiladi.

II. Tanlovning oliy ta’lim muassasasidagi bosqichini

tashkil etish tartibi

6. Tanlovning oliy ta’lim muassasasidagi bosqichi noyabr oyida o‘tkaziladi.

7. Tanlovning oliy ta’lim muassasasi bosqichining ikkita turda o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi yig‘ilish (har bir tur bo‘yicha alohida) bayonnomalari tanlov komissiyasi a’zolari imzosi bilan tasdiqlanadi va ikkita bayonnoma g‘olib to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘majildi bilan birgalikda Respublika tashkiliy qo‘mitasiga taqdim etiladi.

8. Tanlov komissiyasi oliy ta’lim muassasasining ma’muriy-boshqaruv xodimlari, mutaxassis-o‘qituvchilar, hamkor tashkilotlardan jalb etilgan mutaxassislar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi.

9. Tanlov komissiyasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:

tanlovning oliy ta’lim muassasasidagi bosqichi axborot ta’minotini tashkil qiladi;

tanlov ishtirokchilaridan buyurtmanomalar va materiallarni qabul qilishni tashkil etadi;

tanlov ishtirokchisi taqdim etgan hujjatlarni hamda darslarda va jamoat ishlaridagi ishtiroki sifatini baholaydi;

10. Tanlovda oliy ta’lim muassasasida uzliksiz (akademik ta’tilsiz) kunduzgi ta’lim shaklida o‘qib kelayotgan 2, 4-bosqich talabalari ishtirok etishi mumkin.

11. Tanlovning oliy ta’lim muassasasi bosqichida ishtirok etish istagini bildirgan talabalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar to‘plami tegishli fakultet dekanati tomonidan saralanadi va noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida hujjatlar to‘plamini tanlov komissiyasiga taqdim etiladi.

12. Ishtirokchiga tegishli bo‘lgan quyidagi hujjatlar to‘plami fakultet dekanati tomonidan tayyorlanadi va tanlov komissiyasiga taqdim etiladi:

tanlov ishtirokchisining qobiliyati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, yetakchilik qobiliyati, erishgan yutuqlari, darslardagi faol ishtiroki, talabalarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlari va jamoat ishlaridagi faoliyati haqidagi ma’lumotlar bayon etilgan ikki betdan oshmaydigan hajmdagi taqdimnoma;

tanlov ishtirokchisining fanlarni o‘zlashtirish natijalari aks etgan hujjatlar (baholarni qayd etish varaqalari, talabaning baholarni o‘zlashtirish sinov daftarchasi) nusxalari;

tanlov ishtirokchisining nashr etilgan ilmiy, ilmiy-uslubiy, ijodiy ishlari, ularga tegishli mutaxassislardan olingan taqrizlar bilan birga va ijodiy ishlarning elektron shakli;

xalqaro va respublikamiz miqiyosida o‘tkazilgan tadbirlar, tanlovlarda faxriy yorliqlar va diplomlar bilan taqdirlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (nusxalari ilova qilinadi);

grantlarda ishtirok etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, grantning nomi, moliyalashtirish hajmi, ishtirokning shakli va darajasi ko‘rsatiladi;

konferensiyalardagi ishtiroki haqidagi ma’lumotlar, ilmiy ishlar ro‘yxati va ilmiy ishlar nusxalari ilova sifatida taqdim etiladi;

hujjatlar to‘plamiga kiritilgan materiallar va axborotlar joriy yil davomida chop etilgan bo‘lishi lozim.

13. Tanlov komissiyasi, ishtirokchilarning hujjatlar to‘plami, darslarda va jamoat ishlarida ishtiroki sifatini, shuningdek, ishtirokchi bilan individual o‘tkazilgan suhbat doirasida olingan ma’lumotlarni baholash natijalarini hisobga olgan holda, har bir nominatsiya bo‘yicha g‘olib (1, 2, 3-o‘rin)larni aniqlaydi va birinchi o‘rin sovrindorlarini tanlovning respublika bosqichida qatnashish uchun tavsiya etadi.

14. Nominatsiyalar bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar oliy ta’lim muassasasining faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanadi hamda tegishli ravishda 1-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobari miqdorida, 2-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 6 barobari miqdorida va 3-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari miqdorida moddiy rag‘batlantiriladi.

15. Moddiy rag‘batlantirish uchun pul mablag‘lari oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

III. Tanlov tashkilotchilari va ta’sischilari

16. Tanlovning respublika bosqichi har yili dekabr oyida o‘tkaziladi.

Tanlovning respublika bosqichini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita) tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Tashkiliy qo‘mita tarkibiga tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda Yoshlar ishlari agentligi, shuningdek, boshqa tashkilotlarning vakillari kiritiladi.

17. Quyidagilar Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Tanlovni o‘tkazish muddatlarini belgilash (pandemiya davri talablaridan kelib chiqqan holda, masofaviy-onlayn shaklida) va uni yuqori darajada o‘tkazish;

har bir nominatsiya bo‘yicha alohida tanlov komissiyasi (ekspertlar guruhi) tarkibini shakllantirish;

har bir nominatsiya bo‘yicha baholash mezonlarini ishlab chiqish;

18. Tashkiliy qo‘mita, qoidaga ko‘ra, rais, rais o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita kotibi va a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Tashkiliy qo‘mita raisi, rais o‘rinbosari va kotibi uning a’zolari orasidan saylanadi.

19. Tashkiliy qo‘mita raisi:

Tashkiliy qo‘mita majlisi kun tartibini belgilaydi va uni o‘tkazadi;

Tashkiliy qo‘mita qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;

Tashkiliy qo‘mita a’zolariga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi.

20. Tashkiliy qo‘mita a’zolari quyidagi huquqlarga ega:

Tashkiliy qo‘mita majlislarida ko‘rib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashish;

ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha xulosalar taqdim etish.

Tashkiliy qo‘mita faoliyatida ishtirok etish jamoatchilik asosida amalga oshiriladi.

21. Tashkiliy qo‘mita majlisini rais yoki rais o‘rinbosari boshqaradi.

Tashkiliy qo‘mita majlisi a’zolarining uchdan ikki qismi qatnashganda vakolatli hisoblanadi.

22. Tashkiliy qo‘mita kotibi:

Tashkiliy qo‘mita majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;

Tashkiliy qo‘mita raisi bilan majlisning o‘tkaziladigan joyi va vaqtini kelishadi;

Tashkiliy qo‘mita a’zolarini majlisning o‘tkazilish sanasi, joyi va kun tartibidan xabardor qiladi;

Tashkiliy qo‘mita majlislarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘tkazilishini tashkil etadi;

Tashkiliy qo‘mita majlisi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangandan so‘ng Tashkiliy qo‘mita a’zolariga va manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.

23. Tashkiliy qo‘mita qarori a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lganda Tashkiliy qo‘mita raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

24. Tashkiliy qo‘mitaning ish tartibi u tasdiqlaydigan reglament asosida belgilanadi.

25. Tanlovning ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hisoblanadi.

26. Ta’sischi tanlovning barcha bosqichlarini tashkillashtirish va o‘tkazish jarayonida Tashkiliy qo‘mita tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlashda bevosita hamkorlik qiladi va o‘z vakillarining Tashkiliy qo‘mita a’zosi sifatida samarali ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

IV. Tanlovning Respublika bosqichini o‘tkazish

27. Tanlov komissiyalarining har bir nominatsiya bo‘yicha tarkiblari Respublika Tashkiliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

28. Tanlov komissiyalari tanlovning Respublika bosqichiga taqdim etilgan ishtirokchilarning hujjatlarini 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi hamda har bir nominatsiya bo‘yicha komissiya a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida tanlov ishlari baholash orqali har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar (1, 2 va 3-o‘rin) aniqlanadi. Tanlov komissiyalari majlislari bayonnomalari Tashkiliy qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.

29. Tanlovning Respublika bosqichida har bir nominatsiyalar bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rin sovrindorlari bo‘lgan ishtirokchilar tanlov statuetkasi, guldasta, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tegishli darajadagi diplomlari va 1-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari miqdorida pul mukofoti, 2-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida pul mukofoti hamda 3-o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

30. Tanlov g‘oliblarini moddiy rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i asosida oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

31. Tanlov g‘oliblari oliy ta’lim muassasalarining homiy tashkilotlari tomonidan qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirilishi mumkin.

32. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar o‘z hisoblaridan tanlov g‘oliblarini qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirishga haqlidirlar.

33. G‘oliblarni mukofotlash tadbiri tanlovning Tashkiliy qo‘mita qarori asosida belgilangan muddatda tantanali ravishda o‘tkaziladi.

34. Tanlovga taqdim etilgan hujjatlar qaytarilmaydi.

V. Yakuniy qoidalar

35. Mazkur nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.