March 26, 2019

Sportchining texnik tayyorgarligi haqida

Sportchining texnik tayyorgarligi deb, unga sportda bahs yuritish vositasi yoki mashg‘ulot vositasi bo‘lib xizmat qiluvchi harakat va faoliyat texnikasini o‘rgatishga aytiladi. Maxsus texnik tayyorgarlik jarayonida sportchi tanlangan sport turi texnikasini o‘rgana boradi, sport bo‘yicha ixtisoslashish sohasiga aloqador harakat va faoliyatlarning biomexanik qonuniyatlarini bilib oladi, tegishli harakat malakalarini amalda o‘zlashtirib, ularni mumkin qadar yuqori darajada mukammallashtira boradi.

Shu bilan bir qatorda va shu munosabat bilan umumiy texnik tayyorgarlik olib boriladi. Texnik tayyorgarlikdan maqsad sportchining umumiy jismoniy tarbiya ma’lumotini, jismoniy mashqlarning umumiy texnik asoslari sohasidagi bilimini muntazam sur’atda kengaytirib borish va hayotda hamda sport amaliyotida foydali bo‘lgan harakat qilish mahorati va malakalari fondini to‘ldirib borishdan iborat.