April 1, 2020

KORONOVIRUS (COVID-19) insoniyatga yuborilgan sinovdir

Biz bugungi kunda xabarlar juda tez, yashin tezligida tarqaladigan globallashgan internet asrida yashamoqdamiz.

Insoniyat shu kunlarda “tojdor virus”, ya’ni “COVID-19” nomli koronavirus pandemiyasi bilan kurashmoqda. Bu ofat ham xuddi shunday guyoki, yashin tezligida butun dunyoga tarqalmoqda.

COVID-19

Bu insoniyat tarixidagi 18-pandemiya hisoblanadi. Pandemiyaning ma’lum bir hududda tarqalgan yuqumli kasallik – epidemiyadan farqi shundaki, u butun yer shari miqyosida yoppasiga tarqaluvchi ofatdir.

Tarixiy solnomalarda yozilishicha, birinchi pandemiya XI-XII asrlarda butun Yevropa va Osiyoni qamrab olib, dunyoda yuz million kishining yostig‘ini quritgan “Yustinyan o‘lati” deb nomlangan ofatdir.

XIV asrning o‘rtalarida Xitoydan boshlanib, butun Yevropani majruh qilgan “qora o‘lim” nomli o‘lat epidemiyasidan esa 34 million kishi halok bo‘lgan. XIX asr boshidan buyon 7 marta xuruj qilgan vabo pandemiyasi yuz millionlab kishilarni qirg‘in qilgan.

1918-1919 yillarda yer yuzida “ispancha gripp” pandemiyasidan 550 million kishi kasallanadi va ularning 15 foizi halok bo‘lgan.

2009-2010 yillarda “cho‘chqa gripi” nomini olgan H1N1 virusi Meksikadan boshlanib, butun Yer yuzini egalladi va u 220 ming kishiga yuqib, ulardan qariyib 2 ming nafarini halok qildi.

1981 yili Janubiy Afrika respublikasidan boshlangan OITS (SPID) infeksiyasi shu choqqacha 60 million kishiga yuqdi, ulardan 25 millioni halok bo‘ldi.

Bu raqamlar har birimizni jiddiy o‘ylashga undashi lozim. To‘g‘ri, ilgarilari odamlarning tibbiy savodxonligi past, davolash uchun dori-darmonlar yetarli bo‘lmaganligi bois yuqumli kasalliklarni yengish qiyin kechgan.

Ammo tarixdan ma’lumki, XI-XII asrlardagi o‘lat pandemiyasi Farg‘ona vodiysiga ham tarqalgan. O‘latni yengish juda qiyin bo‘lgan. Shunda, islom diniga mansub ulamolardan biri hadislarda bayon etilgan 7 usulni qo‘llab, aholini o‘latdan qutqarib qolgan ekan. Bu usullar quyidagilar:

✅ kasallarni ajratib qo‘yish (izolyatsiya qilish);
✅ tozalikka qat’iy rioya qilish;
✅ to‘g‘ri va pokiza ovqatlanish;
✅ odamlarning chilla saqlab, uylaridan chiqmasligi (karantin – fr. quarantaine ot ital. quarantena — «qirq kun va qirq tun»);
✅ odamlarning g‘uj bo‘lmasligi (jamoaviy ibodatlardan tiyilish);
✅ sabr-toqatli bo‘lish;
✅ vahimaga tushmaslik.

Bu usullar bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Pandemiya ta’siri O‘zbekistonga ham yetib kelgach, hukumatimiz uning tarqalib ketishi oldini olishga oid oqilona qarorlar qabul qildi. Biz Xitoy, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlar tajribasidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, imkoni boricha kasallik tarqalishining oldini olishimiz lozim.

💢 bir joydan boshqa joyga borishni to‘xtatishimiz;
💢 oilaviy tantanalar, marosim va marakalarni o‘tkazmasligimiz;
💢 hattoki, qo‘shninikiga ham o‘tmasligimiz;
💢 ko‘chaga niqobsiz chiqmasligimiz;
💢 ko‘chadan kelganda antiseptik vositalardan foydalanishimiz;
💢 yuz-qo‘llarni yaxshilab sovunlab bir necha maratoba yuvishimiz;
💢 kasallarni yashirmasligimiz;
💢 chegaralarning yopilishini to‘g‘ri tushunishimiz;
💢 hududlar o‘rtasidagi aloqalarni imkon qadar kamaytirishimiz lozim.

Bugungi globallashuv sharoitida fuqarolarimizning jahon bo‘ylab tarqab ketganligi natijasida pandemiya tarqalgan hududlardan qaytib Vatanga kelishi yuqumli kasalliklarning keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Agar bir yoqadan bosh chiqarib, karantin shartlariga qat’iy rioya qilib, kasallanganlarni yashirmay, ularning o‘z vaqtida tibbiy yordam olishiga imkoniyat yaratsak, har birimiz ibrat ko‘rsatib, intizomli harakat qilsak bu pandemiyani albatta yengamiz.

Pandemiyaning cho‘zilishi ham, qisqartirish ham o‘z qo‘limizda ekanligini unutmaylik. Xalqimizning aql-farosati, sabr-toqati, mehr-muruvvatlilik sifatlari, islomiy halolligi va e’tiqodi bu sinovdan ham eson-omon olib o‘tishiga ishonaman. Xalqimizni har qanday ofatu kulfatlardan Allohimning o‘zi asrasin.

Baxtiyor To‘rayevning "Pandemiyani yengish uchun hadislarda nima deyilgan" sarlavhali maqolasidan foydalanildi.

N.Bekniyozov, DTM Navoiy viloyati bo‘limi