June 20, 2020

⚡️QABUL-2020: Bugun, 20-iyundan boshlab, Oliy Ta'lim Muassasalariga onlayn qabul jarayoni boshlanadi. Qabul jarayoniga oid muhim ma'lumotlarni keltirib o'taman.

🔹Qabul 20-iyundan boshlab, 20-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi. Hujjatlarni onlayn tarzda my.gov.uz va abitur.dtm.uz saytlari orqali onlayn qabul qilinadi.

🔹 Shuningdek, Maxsus komissiya tasdiqlab bergan hududlardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali ham hujjat topshirish mumkin. Ya'ni DXMlar barcha joyda hujjat qabul qilmaydi, faqat ayrim hududlarda ishlaydi. Bu ko'proq yashil hududlarda bo'lsa kerak.

❌ OTMga borib hujjat topshirilmaydi.

❗️ Hujjatlarni onlayn topshirish bo'yicha keyinroq ma'lumot beraman.

🔹Oldingi o‘quv yillarida ta'lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim barobari miqdorida (hozirda 115 000 so'm) yig‘im undiriladi (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta'minotidagi shaxslar bundan mustasno). To'lovni Payme, Click, Upay, Paynet kabi elektron to'lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshirish mumkin.

🔹Oliy ta'lim muassasalari qabulida abituriyentlar quyidagi hujjatlarni topshirishlari lozim:
Avvalgi yillardagi bitiruvchilar uchun
- pasport;
- diplom;
- til bo‘yicha sertifikat (agar mavjud bo'lsa);
- imtiyozi mavjud bo‘lganda, imtiyozni tasdiqlovchi hujjatlar.
Joriy yil bitiruvchilari uchun:
- pasport;
- bitiruv attestati (qabul qiluvchilar tomonidan bazadan elektron tarzda olinadi).

🔹Abituriyentlar 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. 5 ta yo‘nalish tanlayotganda eng asosiy 2 ta shart bor:
1) fanlar ketma-ketligi mos kelishi kerak;
2) ta’lim shakli (kunduzgi, sirtqi, kechki) bir xil bo‘lishi kerak.

Izoh: Fanlar ketma-ketligi mos bo‘lsin, deganda, 3.2 va 3.1 ball beriladigan 2 ta fan to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashishi kerak. Masalan, bitta yo‘nalishda fanlar quyidagicha:
- biologiya (3.2 ball;)
- kimyo (3.1 ball).
Ikkinchi yo‘nalishda esa boshqacha:
- kimyo (3.2 ball);
- biologiya (3.1 ball).

Garchi test olinadigan 2 ta fan bir xil bo‘lsa ham, lekin ularga beriladigan ballar boshqachaligi sababli abituriyent ushbu yo‘nalishlarga bir paytda hujjat topshira olmaydi.