December 13, 2024

Stanislav Vasyutkin: "Kompaniya oldida turgan ulkan vazifalarni hal qilish men uchun professional chaqiriqdir"

Neft va gaz konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari – Saneg bosh geologi Stanislav Vyacheslavovich Vasyutkin bilan suhbat.

— Kasb yo‘lingiz qanday boshlanganligi haqida aytib bersangiz ?

— Men G‘arbiy Sibirning Kogalim shahrida tug‘ilganman. Kogalim neft monoshahari hisoblanadi. U yerda aksariyat odamlar u yoki bu tarzda neft-gaz sanoati bilan bog‘liq. Kasb tanlashda menda ko‘p variant bo‘lmagan, chunki bunday jamiyatda yashay turib, neft sohasi hayotingizning bir qismiga, sizning tafakkuringiz va ong ostingizning o‘ziga xos namunasiga aylanmasligining iloji yo‘q. Ota-onam ham neft sohasida ishlashgan. Ular bu yerga 80-yillarning boshlarida, G‘arbiy Sibir neft provinsiyasini o‘zlashtirishning faol bosqichi endigina boshlangan paytda kelganlar. Shunday qilib, aytish mumkinki, men ularning izidan bordim.

— Ishingizda sizga ko‘proq nima yoqadi? Nimasi murakkab tuyuladi?

— Menga bu yerda doimo rivojlanish imkoniyati borligi yoqadi. Men o‘z oldimga kichik vazifalarni qo‘yaman va ular birlashib, katta maqsadga aylanadi. Har bir kon o‘ziga xos, noyob, shuning uchun neft-gaz sanoatida yangi bilimlarni egallash uchun imkoniyatlar ulkan. Bundan tashqari, bugungi kunda "neftgaz"ni zamonaviy texnologiyalar, jumladan, IT – mashinali o‘qitish, sun’iy intellekt, modellashtirishsiz tasavvur qilish qiyin. Neft sanoati nafaqat geologiya va qazib olish texnologiyasini, balki marketing, iqtisodiyot, loyiha boshqaruvi, risklarni boshqarishni qamrab oladi va bularning barchasiga yakuniy natija kontekstida qarash kerak. Oxir-oqibatda barchasi biznesni monetizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan. Shuning uchun bizning kasbimizda har bir mutaxassis yoki rahbar neft biznesining har qanday yo‘nalishida rivojlanish imkoniyatiga ega, bu yerda o‘z-o‘zini takomillashtirish uchun cheklovlar yo‘q.

— Sizningcha, geolog uchun har tomonlama bilim olish qanchalik muhim? Bu sohada qanday ko‘nikma yoki bilimlar zarur?

— Neft-gaz sanoatini to‘laqonli tushunish uchun mutaxassis-geolog, mening fikrimcha, nafaqat geologiyani tushunishi, balki sohaga yaqin sohalarda bilimlarga ega bo‘lishi kerak, bular: qatlam fizikasi, jinslar geomexanikasi, gidrodinamika, qazib olish texnikasi va texnologiyasi, tayyorlash va hatto qayta ishlash. Bunday asosiy bilimlar tor yo‘nalishli geologik bilimlardan tashqari, geologga professional bo‘lish imkonini beradi.

— Malaka oshirish yosh mutaxassislarga, ayniqsa, O‘zbekistonda qanday yordam berishi mumkin?

— Har qanday malaka oshirish motivatsiyasi bor inson uchun foydali, deb hisoblayman. Men, masalan, professional tarzda o‘sish uchun har doim har qanday imkoniyatdan foydalanib qolishga intilardim va hech qachon bunga vaqtni ayamasdim. Ya’ni, har qanday holatda ham egallanadigan yangi bilimlar, barcha ko‘nikmalar u yoki bu tarzda inson shaxsini shakllantiradi, shuning uchun ham har qanday malaka oshirish, xoh u tor yo‘nalishli, xoh kengaytirilgan yoki yondosh faoliyat bilan bog‘liq bo‘lsin, insonni yanada mohir qiladi. Bu, avvalo, inson uchun, uning shaxsiy o‘sishi va kasbiy qarashlarining shakllanishi uchun muhimdir. Alal-oqibat, bularning barchasi odamning qilayotgan ishiga va o‘z ishida qanday harakat qilishiga ta’sir ko‘rsatadi.

— Siz "Lukoyl"dek yirik va mashhur kompaniyada 10-yildan ortiq ishladingiz. LUKOYLning qaysi tamoyillari yoki amaliyotlarini qimmatli deb hisoblaysiz va jamoamizda qo‘llashga tayyorsiz, yana qaysilarini esa qayta tafakkur qilib ko‘rishga arzigulik, deb hisoblaysiz?

— Ishonchim komilki, korxona ko‘lamini hisobga oladigan bo‘lsak, Saneg uchun loyihalarni amalga oshirishda bosqichma-bosqich yondashuvni qo‘llash, juda samarali va qimmatli bo‘lishi mumkin.

Loyiha boshqaruvi ko‘plab xorijiy va rus kompaniyalarida, shu jumladan, LUKOYLda qo‘llaniladi. Loyihaning har bir ma’lum fazasi loyiha samaradorligini oshirishga qaratilgan harakatlar to‘plami bilan bog‘liq bo‘lib, bular natijada eng yaxshi yechimni topish va qo‘llash imkonini beradi.

— Kompaniyamizga ishga o‘tishingizda siz uchun asosiy sabab yoki turtki nima bo‘ldi? Yangi rolda yoki yangi kompaniyada ish boshlashga sizni jalb qilgan biror maxsus sabab bormi?

— Saneg – yosh, keng geografiyaga ega va O‘zbekiston Respublikasining barcha neft va gaz hududlarini qamrab olgan kompaniya. Kompaniya oldida turgan ulkan vazifalarni hal qilish men uchun professional vazifa hisoblanadi. Ishonchim komilki, jamoaviy ish tufayli Saneg o‘sadi va rivojlanadi.

— Sizning tajribangiz va ma’lumotingiz haqida gapirganda SPE (Society of Petroleum Engineers) ga a’zoligingizni ta’kidlamaslikning iloji yo‘q. Bunga qanday erishdingiz?

— Universitetdan keyin men eng yirik xorijiy korporatsiyalardan birida ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim – bu ko‘p sonli jalb qilingan mutaxassislari bo‘lgan xorijiy kompaniyaning Rossiyadagi aktivi edi, u yerda men ushbu jamiyat haqida birinchi marta eshitgandim. Men o‘sha mehnat yo‘lini bosib o‘tgan shaharda SPE seksiyasi bor edi, vaqti-vaqti bilan uchrashuvlar o‘tkazilardi, odamlar to‘planishar, fikr almashishar, hududdagi u yoki bu muammolarni muhokama qilishardi. Ko‘plab servis kompaniyalari, bir nechta yer qa’ridan foydalanuvchilar ishtirok etar, shuning uchun bu odamlar o‘z tajribalari, sinovlari va tatbiqlari bilan o‘rtoqlashadigan o‘ziga xos platforma edi.

Men kutubxonalar, SPE maqolalaridan foydalanish, aslida, yangi texnologiyalar haqida bilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. SPE ma’lumotlari muntazam ravishda yangilanadi, jamiyat mutaxassislari o‘z tajribalarini bajonidil baham ko‘rishadi va shu tufayli siz har doim butun dunyo bo‘ylab sohaning rivojlanishi haqida xabardor bo‘lishingiz mumkin.

Keyinchalik, O‘zbekistonga kelganimda, biz ko‘ngillilik asosida SPEning Toshkent seksiyasini targ‘ib qila boshladik.

Dastlab men SPE dasturlarini targ‘ib qilish, a’zolik va O‘zbekistonda jamiyatni rivojlantirish bilan bog‘liq lavozimda ishlaganman, keyinroq esa SPEning Toshkentdagi seksiyasini boshqarganman. Biz o‘sha paytda sanoat uchun dolzarb bo‘lgan masalalar bo‘yicha SPE a’zolari va turli mamlakatlardan taklif etilgan ekspertlar ishtirokida tadbirlar, seminarlar, ma’ruzalar uyushtirganmiz. SPEda "a’lochi ma’ruzachilar" dasturi mavjud bo‘lib, ushbu dastur doirasida biz spikerlarni taklif qilgan, ular o‘z tajribalari bilan Toshkent seksiyasi a’zolari bilan o‘rtoqlashganlar.

— SPE a’zoligi nima beradi?

— Eng muhimi – bu netvorking, eng qimmatlisi – bu butun dunyo bo‘ylab ushbu jamiyat birlashtirgan bir necha yuz minglab professionallarni tashkil etuvchi muloqot uchun ochiq bo‘lgan insonlar.

— Sanegda ishlash sizga professional sifatida rivojlanishda qanday yordam beradi?

— Sanegda operatsion faoliyat bilan bir qatorda turli loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi. Ishlab chiqarishga keladigan bo‘lsak: bu yerda quduqlarning katta fondi, konlarning ko‘pligi, har bir kon individual, turli murakkablashtiruvchi omillarga ega. Shuning uchun bu yerda juda ko‘p turli xil ishlab chiqarish vazifalari mavjud bo‘lib, ularning yechimini topish kerak. Aksariyat masalalarga bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda individual yondashuv talab qilinadi. Yer qa’ridagi fizik-kimyoviy jarayonlarni ishonchli tushunish uchun bizga fan yordam beradi, ammo biz yer ostini ko‘ra olmaymiz, noaniqliklar har doim bo‘ladi, shuning uchun u yoki bu qarorni qabul qilishda xavflarni baholash kerak. Ishlab chiqarish hajmi kattaligini hisobga olsak, bu yerda har kuni yangi narsalarni o‘rganish va turli muammolarni hal qilish imkoniyati bo‘ladi.

Kompaniyada texnologik yechimlar va loyihalar joriy etiladi, ularni amalga oshirishda ishtirok etish, hissa qo‘shish va tajriba almashish men uchun muhim va shaxsiy rivojlanishimga yordam beradi.

— Kompaniyada mavjud bo‘lgan qanday resurslar va texnologiyalar ishni yanada aniq va samarali amalga oshirishingizga imkon beradi?

—Aslida, sanoat bir joyda muallaq turmaydi va biz bu yerda ishlayotgan odamlarning tajribasidan foydalanishga harakat qilamiz. Bizning jamoa juda tajribali, mutaxassislar ham geologiyani, ham oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yaxshi tushunishadi. Saneg kompaniyasida biz har doim turli texnologik yechimlar ishlab chiqaruvchilari bilan muloqot qilish uchun ochiqmiz.

Yangi texnologiyalarni joriy etishda cheklovlar yo‘q, deb hisoblayman. Biz texnologiyani ko‘rib chiqishdan uni joriy etishgacha bo‘lgan yo‘lni juda tez bosib o‘tishimiz mumkin.

— Sizningcha, kelajakda geologiya-qidiruvga yondashuvni tubdan o‘zgartiradigan texnologiyalar bormi? Masalan, sun’iy intellekt va ushbu sohadagi katta ma’lumotlarni rivojlantirishga qanday qaraysiz?

— Neft sohasida sun’iy intellekt ekspansiyasi geometrik progressiyada davom etishiga hech qanday shubha yo‘q. Sun’iy intellekt tufayli aniqlanadigan startaplar soni ko‘payadi, ko‘plab “brawn-field” loyihalar qayta ko‘rib chiqiladi va rivojlanishning yangi bosqichiga chiqishi mumkin, samarasiz loyihalar sun’iy intellekt tufayli samarali bo‘lishi mumkin.  Ishonchim komilki, uning qo‘llanilishi neft-gaz sanoatining barcha sohalarida kengayadi va tarmoq samaradorligini oshirishda oldinga katta qadam tashlashga imkon beradi.

— Bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?

— Bo‘sh vaqtimni asosan oilam bilan o‘tkazaman, shuningdek, sport bilan ham shug‘ullanaman. Dam olish kunlari bolalar bilan sport maydonchasiga tez-tez borib turaman, basketbol o‘ynaymiz, ular esa turli sport turlari bilan shug‘ullanishadi. O‘zim ham yugurishga juda qiziqaman, yaqinda Samarqand marafonida qatnashdim.

— Agar sizda o‘tmishdagi yoki hozirgi vaqtdagi istalgan olim bilan muloqot qilish imkoniyati bo‘lganida, kimni tanlagan bo‘lardingiz va nima uchun?

— So‘zsiz, men uchun bu Dmitriy Ivanovich Mendeleyev. Menimcha, biz, neft-gaz sanoati xodimlari uchun uning kashfiyotlari – ishimizning poydevori. Menimcha, insoniyat taraqqiyotini shartli ravishda "oldin" va "keyin"ga bo‘lish mumkin. Darvoqe, men so‘ramoqchi bo‘lgan savollardan biri – u haqiqatan ham kimyoviy elementlar jadvalini tushida ko‘rganmi? Garchi uning ilmiy yutuqlari tasodifiy tush emas, balki ulkan mehnat natijasi ekanini yaxshi tushunaman, albatta.