November 21

"Shurtan GKM" MCHJ Stipendiya dasturi g‘oliblarini e’lon qiladi!

“Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tomonidan malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Stipendiya dasturi”ning Qarshi davlat texnika universiteti hamda Qarshi davlat universitetidagi navbatdagi tanlovlari muvaffaqiyatli yakunlandi.

2025–2026 o‘quv yili uchun tashkil etilgan mazkur tanlov doirasida universitetlarning “Elektr energetikasi”, “Energetika muhandisligi”, “Texnologik mashinalar va jihozlar”, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish”, “Yuqori molekulyar birikmalar”, “Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi” hamda “Kimyo” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 4-bosqich va magistratura bosqichi talabalari orasidan eng munosiblar saralab olindi.

Tanlov ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda talabalarning nazariy bilimlari bo‘yicha yozma test sinovlari tashkil etildi. Ikkinchi bosqichda esa nomzodlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning kasbiy tayyorgarlik darajasi baholandi.

Har ikkala bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 16 nafar talaba “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning 2025–2026 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan “Stipendiya dasturi” g‘olibi deb topildi.

Bundan tashqari, 26 nafar talaba sinovlardagi faol ishtiroki, bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishga bo‘lgan ishtiyoqi uchun dasturning “Faol ishtirokchisi” sifatida e’tirof etildi.

Bu kabi stipendiya dasturlarining muntazam tashkil etib borilishi, neft-gaz sohasida tahsil olayotgan bilimga chanqoq, istiqbolli va maqsad sari intilayotgan yoshlarga o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun keng imkoniyat yaratib bormoqda.

Tanlov g‘oliblarini chin yurakdan muborakbod etamiz! Tanlovda ishtirok etgan barcha yoshlarga minnatdorchilik bildiramiz va ularning kelgusida ilm yo‘lida hamda neft-gaz sohasidagi faoliyatlarida katta muvaffaqiyatlar, omad va zafarlar tilaymiz!

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati

|web-sayt|telegram|YouTube|