Er va xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari nima? Erning yoki xotinning alohida hamda umumiy birgalikdagi mulklari haqida bilasizmi?

Mehnat kodeksining 23-moddasida Er va xotinning umumiy mulki haqida keltirilgan bo'lib, unga ko'ra Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar

Qonun
yoki Nikoh shartnomasida

boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga)
er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari,
ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi.

Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan
ko‘char va ko‘chmas ashyolar,
qimmatli qog‘ozlari,
paylari,
omonatlari,
kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari
hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari,
ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Savol, Agar er yoki xotindan biri hech qayerda ishlamasa, u hollarda mol-mulk qanday huquqqa ega bo'ladi?

Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish,
bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan
yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligi a’zolarining birgalikdagi mulki bo‘lgan mol-mulkka nisbatan er va xotinning egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarda belgilanadi. Fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligining mol-mulkini bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 223 va 225-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.

Er va xotinning umumiy mol-mulkka egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi qanday tartibga solinadi?

Oila kodeksining 24-moddasiga ko'ra er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.

Er yoki xotinning nomidagi uy ularning o'zaro roziligisiz er yoki xotin tomonidan sotib yuborilsa, nima bo'ladi?

Er (xotin) o‘zining nomiga rasmiylashtirgan umumiy ko‘chmas mol-mulkni tasarruf etish bo‘yicha bitim tuzishi uchun xotin (er)ning notarial tartibda tasdiqlangan roziligini olishi lozim. Ko‘rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir.

Er va xotinning har birining alohida mulki deb qanday mulkka aytiladi?

Oila kodeksining 25-moddasida er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi

Alohida mulk bo'lgan erning o'z mulkiga xotin tomonidan sarmoya kiritilib uning shakli, sifatini o'zgartirilgan bo'lsa, ushbu mulk qanday e'tirof etiladi?

Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.

 Qaysi buyumlar er va xotinning shaxsiy foydalanishidagi buyumlar hisoblanadi?

Qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablag‘i hisobiga olingan bo‘lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.

https://t.me/yurist_maslahatiga_savol guruhi admini Sherozbek Dodoyev Tayyorladi.

Manbaa: Oila kodeksi https://www.lex.uz/docs/-104720