Agar siz biror bir shaxs bilan FHDYO organlarida nikohingizni qayd etmasdan birgalikda er-xotin bo'lib yashagan bo'lsangiz, turmush o'rtog'ingiz vafot etgan bo'lsa nima qilishni bilasizmi?

R.Karaeva sudga ariza bilan murojaat etib, 1988 yilda T.Gadaevga nikohlarini qonuniy rasmiylashtirmasdan turmushga chiqqanligini, birgalikdagi turmushlaridan bir nafar farzandlari borligini, o‘zaro kelishmovchilik borligi sababli keyinchalik har ikkalasi ham boshqa-boshqa oila qurganliklarini ko‘rsatib, marhum T.Gadaev bilan o‘rtalaridagi er-xotinlik faktini tasdiqlab berishni so‘ragan.

 Ushbu holatda Karayeva Fuqarolik protsessual kodeksining 295-moddasida Sud tomonidan ko‘rib chiqiladigan, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar berilgan bo'lib, ushbu moddaning birinchi qismi 5-bandiga asosan er-xotindan biri vafot etganligi oqibatida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘lmay qolsa, qonunda belgilangan hollarda ularning haqiqatda nikoh munosabatlarida bo‘lganligini qayd etish yuridik fakt sifatida Sudda belgilash uchun ariza bergan. Bir qarashda bu to'g'ridek, qonuniy asoslarda berilgan-ku deyish mumkin. Ammo tanganing ikki tomoni bo'lganidek, Oliy sud Plenumining "Yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida"gi 1991-yil 20-dekabrdagi 5-son qarorining 13-bandida FPK 295-moddasi ikkinchi qismining 5-bandi va O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1944 yil 22 avgustdagi Farmoniga ko‘ra faktik nikoh munosabatlarida bo‘lganlik fakti faqat bunday munosabatlar 1944-yil 8-iyulgacha vujudga kelgan bo‘lsa va nikohni fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organida er-xotindan birining vafoti tufayli ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘lmasagina belgilanadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan vaqtdan keyin vujudga kelgan faktik nikoh munosabatlari yuridik oqibat keltirib chiqarmaydi va bunday faktlarni belgilash to‘g‘risidagi arizalar sud tartibida ko‘rishlik uchun qabul qilinmaydi.

Agar er-xotindan biri 1944 yil 8 iyulgacha boshqa faktik nikohga kirgan yoki bir vaqtning o‘zida qonuniy nikohda bo‘lgan bo‘lsa, shuningdek, bu munosabatlar tomonlardan birining vafotiga qadarli tugatilgan bo‘lsa, bunday faktlarni sud belgilashi mumkin emas.

 Sud majlisida nikoh munosabatlarining mavjudligini (birgalikda yashash, umumiy xo‘jalik yuritish, bolalarning borligi va ularni tarbiyalash va boshqalarni) isbotlovchi dalillar tekshiriladi.

Faktik munosabatlarni haqiqatda bo‘lgan deb topib, sud uni mazkur shaxslar o‘rtasida vujudga kelgan vaqti va ulardan birining vafot etgan kuniga qadar davom etganini aniqlaydi

Xo'sh, unda Sud ushbu holatni hal qilib bermasa, nima qilish mumkin?

Shunday holatda FPK ning 295-moddasining birinchi qismining 2-bandiga asosan shaxs birovning qaramog'ida ekanligi faktini belgilash bo'yicha berishi lozim bo'ladi.

Xo'sh Karayeva ushbu norma bo'yicha sudga ariza bersa, undan qancha miqdordagi davlat boji undiriladi?

Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli Qarorining 1-qismi "e" bandiga asosan alohida ko‘riladigan ishlar bo‘yicha ariza (shikoyat)lardan — eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilangan. FPK ning 293-moddasi Sud tomonidan alohida ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladigan ishlar normasining 1-qism 1-bandida asosan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash to‘g‘risidagi ishlar ushbu turkumdagi ish sifatida Fuqarolik ishlari bo'yicha tumanlaro (tuman) sudlarida ko'rilishi asoslantirilgan. Karayevaning murojaati ham aynan mana shu normaga tushishini inobatga olib, Karayeva va uning timsolida boshqa shaxslarga shu yo'sinda sudga murojaat qilishni maslahat berib qolamiz.

Xulosa qilib aytganda agar siz biror bir shaxs bilan FHDYO organlarida nikohingizni qayd etmasdan birgalikda er-xotin bo'lib yashagan bo'lsangiz, turmush o'rtog'ingiz vafot etgan bo'lsa, FPKning 295-moddasi 1-qism 5-bandiga asosan emas, 2-bandiga asosan Sudga berilishi kerak.
Sherozbek Dodoyev tayyorladi.

Bizning manzilimiz:
https://t.me/yurist_maslahatiga_savol
https://t.me/yurist_maslahati