Uylanmoqchi bo'lgan yigitlar ikki yillik mehnat stajiga ega bo'lsin degan taklifni Konstitutsiya va Inson huquqlariga zid ekanligini qonuniy asoslari. Mantiqsiz mantiqni mantiq deb bo'lmas...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Uylanmoqchi bo’lgan erkaklar ikki yillik mehnat stajiga ega bo’lsa yoki eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida pul to’lasa, FHDYO organlarida nikohni qayd etish uchun arizasi qabul qilinishi” bo’yicha taklif bo’yicha video rolik shaklidagi murojaatnoma hammani e’tiborini tortdi. Ushbu fikr va taklif qanchalik qonunlarga mos ekanligiga oydinlik kiritish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Ijtimoiy tarmoqdagi video rolikda taklif bergan shaxsning so’zlaridan parchalarni keltirib o’tiladi:

“ 2018-yilda Respublika Oila ilmiy tadqiqot markazining hisobotiga ko’ra ushbu yilda, nikohi qayd etilgan oilalar soni 311 400 tani tashkil etgan bo’lsa, ushbu yilda 32 300 ta oilani nikohi bekor qilingan. 43 % er yoki xotinnning oilaviy hayotga tayyor emasligi birinchi asos bo’lsa, 24,5 % izini moddiy yetishmovchilik tashkil qiladigan ikkinchi asos bo’lgan. Taklif: Oila kodeksining 15-moddasiga nikoh Yoshi erkaklar va ayollar uchun 2 yillik uzluksiz mehnat stajiga ega bo’lgan qabilidagi to’ldiruvchi so’zlarni kiritish, nikoh uchun ariza beruvchilar tomonidan mazkur holat bo’yicha talab bajarilmasa ariza bo’yicha nikohni ro’yxatga olmaslik kerak. O’z-o’zidan bu davlatga va jamiyatga nima foyda deyish mumkin?

Birinchidan, erta turmushning oldi olinadi

Ikkinchidan, oilaviy hayotga tayyorgalik davri bo’ladi,

Uchinchidan, to’y sarf-xarajatlari uchun oz miqdorda bo’lsa ham, moddiy ta’minotga ega bo’ladi.

To’rtinchidan, turmush qurmoqchi bo’lganlarning mehnat jamoasi shakllanadi bo’ladi

Beshinchidan norasmiy ishlashning oldi olinadi, konvert usulida haq to’lashlarga chek qo’yiladi.

Ikkinchi marta turmush qurmoqchi bo’lganlarga ham xuddi shu oraliq interval (ikki yil) saqlanadi. Yoki ikki yillik mehnat stajining o’rniga eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida to’lov joriy etish kerak. 1 yil + 50 baravar

1 yilu 6 oy + 25 baravar

Bu ushbu viderolikdagi shaxsning fikrlaridan parcha edi.

Huquqiy yechim:

Avvalo, vaziyatni O’zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasi qonunlari bo’yicha tahlil qilinganda, moddiy huquq normasini yaqqol buzilishi holatini ko’rib turish mumkin. Chunki, Oila kodeksining 3-moddasida barcha fuqarolar nikoh tuzish chog’ida ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo’yilgan. Ushbu shaxsning fikrlari bevosita ushbu norma talablarini buzib talqin etilayotganligi ko’rinib turibdi. Yuqoridagi takliflarni Oila kodeksining 15-moddasiga kiritish uchun ushbu kodeksning 3-moddasi talablaridan voz kechishga to’g’ri kelmoqda. Xo’sh ushbu ishni Oliy Majlisdagi palatalar amalga oshirarmikin?

Ikkinchidan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir deb belgilab qo’yilgan. 18-moddada esa, barcha fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar qonun oldida tengligi hamda adolat prinsiplariga mos bo’lishi shartligi belgilab qo’yilgan. Xo’sh endi o’z-o’zidan savol tug’iladi, Oila kodeksiga o’zgartirish kiritsa Konstitutsiya bilan zid bo’lib qolishi mumkinki? Albatta siz to’g’ri fikrdasiz. Bu qoida Konstitutsiyaga zid bo’lib, Konstitutsiyaning 15-moddasida Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar deb belgilangan. Shuningdek, 16-moddada esa birorta ham qonun yoki boshqa normative-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi belgilab berilgan. Shundan kelib chiqib, unda ushbu normani kiritish uchun Konstitutsiyani ham o’zgartirishga to’g’ri kelmoqda. Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismining ovozi yoki O’zbekiston Respublikasida referendum o’tkazish yo’li bilan kiritilishi mumkinligini inobatga olsak, bu taklif uchun shuncha ish qilinarmikan?

Uchinchidan, sharmandaga shahar keng deganlaridek, o’zimizni qonunchilikka amallab o’zgartirishni kiritib ushbu taklif legallashtirilganidan keyin xalqaro hamjamiyat nima deydi? Chunki Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 16-moddasida 3 ta norma kirilgan bo’lib ular quyidagicha:

1. Balog’at yoshiga yetgan erkaklar va ayollar irqi, millati yoki diniy belgilari bo’yicha hech qanday cheklashlarsiz nikohdan o’tishga va oila qurishga haqli. Ular nikohdan o’tishda, nikohda turgan vaqtlarida va uni bekor qilish vaqtida bir xil huquqdan foydalanadi.

2. Nikohdan o’tayotgan har ikki tomonning erkin va to’liq roziligi asosidagina nikoh tuzilishi mumkin.

3. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasi sanaladi va jamiyat hamda davlat tomonidan himoya qilinishga haqli.

Ushbu normalarga O’zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasi qonunlari zid bo’lib qolganida, butun jahon bunga jim qarab turadimikan? Fransiyada barcha ayollarni ro’mol o’rashi masalasidagi ikki yil oldingi holatni kimdir eslay oladimi?

Xulosa qilib aytganda berilgan taklifdagi “davlat va jamiyat uchun qanday foyda?” deyilgan joyiga hech qanday foyda bermasdan, balki xalqning noroziligiga sabab bo’lishiga hamda xalqaro siyosiy nizolarni avj olishiga olib kelishi mumkin. Chunki, erta turmush oldi olinishi masalasi Oila kodeksida 18 yosh etib xalqaro standartlardan kelib chiqib belgilab qo’yilgan. Unga ortiqcha normani qo’shishga hojat yo’q, chunki nikoh tuzish bu shaxsiy masala hisoblanadi.

Ikkinchidan, oilaviy hayotga tayyorgarlik bo’yicha 11 yillik maktab ta’limida turli xil fanlar kiritilgan bo’lib, ortiqcha fitnalarga hojat yo’q deb o’ylayman.

Uchinchidan, to’y sarf-xarajatlari uchun oz miqdorda bo’lsa ham, moddiy ta’minotga ega bo’lishhga ulgiradi degan fikr umuman o’zini oqlamaydigan fikr deb o’ylayman. Chunki, mamlakatimizda, har bir voyaga yetgan mehnatga qobiliyatli yigitlar o’zini bizness sohasiga, o’qishga, ishga jalb etib pul topish harakatida bo’lishini hammamiz bilamiz. Bundan deyarli ikki yil oldin 52 nafar, ichida yosh yigitlarimiz bo’lgan avtobus Qozog’istonning Aqto’be viloyatida yonib ketish uchun borishmagan edi. Ular pul topish uchun, moddiy ta’minotga ega bo’lish uchun musofirchillikka yo’l olishgan edi.

To’rtinchidan, turmush qurmoqchi bo’lganlarning mehnat jamoasini kim boqadi? Qaysi davlat tashkilotida bo’sh ish o’rinlari bor ekanki, yigitlar bormasdan ishlamasdan yurishibdi? Ishsizlar jamoalari yetmayaptimikan?

Beshinchidan, norasmiy ishlashning oldi olinishi bo’yicha qonunchiligimda, soliqchilarni nizomlarida yetarlicha taqiq qo’yilgan. Buni shaxsiy munosabat bo’lgan oilaviy munosabatlar orqali tartibga solishga hojat yo’q. Mehnatga haq to’lashning bazaviy tarifi o’rtacha miqdori 634 000 so’m bo’lgan bir vaqtda, konvert usulida ishlashga o’tgan ko’p fuqarolarni ushbu usuliga chek qo’yish bilan juda shov-shuvli natijaga erishildi deb bo’lmaydi va buning uchun hech kimga Malibu yoki spark berilmaydi. So’zimni oxirida Payg’ambarimiz Muhammad S.A.V dan kelgan hadisi sharif bilan yakunlayman. Imom Ahmad ibn Hanbal aytadilar: “Uylanmasdan bo‘ydoq, so‘qqabosh yurish Islomga to‘g‘ri keladigan ish emas. Kim seni xotin olishdan qaytarsa, u seni Islom yo‘lidan boshqasiga boshlayapti ekan”. Bu shunchaki shaxsiy fikrlar edi.