DEPUTATGA YUZAKI JAVOB XATI KERAK EMAS!

by @sirdaryo
DEPUTATGA YUZAKI JAVOB XATI KERAK EMAS!

👉 https://t.me/Sirdaryo

Murodjon HAYITOV, xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

— Deputatga hamma eshiklar ochiq. Biroq eshiklar ortida turgan mezbonlarning kayfiyati eskicha, ozgina mehnat va tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga yaramaydiganlar ham bor. Yomon illatlardan qutulmasak, byurokratiya devori mustahkamlanib boraveradi. O‘z lavozim majburiyatini to‘liq his etmaydigan, deputat so‘rovini oddiy xatlar sirasiga kiritib, «bosqichma-bosqich dasturlar asosida hal etilishi ma’lum qilinadi» kabi umumiy gap bilan mas’uliyatni o‘zidan uzoqlashtiruvchi rahbarlarning dunyoqarashi o‘zgarishi uchun yana qancha vaqt kerak?

«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasida deputat tegishli hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputat so‘rovi yuborishga haqlidir, deb belgilangan. Bunday so‘rovga o‘n kundan kechiktirmay javob berilishi kerak. Shunga qaramasdan mahalliy rahbarlar, ayniqsa, tumanlarda ishlovchi rahbarlarning deputat so‘roviga bee’tibor qarash hollari hamon davom etmoqda.

Deputatning taklif va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yelka tutadigan rahbar kam, degan xulosaga kelyapman. Sirdaryolik ba’zi rahbarlarning olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan sadoqat chegarasi qaysi nuqtada nihoya topishini o‘ylab hayronman.

Joriy yilning 26 may kuni Sirdaryo viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali boshlig‘i Jahongir Xidirov nomiga yuborilgan deputatlik so‘rovida Mirzaobod tumani markazi Navro‘z shaharchasida yangi qurilgan uchastkalar, ya’ni Ma’rifat va Istiqbol ko‘chalarida yashovchi fuqarolarning murojaatiga asosan gaz tarmog‘iga ulanish uchun «texnik shart» hujjati rasmiylashtirilishi so‘ralgan edi. Gap shundaki, fuqarolar o‘z hisobidan gaz quvurlari sotib olishgan. Biroq «texnik shart» hujjati bo‘lmagani bois, bir necha yillardan buyon gazsiz qiynalishmoqda...

Sirdaryo viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aksiyadorlik jamiyati bosh direktori nomiga joriy yil 5 iyun kuni 20-sonli deputat so‘rovi yubordim. Mazkur so‘rovni yuborishga jiddiy sabablar bor edi.

Ya’ni, Mirzaobod tumani «Toshkent» mahallasining «Yoshlar», «Umid», «Navbahor», «Zumrad» ko‘chalari, «Tinchlik» mahallasining «Mehribon», «Pillakor», «Obod ko‘ngil» ko‘chalari, «Bog‘iston» mahallasining «Sarbon», «Vatanparvar», H.Olimjon, «Navo» ko‘chalari, «Navro‘z» shaharcha fuqarolar yig‘inining «Istiqbol», «Ma’rifat», «Bahor», «Navro‘z», «Sayqal», «Zomin-4» ko‘chalarida aholi ilojsizlikdan terak, tol daraxtlaridan qo‘lbola simyog‘ochlar yasab, elektr tizimidan foydalanmoqda. Bu xavfsizlikka mutlaqo zid.

Soha xodimlari aholi bilan muloqotlarda «dasturga kiritilgan, hal bo‘ladi», degan gapdan nariga o‘tmagan. Masala 2015 yil dasturga kirdi, negadir har gal sirli ravishda dasturdan tushib qolaveradi. Ishonchning ham chegarasi bo‘ladi, ammo berilayotgan va’dalarning chegarasi ko‘rinmayapti. Odamlarga va’da emas, amaliy ish kerak.

Yana bir hal etilmay qolayotgan masala bor. Qish kunlarida Mirzaobod tumanining ayrim mahallalari kabi «Bog‘iston» mahallasidagi bir necha xonadon suv ichida qoladi. Ushbu masala yuzasidan quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi viloyat meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘i nomiga yuborilgan deputat so‘rovi ham va’dalar girdobida qolib ketdi. Muammolarga befarqlikning sababini anglash qiyin.

Mahalliy Kengashlar deputatlarining obro‘si tushib ketishiga o‘tkazilayotgan yuzaki sessiyalarning ham ta’siri katta bo‘ladi, deb o‘ylayman. Deputat tanqidiy-tahliliy mulohaza, taklif yoki tashabbuslar o‘rniga, ovoz chiqarmasdan qo‘l ko‘tarib, besh yillik muddatni o‘tkazib yuborishi mumkin. Minglab saylovchilarning nomidan kelgan deputat bir og‘iz fikr bildirmasa, sessiya faqat rais belgilagan «ssenariy» asosida o‘tsa, deputat degan yuksak maqom obro‘sini yo‘qotaveradi.

Agarda har bir sessiyada hududdagi rahbarlarning kamchiliklari muhokama qilinsa, deputat so‘roviga tayinli javob bermagan rahbarga sessiya qarori bilan chora ko‘rilib, bosqichma-bosqich masalalar yechib borilsa, muammolar haqida gapirishga o‘rin qolmasdi.

Deputat uchun hamma eshiklar ochiq. Biroq ular ortida minnatli va yovqarash mezbonlar borligini eslasang, tashabbuslaring birma-bir so‘ndirib borilsa, deputatlik so‘rovlariga oldindan tayyorlab qo‘yilgan bir xil mazmundagi javoblar kelaversa, saylovchilar oldida ham hurmating qolmaydi. Odamlarning «deputatlar saylov o‘tguncha fidoyi bo‘ladi», degan so‘zlari esa qalbni ezaveradi.

Hududiy dasturlar uch-to‘rtta soha xodimining ishlanmasi asosida hech bir o‘zgarishsiz sessiyada tasdiqlanaversa, deputatlar o‘z hududidagi muammolarni dasturga kiritishga ulgurmay qoladi. Loyiha yozganlar real holatni to‘liq bilmasligi oqibatida har yili ayrim dolzarb muammolar dasturga kirmay qolaveradi. Bunday holda yil davomida ming marta deputat so‘rovi yuborganing bilan dasturni ham, vaziyatni ham o‘zgartira olmaysan.

Men deputatlar taqdiri hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhi xodimlari qo‘lida qolib ketayotganiga achinaman. Sessiya qarorlari loyihalarini deputatlar, doimiy komissiyalar o‘zlari mustaqil yozmasligi, balki shuning uchun qarorlar halqchil emasligi haqida ham uzoq gapirish mumkin. Deputatlarning eng katta kamchiligi «andisha», degan tushuncha bo‘lib qolmoqda.

Joriy yilning 25 fevral kuni xalq deputatlari Sirdaryo viloyat va ayrim tuman Kengashlarining bo‘shab qolgan o‘rinlariga saylovlar o‘tkazildi. Oradan ikki oy o‘tib, yangi saylangan deputatlar sessiyada tanishtirildi, unga qadar ikki marotaba sessiya o‘tkazildi. Biroq deputatlarning guvohnomasi va ko‘krak nishoni 4 oy o‘tdi hamki topshirilgani yo‘q.

Fikrimcha, deputatlarning huzuriga yordam so‘rab kelgan ayrim fuqarolarni ham sessiyalarga taklif etish lozim. Shundagina murojaatlarni hal etmay, fuqarolarni sarson qilayotgan rahbarlarning yuzi asta-sekin ochiladi. Sessiyaga rahbarlar puxta tayyorlanib kelishni, xalq vakillari oldida mas’uliyatli bo‘lishni o‘rganadi.

uzbekistonovozi.uz

July 18, 2018
by Sirdaryo