Havasga loyiq Xovos

by @sirdaryo
Havasga loyiq Xovos

👉 https://t.me/Sirdaryo

Yaqinda sirdaryolik yoshlar bilan uchrashish, joylarda amalga oshirilayotgan madaniyat va sport sohasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida safarda bo‘ldik. Ha, yurtimizda Harakatlar strategiyasiga binoan hamma sohalarda katta o‘zgarishlar, yuksalishlar sodir bo‘layotir. Biz o‘zimiz ro‘y berayotgan bunyodkorlik ichida bo‘lganimiz sabab goho jarayon shiddatini his qilolmay ham qolamiz. 

Sirdaryo viloyatida qad rostlagan yangi inshootlar, O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon muzeyi bilan tanisharkanmiz, viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev mazkur maskanni yanada boyitish uchun ko‘rilayotgan choralar, madaniy obidalarni asrab-avaylash zarurati haqida gapirib, “Ko‘hna Xovos: moziydan sado” hamda “Ko‘hna Xovos arxeologik yodgorligi” risolalarini qo‘limizga tutqazdi. Shu kungacha qilingan ko‘p va xo‘b xayrli ishlarga xayrixoh bo‘lib, ko‘nglimiz yorug‘ tortib, risolalarni varaqlagancha ustoz To‘ra Sulaymon mangu qo‘nim topgan manzilga – Sayxunobodga yo‘l oldik. Marhumlarning, ayniqsa, ulug‘ ajdodlarning so‘nggi manzil-marohili obod, ruhlari shod bo‘lgandagina mamlakat ravnaq topishi, falakdan yurtga qut va baraka yog‘ilishi qadim o‘zbekona aqidadir. Viloyatdaqabriston-xilxonalarni obod etishga katta mablag‘ ajratilib, bugun-erta yana savob amallarni avj oldirish rejasi bor ekan. 

“Giyoh bilan qoplanmish ko‘hna qabr boshlari,

Maysadagi shudringlar – kimlarning ko‘zyoshlari? 

Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari, 

Har bahor eslar uni qavmi qarindoshlari, 

Bahor, ketma mening bog‘imdan!” 

Yurtimizdagi kattayu kichikka yod bo‘lib ketgan ushbu satrlar shoirning qabr toshiga ham o‘chmas qilib bitilgan. Ustozning ruhi poklariga tilovat bag‘ishlab, qabristonni obodonlashtirishga sa’y-harakatlar boshlagan barcha sarkor mutasaddilarni alqab o‘tdik. 

Ayrimlarning tasavvurida Sirdaryo yaydoq cho‘lda qad rostlagan viloyat. Lekin astoydil ziyorat qilmoqchi bo‘lganlar bu tabarruk zaminda ne-ne ulug‘ zotlarning qadamjolari borligini yaxshi biladi. Ayniqsa, Xovosdagi Karvonsaroy mahallasida qayta ohor topgan “Xasti buzurgon” ziyoratgohi nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni davlatlardan kelayotgan ziyoratchilar bilan gavjumlashib borayotganidan behad quvondik. “Xasti buzurgon” ziyoratgohiPayg‘ambarimiz (s.a.v)ning sahobalaridan biri sanalgan Bobo Jobir nomi bilan bog‘liq ekan. U kishining yetti ukalaridan biri JizzaxdagiXo‘jamushkent qishlog‘ida dafn etilgani va “Xo‘jamushkent ota” ziyoratgohi muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ko‘p yillar avval qayta qurilib, juda ko‘rkam maskanga aylantirilganidan xabar topdik. Har qadamda ulug‘ zotlar yotgan zaminda yashayotganimizdan iftixorimiz ortdi. 

Ko‘z o‘ngimizda nafaqat Sirdaryo viloyatining, balki butun Mirzacho‘lning eng qadimiy va yirik arxeologik yodgorligi sifatida ta’riflangan ko‘hna Xovos shahri xaroblari. Risolalarda qayd etilishicha, qadimgi Ustrushona o‘lkasi tarkibiga kirgan bu manzilgohning umumiy maydoni o‘n ikki gektardan iborat. Yodgorlikning ark va shahriston qismi deyarli to‘liq saqlanib qolgan, rabot qismi esa yerni o‘zlashtirish jarayonida butunlay buzilib ketgan. Ark yodgorlikning shimoli-g‘arbida joylashgan, uning maydoni bir gektardan oshiqroq, balandligi yigirma metrga yaqin. 

2003 yilda olib borilgan tadqiqotlar natijasida bu yerda miloddan avvalgi III asrning birinchi yarmiga oid ilk ellin davri devori qoldiqlari ochilgan ekan. Ayni shu joydan Iskandar Maqduniy askarlariga tegishli, deya taxmin qilingan osori-atiqalar ham topilgan. Xovos qal’asi ne-ne istilolardan, necha-necha bosqinlar olovlaridan omon chiqqan samandar qo‘rg‘on. 

Keyinroq olib borilgan tadqiqotlar davomida miloddan avvalgi IV-III asrlarga oid devorlar va sopol buyumlar topilgach, Xovosning yoshi 2500 yillarga tobinligi aniqlangan. O‘sha davrlardayoq gullab-yashnagan kent miloddan avvalgi II asrda shakllangan Buyuk Ipak yo‘lining asosiy manzillaridan biri bo‘lganligi tabiiy. 

O‘rta asrlar yozma manbalarida keltirilishicha, Samarqanddan sharqqa yo‘nalgan Buyuk Ipak yo‘lining bir tarmog‘i Kurkat orqali Xo‘jand va Farg‘onaga, so‘ngra Xitoyga, ikkinchisi Sirdaryo kechuvidan keyin shimolga, Shohruxiya shahriga va undan o‘tib Choch poytaxti Binkatga borgan. Xovos mana shu yo‘nalish markazida bo‘lgan. 

IX asrda yashab o‘tgan Ibn Xo‘rdodbek o‘zining mashhur “Yo‘llar va mamlakatlar kitobi” asarida Xovosdan qo‘shni hududlargacha va ulardan Xovosgacha bo‘lgan masofalar haqida to‘xtalib o‘tadi. Qadimgi Xovos haqidagi qimmatlima’lumotlar X asr muarrixlari Qudoma, Ibn Rusta al-Istahriy, Ibn Xavqal asarlarida ham uchraydi. 

Nizomiddin Shomiyning mashhur “Zafarnoma”sida qayd etilishicha, Sohibqiron Amir Temur va Amir Husayn o‘rtasidagi ko‘plab to‘qnashuvlardan biri 1367-1368 yillarda aynan Xovosda kechgan. Mazkur muhorabada Sohibqiron qo‘shini son jihatdan ancha ustun bo‘lgan dushman qo‘shinini tor-mor etadi. 

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida Umarshayx Mirzo tavsifi keltirilgan sahifalarda shunday ma’lumotga duch kelamiz. “Yana bir Sulton Ahmad mirzo bila Shohruxiya va O‘ratepa orasida Xavos degan kentta urushib mag‘lub bo‘ldi”. 

Tarixda Xovos tegrasida juda ko‘p jangi jadallar kechgani, bu yerda hukmronlik qilishga intilgan sarkardalar ko‘p bo‘lgani uning g‘oyat muhim tarixiy strategik ahamiyatga ega ekanidan dalolatdir. 

Arxeologik yodgorlik xarobalarini ko‘zdan kechirarkanmiz, tasavvurlarimizni “Ko‘hna Xovos” risolasidagi ma’lumotlar to‘ldirib boradi: 

Topilmalar orasida miloddan avvalgi VI-IV asrlarga oid Eylaton madaniyatiga mansub angob bilan bezak berilgan idishlar ham bo‘lib, ular ko‘hna Xovos hamda Farg‘ona o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Choch va So‘g‘d bilan hamkorlikni dalillovchi bir qator noyob topildiqlar ham mavjud. 

Bundan tashqari, ilmiy ekspeditsiyalar davomida maxsus simob ko‘zacha, balandligi kamida bir metrlik oziq-ovqat saqlash uchun mo‘ljallangan xumlar topilgan. Miloddan avvalgi III-II asrlarga oid Anaxita haykalchasi, XII asrga tegishli Humo qushi tasviri tushirilgan chiroq dastasining qo‘lga kiritilishi alohida diqqatga sazovor. 

Hosildorlik ramzi Anaxita va ezgulik timsoli Humo aks etgan buyumlarning keng tarqalgani azaldan ajdodlarimiz bunyodkorlik g‘oyalari bilan yashaganligini takror tasdiqlaydi. 

– Qadim Xovosda ishlab chiqarilgan sopol va temir buyumlar sifat jihatdan Baqtriya, Farg‘ona va So‘g‘dda tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlaridan qolishmaydi, bu yerda me’morchilik san’ati o‘ziga xos uslubda rivojlangan,deydi Xovos tumani hokimi Rahimjon aka Boboyev jo‘shib. Diqqat-e’tibor bilan tinglayotganimizni ko‘rib fikrlarini davom ettiradi.Sizot suvlar yaqinligi tufayli yodgorlikning eng quyi, qadimiy qatlamlariga yetib borish imkoni bo‘lmadi. Shuning uchun ekspeditsiyalar ham to‘xtab turibdi. Yon-atrofdagi zovurlarni tozalasak, zax qochib, tadqiqotlar yana davom etadi... 

Arxeologlarning ta’kidlashicha, Xovos manzilgohi stratigrafik jihatdan ko‘hna Ustrushona uchun etalon yodgorlik hisoblanadi, chunki hududdagi boshqa qadimiy yodgorliklardan farqli o‘laroq, uning madaniy qatlamlarida davriy uzilishlar kuzatilmaydi. Oddiy qilib aytganda, bu yerda muttasil hayot qaynagan, madaniyat ravnaqida uzilish bo‘lmagan. 

Yaqin-yaqingacha ham qirqqa yaqin xo‘jalik Xovostepada istiqomat qilgan ekan. Xovos qal’asi, uning odamlari, uylari, ko‘chalari va hovuzchalarini aks ettiruvchi rasmlar noma’lum fotograf tomonidan suratga olingan. Tadqiqotchilar ushbu fotosuratlar chor Rossiyasining mashhur fotografi S.M.Prkudin-Gorskiyga tegishli degan fikrda. Hozirda uning 2500 fotosuratdan iborat kolleksiyasi AQSH Kongressi kutubxonasida saqlanmoqda. Bizga taqdim etilgan risolalardagi fotosuratlar Rossiyaning “Kontragentstva A.S.Suvorina i Ko” nashriyoti tomonidan 1915 yilda pochta kartochkalari shaklida chop etilgan ekan. Ular ayni paytda Sankt-Peterburgdagi Prezident kutubxonasida saqlanmoqda. 

Xovos arxeologik yodgorligini qadamma-qadam kezib, ma’lumotlarni tinglab, risolalarni varaqlab, davlatimiz rahbarining turizm rivoji yo‘lidagi islohotlari qanchalar muhimligini yanada teran angladik. Axir uzoq-yaqindagi davlatlar yuz yil nari-berisidagi tarixini ko‘z-ko‘zlab millionlab sayyohlarni mamlakatlariga jalb qilib, katta mablag‘ topayapti. Bizda hali to‘liq o‘rganilmagan qanchadan-qancha mingyillik madaniy yodgorliklarimiz o‘z tadqiqotchilariyu sayyohlarni kutib yotibdi. 

Tuproq ostidagi shonli tariximizni yuzaga chiqarsak, olamga ko‘rsatsak, turizm ravnaqi ortidan minglab oilalar farovonligi ortadi. Mana shunday manzilgohlarga investorlarni jalb qilsak, infratuzilma yaratilsa, minglab yangi ishchi o‘rinlari paydo bo‘lsa, eng chekka hududlarimiz ham yanada gullab yashnardi. Boshqa ulkan yodgorliklarni-ku qo‘yaturing, Xovostepadan topilgan birgina yigirma ikki asrlik yunon sopol qadahlarini ko‘rish Ovropa ahliga, albatta, qiziq. 

Tepalikni kezarkanmiz, oyoq ostimizda sochilib yotgan, qachonlardir ajdodlarimizning muborak qo‘llari tekkan sopol buyum parchalari “men bilan tillash, bag‘rimdagi sirli bitiklarni o‘qi, bolam”, deyayotgandek. Ha, har bir tarixiy ashyo olis bobolardan bizlarga yo‘llangan aziz maktublardir. 

Iqbol MIRZO,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.

July 17, 2018
by Sirdaryo