MAJBURIY JAMOAT ISHLARI — MUQOBIL JAZONING SAMARALI SHAKLI

by @sirdaryo
MAJBURIY JAMOAT ISHLARI — MUQOBIL JAZONING SAMARALI SHAKLI

👉 https://t.me/Sirdaryo

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini erkinlashtirish va demokratlashtirish borasida rivojlangan davlatlarda joriy etilgan mexanizmlar amaliyotga tatbiq etildi. Bunga misol sifatida sudlarning mustaqil hokimiyat tarmog‘i sifatida e’tirof etilganligini, ixtisoslashtirilganligini, dastlabki tergov va qamoq tarzidagi ehtiyot choralarining muddatlari qisqartirilganligini, yarashuv tartibida ish yuritish va apellyatsiya instansiyalarining joriy etilganligini, qamoqqa olish ehtiyot chorasi, amnistiya aktlarini qo‘llash vakolatining sudlarga o‘tkazilganligini, o‘lim va mol-mulkni musodara qilish jazolarining bekor qilinganligini va boshqa liberallashuvni ko‘zlovchi tadbirlarni ko‘plab keltirish mumkin.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrda qabul qilingan «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni jinoyat-huquqiy sohani liberallashtirish va qonuniylikni ta’minlash borasidagi islohotlar jarayonida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.

Ushbu Farmonning e’tiborga sazovor jihati shundaki, bugungi kunda muqobil jazolarning samaradorligini oshirish hukumatimizning diqqat-markazida turibdi. Bizningcha, yangi muqobil jazolarni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan normalarga penalizatsiya qilish bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zagini tashkil etadi. Chunki, ularni penalizatsiya qilish quyidagilar bilan belgilanadi:

birinchidan, muqobil jazolarning keng qo‘llanilishi jinoyat huquqida inson huquqlarini ta’minlovchi asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi;

ikkinchidan, muqobil jazolar, mohiyat e’tibori bilan, jinoyat qonunini liberallashtirishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi;

uchinchidan, muqobil jazolarni qo‘llash shaxsni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkonini beradi;

to‘rtinchidan, muqobil jazolarni qo‘llash davlat uchun ham ma’quldir (iqtisodiy ma’noda — byudjet mablag‘larini tejash, ijtimoiy ma’noda — ozodlikdan mahrum etish muassasalaridagi shart-sharoitning mahkumga salbiy ta’sirini oldini olish va b.q.)

va nihoyat beshinchidan, milliy qonunchiligimizda muqobil jazolarning keng joriy etilishi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoida va tamoyillariga mos bo‘lib, o‘z navbatida, milliy siyosatning xalqaro-huquqiy siyosat bilan o‘zaro hamohangligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ma’lumki, majburiy jamoat ishlari — bu mahkumning asosiy ish va o‘qish vaqtidan bo‘sh bo‘lgan vaqtda bepul jamoat ishlarining bajarilishiga jalb etilishida ifodalanadigan jazo turi hisoblanadi. Jamoat ishlari sud tomonidan 16 yoshdan oshgan shaxslarga jinoyat uchun jazo turi sifatida qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan holda, basharti hukm qilingan shaxs mazkur muqobil jazoni o‘tashga va belgilangan barcha talablarni bajarishga rozilik bildirgan, mahkumning shaxsi mazkur jazoga muvofiq ekanligiga sudning ishonchi komil bo‘lsagina tayinlanadi.

Aytish mumkinki, majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazo turini jinoyat qonuniga, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi JK umumiy qismining taalluqli moddasiga «majburiy jamoat ishlari» jazosini kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, sudda ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llash imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Ushbu jazo turining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, sudning hukmi bilan aybli deb topilgan shaxsni jamoat ishlariga jalb etish ilk bor 1975 yilda Angliya va Uelsda qamoq jazosiga muqobil sifatida joriy etilgan. Uning maqsadi jinoyatchilikning oldini olish va aybdorning qayta ijtimoiylashuviga jazolash (majburiy bepul mehnat) va daromadsiz tashkilotlar, uyushmalar, cherkovlar uchun har xil turdagi ijtimoiy foydali faoliyatni bajarish orqali ko‘maklashishga jalb etish orqali mahkumni axloqan tuzatishdan iboratdir.

MDH davlatlaridan Armaniston (JK 54-modda), Belarus Respublikasi (JK 49-modda), Gruziya (JK 44-modda), Latviya (JK 40-modda), Litva (JK 46-modda), Moldova (JK 67-modda), Ozarbayjon (JK 47-modda), Rossiya Federatsiyasi (JK 49-modda), Ukraina (JK 56-modda), Qirg‘iziston (JK 43-modda) va Qozog‘iston (JK 42-modda) davlatlarining jinoyat qonunlarida ham mazkur jazo turi nazarda tutilgan bo‘lib, ular turlicha nomlanadi. Misol uchun, Armaniston, Belarus Respublikasi, Ozarbayjon, Ukraina, Qirg‘iziston, Qozog‘istonda jamoat ishlari deb, Gruziyada ijtimoiy foydali mehnat, Moldovada jamiyat foydasiga haq to‘lanmaydigan mehnat, Latviya, Rossiya Federatsiyasi, Tojikistonda majburiy mehnat hamda Litvada ommaviy ishlar deb ataladi.

Garchi mazkur davlatlar jinoyat qonunchiligida ushbu jazo turli xil nom bilan ifoda etilgan bo‘lsa-da, ular mazmunan bir xil jazo turi hisoblanadi va faqatgina bir-biridan jazo muddati, tayinlashning ayrim shartlari bilan farqlanadi.

Ayrim Yevropa davlatlarida, xususan, Buyuk Britaniyada jamoat ishlarining mahkum yil mobaynida ishlab berishi lozim bo‘lgan soatlarining umumiy miqdori 40-240 soat atrofida bo‘ladi (voyaga yetmaganlar uchun soatlar miqdori 120 soatdan oshmasligi kerak). Majburiy jamoat ishlari aybdorning bo‘sh vaqtida, odatda, kechqurun va dam olish kunlarida va nazorat qiluvchi organlar kuzatuvi ostida bajariladi. Jazoga tortilgan shaxslar turli ijtimoiy topshiriqlarni bajaradilar: bog‘lar, ko‘chalar va xiyobonlarni tozalash, bezash va tartibga solish, ko‘chatlar ekish, devorlarni oqlash, bo‘yash va ta’mirlash, jamoat binolarini bezash, qariyalar va bemorlarga yordam ko‘rsatish, mahalliy jamoalarning ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish va hokazo.

Shvetsiyada 1993 yil 1 yanvardan muqobil jazoning mazkur turi joriy etilgan bo‘lib, u probatsiyaning maxsus shakli hisoblanadi. Bu sanksiya qo‘llanilgan aybdor shaxs jamiyat foydasiga 40 soatdan 200 soatgacha bepul ishlab berishi shart (kechki payt, dam olish kunlari). Mazkur sanksiya asosan 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.

Portugaliyada jamoat ishlari qamoq jazosiga muqobil sanksiya sifatida sud tomonidan qasddan sodir etilmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun qo‘llaniladi. Majburiy ishlarning soatlari miqdori 180 soatga yetishi mumkin. Mahkum doimiy ish joyiga ega bo‘lsa, u 8 soatlik ish kuniga qo‘shimcha tarzda har kuni 2 soat majburiy va tekinga ishlab berishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, muqobil jazolarning samaradorligini oshirishda majburiy jamoat ishlari jazosining qonunchilikka joriy etilishi, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ko‘plab ijobiy jihatlari bilan o‘zini oqlab kelmoqda. Qolaversa, jinoyat qonunchiligimizni yana bir insonparvarlik normasi bilan to‘ldirilishiga xizmat qiladi.


Ravshan Norboyev,

Sirdaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i

July 21, 2018
by Sirdaryo