OROMGOHLARDA QUVNOQ TADBIRLAR!

by @sirdaryo
OROMGOHLARDA QUVNOQ TADBIRLAR!

Xalqaro mehnat tashkiloti va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida joriy yilning 12 iyun – «Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni»ga bag‘ishlangan «Yangi avlod xavfsizligi va salomatligi» tadbirini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, shu shior ostida Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo”oromgohida ham qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashma Kengashining Mehnatni muhofaza qilish, Madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘limlari hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchisi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro hukumatga qarashli bo‘lmagan xayriya fondi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar davomida mavzuga oid slayd va videoroliklar bilan taqdimot o‘tkazildi. Birlashma mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Bozorboy Ismatov taqdimotda butun jahonda bolalar mehnatining ko‘rinishlari va unga qarshi kurash, bolalar uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Rus milliy madaniy markazi qoshidagi “Garmoniya” ansambli xonandalari bilan oromgohdagi qo‘shiq va raqs to‘garagi a’zolarining uchrashuvi master-klassga aylanib ketdi. Bolalar ansambl xonandalari bilan qo‘shiqlar kuyladilar va raqslarga tushdilar.

O‘yingohlarda futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka, “Quvnoq startlar” bo‘yicha musobaqalar, kitobxonlik, she’rxonlik, iqtidorli bolalar ishtirokida «Yangi avlod xavfsizligi va salomatligi» shiori ostida rasm chizish tanlovi o‘tkazildi hamda rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirlar “O‘zbekiston –umumiy uyimiz” do‘stlik festivaliga ulanib ketdi. Bolalar “Garmoniya”ansambli bilan qo‘shilib rus va o‘zbek, tojik tillarida qo‘shiqlar kuyladilar, raqslarga tushdilar.

Yakunda eng faol ishtirokchilar homiy tashkilotlarning sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Zebo Haydarova

June 14, 2018
by Sirdaryo