Sirdaryoda “Biz OIV infeksiyasiga qarshimiz!” aksiyasi o‘tkazildi

👉 https://t.me/Sirdaryo

Guliston shahrida “Biz OIV infeksiyasiga qarshimiz!” aksiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. 

Sirdaryo viloyati hokimligi, prokuratura, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat OITSga qarshi kurash markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda umumta’lim maktablari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurti talabalari, viloyatdagi “n” harbiy qism ofitser, serjant va askarlari, uyushmagan yoshlar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning boshqa hududlaridagi kabi Sirdaryo viloyatida ham odam immuniteti virusi (OIV) hamda orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) tarqalishining oldini olishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur hujjat asosida ishlab chiqilgan 2018-yildagi O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish Davlat dasturi ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan ushbu tadbir uch bo‘limda tashkil etildi.

Ushbu hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borishga viloyatda alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoshlarning tibbiy madaniyatini oshirish, ular o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish mazkur kasallikka qarshi kurashishning eng samarali yo‘lidir. Shuning uchun viloyat OITS markazining tashabbusi bilan uchta: “Biz yoshlar OITSga qarshimiz!”, “Bizning oila OITSga qarshi!” hamda “Bizning mahalla OITSga qarshi!” aksiyalari e’lon qilindi. Unda OITS va OIVga qarshi kurashish har bir mahalla, har bir oila va har bir o‘zbekistonlik fuqaroning burchi ekanligi keng targ‘ib qilindi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini, ta’lim muassasalariga OITS va OIVga qarshi kurashga chorlovchi maxsus bannerlar yopishtirilib, bukletlar tarqatildi. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, Guliston davlat universiteti va mahallalarda “Biz – sog‘lom turmush tarafdorimiz”, “Biz yoshlar OITSga qarshimiz” kabi mavzularda rasmlar, hunarmandchilik buyumlari tanlovlari, davra suhbatlari, uchrashuvlar, viktorinalar o‘tkazildi va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borildi.

Mazkur aksiyalarda faol ishtirok etgan keksa-yu yoshning ro‘yxati hokimlik, prokuratura, sog‘liqni saqlash, yoshlar ittifoqi, OITSga qarshi kurash markazi, mahalla faollari va boshqa mutasaddi idoralar xodimlaridan tashkil topgan hakamlar hay’ati tomonidan shakllantirib borildi.

Aksiyaning ilk kuni viloyat markazidagi “Alpomish” sport majmuasida aksiya doirasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga bag‘ishlangan sportning futbol, voleybol, tennis, shaxmat, shashka, badminton va yengil atletika turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirning ikkinchi kuni viloyat hokimining o‘rinbosari O.Abdug‘aniyev, Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktorining o‘rinbosari G‘.Rajabov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Sh.Zayniddinov va boshqalar davlatimiz rahbari rahnamoligida mamlakatimizda OITS va OIVga qarshi kurashishda va bu infeksiya yuqishining oldini olish maqsadida hamkorlikda keskin chora-tadbirlar olib borilayotganini alohida ta’kidladi.

Seminar ishtirokchilari OITS va OIV infeksiyasini yuqtirib olish oqibatlari nimalarga olib kelishi, uning oldini olish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, dardga chalinganlar davlat byudjeti hisobidan davolanayotganlari to‘g‘risida ma’ruzalarni tingladi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, OITS – XXI asr vabosi bundan 30 yillar muqaddam qayt etilib, kurrayi zaminimizda odam immunitet tanqisligi virusi (OIV) bilan og‘riganlar soni bugun 40 milliondan ortibdi. Har yili 2-2,5 million kishi ushbu xastalikka chalinib, 1,8-2 millioni dunyodan ko‘z yumayotir. Afsuski, ushbu dard yildan-yilga yosharib, bugungi kunda 15 yoshli bolalarda ham ushbu infeksiya qayd etilmoqda.

O‘zbekistonda ilk bor OITS kasalligi 1987-yili Toshkentda tahsil oluvchi afrikalik talabada aniqlangan. 1989-yilda Afrika mamlakatlaridan birida ishlab kelgan o‘zbekistonlik fuqaroning ham ushbu kasallikka chalingani tahlillar natijasida ma’lum bo‘lgan. Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi 37 ming shaxsda OITS virusi borligi qayd etilgan. Ayni chog‘da 21 ming o‘zbekistonlik fuqarolar OITSga qarshi davlat byudjeti hisobidan davolanmoqda.

Seminar davomida OITS bilan og‘rigan sirdaryolik bemor ayolning o‘z xohish-istagi bilan mini-diskka yozib olingan murojaati qo‘yib eshittirildi. Bemor o‘z murojaatida nikohdan avvalgi tibbiy tekshiruv jarayonida shifokorlar kuyov bo‘lmishda OITS infeksiyasi borligini qayd etishganiga, kelinning barcha oila a’zolari, mahalla-ko‘y, shifokorlar bu nikohga qarshi bo‘lishlariga qaramay, bu bedavo dardning oqibatiga tushunib yetmay, so‘zida qat’iy turib olganini, hatto nikoh o‘qish uchun hech bir imom rozi bo‘lmagan bo‘lsa-da, turmush qurganini, endi bu dard bilan og‘rib naqadar qiynalayotgani “Hech bir kimsa bunday tubanlikka qo‘l urmasin!” deya ta’kidladi.

– Ko‘pchilik OITS yoki OIVga chalinganlardan o‘zini olib qochishga urinadi, – deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari G‘ulomjon Rajabov. Bunga sabab, ularning kasallik haqida yetarlicha bilimga ega emasligidir. Bugungi seminarda shu dard bilan og‘rib, yoshlarga murojaat qilgan bemor ayolni olaylik. Unga bu dardning oqibatlari haqida yetarlicha tushuncha berilmagan. U shifokorlarni, yaqinlarini gapiga ishonmay, kuyovning “Mana men SPID bo‘lsam ham yaxshi yuribman-ku, bu vrachlar hamisha oshirib yuborishadi, hech narsa bo‘lmaydi”, degan so‘zlariga ishonib, shunday dardni orttirib olgan. Demak, bundan xulosa shuki, hali aholini ayniqsa yoshlarimizni OITS hamda OIV infeksiyalaridan muhofaza qilish, unga qarshi kurashish va davolash tadbirlarini olib borishda kamchiliklar bor. 

Tadbirning uchinchi qismi esa Guliston shahridagi “Adiblar xiyoboni”da davom ettirildi. Aksiya ishtirokchilariga viloyat san’atkorlari tomonidan OIV hamda OITS infeksiyasini yuqtirib olish oqibatida ne-ne insonlarning kelajagi poymol bo‘lgan, guldek oilalarning parokanda bo‘lib ketishi, giyohvandlik, maishatparastlik, shahvoniy hirslarga qul bo‘lishlik, to‘qlikka sho‘xlik qilish oqibatida kasallikni yuqtirib olgan shaxslarning taqdiri sahna ko‘rinishlarida namoyish etildi.

Shahardagi “n” harbiy qism harbiylarining chiqishlari va san’atkorlarning konsert dasturi yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Uch yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan aksiya g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

A.Qayumov, O‘zA