tomorqa yer egalariga ko‘maklashuvchi tashabbuskor fermer xo‘jaliklari biriktiriladi

Mamlakatimizda bugungi kunda barcha sohalar qatorida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlardan foydalanish bo‘yicha ham keng islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligi barchamizni quvontiradi. Barcha chora-tadbirlar ushbu sohani yanada rivojlantirish hamda aholining ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarni mehnat unumdoligini oshirish, olingan hosildan yoki mehnati mahsulidan yuqori daromad olishini ta'minlash, shuningdek, ularning ilg‘or faoliyatni amalga oshirganliklari uchun taqdirlash ishlarini tashkil etish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 24 yanvar' kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat rahbarimiz “Qishloq xo‘jaligi sohasini boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash eng muhim vazifamizdir” -deya ta'kidladi. Haqiqatan ham qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bugungi kunda eng dolzarb masala hisoblandi.

Shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari yer uchastkalaridan foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etmas ekanmiz, ushbu sohani yanada rivojlanishiga erisha olmaymiz. Mavjud muammo va kamchiliklarni yo‘qotish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 205-son qarori 2018 yil 18 mart kuni qabul qilingan. Lekin jamiyatda ijtimoiy munosabatlar yuqori darajada o‘zgarib bormoqda. Shuningdek, ushbu faoliyatda muammolar yuzaga kelmoqda hamda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanishni yanada samarali bo‘lishini taqazo etmoqda. Birinchidan,dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida serhosil va yuqori daromad beradigan qishloq xo‘jaligi ekinlari joylashtirilishi yetarli darajada emas. Ikkinchidan, moddiy-texnik resurslarini tizimli yetkazib berilmayapti. Uchinchidan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orilishida suv bilan to‘liq ta'minlanmasligi hamda suv limitlari doirasida suvga bo‘lgan talabdan kelib chiqmasdan berilaayotganligi asosiy muammolardan biri bo‘lmoqda. Ushbu holatlarni bartaraf etish, ichki iste'mol va eksport uchun qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish hamda qishloq aholisining moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida 2020 yil
30 yanvar' kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari yer uchastkalaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 53-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari yer uchastkalarida 2020 yil hosili uchun to‘qsonbosti usulida, ekiladigan bahorgi va takroriy qishloq xo‘jaligi ekinlarini mavsum davomida ajratiladigan suv limitlari doirasida suvga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, o‘z vaqtida suv bilan to‘liq ta'minlash belgilab qo‘yildi. Bizning mehnatkash xalqimiz “To‘qsonda sug‘orsang, to‘qson botmon hosil olasan” degan maqolni ko‘p takrorlashlari ham bejizga emas. Mazkur usulda qishning to‘qson kuni nazarda tutilgan bo‘lib, kuz faslida ekiladi hamda qor ostida qoldiriladi. Shunda sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Bundan tashqari to‘qsonbosti ekinlariga ta'rif Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
18 martdagi 205-son qarorida ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra to‘qsonbosti ekinlari deganda navbatdagi yilda erta hosil yetishtirish uchun kech kuzda, ya'ni noyabr' oyining uchinchi va dekabr' oyining birinchi o‘n kunligi oralig‘ida sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin ekiladigan sovuqqa chidamli sabzavot ekinlari tushuniladi.

Mazkur Vazirlar Mahkamasining 53-son qaroriga ko‘ra tashqi bozor talablari asosida mahallalar eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. “Tomorqa xizmati” MChJlar mahallalarga biriktirilgan holda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida urug‘lar, ko‘chatlar va boshqa zarur moddiy resurslar yetkazib beriladi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari “Tomorqa xizmati” MChJlar tomonidan belgilangan tartibda sotib olinadi, ularning eksport qilinishi tashkil etiladi. Shuningdek, ushbu mahsulotlarning realizasiya va eksport qilinishida Investisiya va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatiladi. 2020 yil hosili uchun bahorgi (ertaki) va takroriy (o‘rtaki) ekinlar ekilishi davrida dehqon xo‘jaliklari yerlaridan foydalanish holatining uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) orqali tanlanma monitoringi tashkil etiladi.

Ushbu qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2020 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida bahorgi (ertaki) qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Shuningdek, ushbu ekinlarni ekish, moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, imkoniyati cheklangan va kam ta'minlangan tomorqa yer egalari, shuningdek ish bilan band bo‘lmagan aholining ro‘yxati shakllantiriladi, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli choralar belgilanadi. Tomorqadan samarasiz foydalangan tomorqa yer egalariga ko‘maklashuvchi tashabbuskor fermer xo‘jaliklari biriktiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 53-son qaroriga ilova qilingan “2020 yilda har bir dehqon xo‘jaligida va tomorqa yer uchastasida yuqori daromad beradigan eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra 2020 yil 1 martdan tomorqa yeridan samarasiz foydalanganligi uchun xonadon egasiga joriy yil uchun hisoblangan yer solig‘ining uch barobari miqdorini qo‘llash amaliyotini qo‘llash amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari mazkur qaror bilan “Tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyatlarining reestrini shakllantirish va yuritish tartibi belgilandi. “Tomorqa xizmati” MChJlari fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi barcha faoliyat turlarini rivojlantirish uchun moddiy resurlarni yetkazib berish, shuningdek, issiqxonalar qurib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan birga qayta ishlash, saqlash, realizasiya qilish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'ekt hisoblanadi.

Agrar sohani rivojlantirish bugungi kuning eng muhim va dolzarb masalasi bo‘lib kelmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 4 fevral' kuni qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham yig‘ilish o‘tkazdi. Agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlardan biri klaster usuli yo‘lga qo‘yilganligidir, shuningdek, ekin turlari zamon talabidan kelib chiqib o‘zgartirildi.

Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. 2019 yil 11 dekabrda bu borada Prezident qarori qabul qilinib, barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi. O‘tgan qisqa vaqtda hokimliklar tomonidan 86 ta shunday klaster tashkil etish bo‘yicha takliflar shakllantirildi. Davlatimiz rahbari bu haqda joriy yil 24 yanvardagi Murojaatnomasida ham ta'kidlagan. “Paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo‘lmaydi, ular o‘zlari kutganlaridek manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi”, - degan edi Shavkat Mirziyoev.

Dehqon xo‘aliklari va tomorqa yerlaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yilsa, malakatimizda qishloq xo‘jaligi maxsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj har bir mavsumda qondiriladi. Shuningdek, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari o‘zlarining yetishtirgan mahsulotlaridan yuqori daromad olishlari hamda eksportbop mahsulotlarning hajmi oshishiga, mahsulotlarining sifati yanada yaxshilanishiga olib keladi.