Ramazon – ruhiy poklanish oyi

by Sirdaryo Xabarlari
Ramazon – ruhiy poklanish oyi

Ramazon oyi o‘lkamizga soya tashladi. Bu muborak oyni mo‘min-musulmonlar doimo o‘zgacha bir sog‘inch va xursandlik bilan kutib oladilar. Ayniqsa, saharlik va iftorlik vaqti har bir oilaga o‘ziga xos quvonch ulashadi. Alloh taolo bandalarini ushbu oyda kunduzi yeb-ichish va boshqa lazzatlardan nafsini tiyib ro‘za tutishga buyurgan. Bu oyda kishi eng muhim fazilatlardan bo‘lmish sabr qilishni o‘rganadi. Shuning uchun bu oyni sabr oyi ham deb ataydilar.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Har bir narsaning zakoti bo‘ladi, jasadning zakoti esa ro‘zadir”. Zakot poklovchi demakdir. Oziq-ovqat tanaga ozuqa bo‘lgani kabi ro‘za ham ruhga ozuqadir. Taomsiz yashab bo‘lmaganidek, ruh ham ro‘zasiz yashay olmaydi, ma’nan charchaydi.

Ro‘za nimadan iborat? Albatta, ochlikdan iborat, ochlikning esa ko‘plab jismoniy va ruhiy foydalari bor. Tibbiyot mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotlarning xulosalariga ko‘ra, ro‘za tutish o‘pka, skleroz, tutqanoq, saraton, qand, ekzema, allergiya, bronxial astma, bronxit, bavosil, jigar, ichak, bo‘g‘inlar shishi qaytishiga foyda berar ekan. Shuningdek, yurakning atrofini yog‘ qoplab qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, qon bosimi ortishiga qarshilik qiladi, qon aylanishini faollashtiradi, qon tomirlari torayishining oldini oladi, shahvoniy maylni kamaytiradi, to‘qimalarda to‘planib qoladigan zaharli moddalardan tozalashga yordam beradi, buyrakda tosh paydo bo‘lishidan saqlaydi, semizlikka monelik qiladi, Immunitetni ko‘taradi.

Insonda ochlik holati qalbdagi illat va g‘uborlarni, kibr va manmanlikni ketkazadi. Yomon ishlarga moyil bo‘lishning oldini oladi, uyquni kamaytirib, bedor bo‘lishga, toat-ibodatga chorlaydi, farovonlik va to‘qlikka shukr qilishga o‘rgatadi. Ochlarning holatini his etib, ularga yordam berishga undaydi.

Ochlik holatini boshidan kechirgan odam bexosdan qiyinchilikka uchrab qolsa, sabr-toqat bilan uni oson yengadi. Doimo maishatda yurgan to‘q odam hayotda ozgina qiyinchilikka yo‘liqsa, qattiq talvasaga tushib, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi va uni yengib o‘tishga irodasi yetmaydi.

Buyuk mashoyixlardan, tariqati naqshbandiyaning piri komillardan biri Muhammad Zohid Qutqu hazratlari shunday deydilar: “Ro‘zani faqat jasadingga tutdirma, ruhing ham ro‘zador bo‘lsin”.

Bir kuni Rasululloh (alayhis-salom) minbarga chiqayotib, bir qadam tashlab “Omiyn”, dedilar. Ikkinchi qadam tashlab yana “Omiyn”, dedilar. Uchinchi qadamni bosganlarida ham “Omiyn”, dedilar. Xutbani o‘qib minbardan tushganlarida sahobalar: “Yo Rasulolloh, xutba o‘qish uchun minbarga chiqayotib nima uchun 3 marta “Omiyn”, dedingiz?”, deb so‘rashdi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhis-salom) dedilar: “Men minbarga chiqayotganimda Jabroil kelib, dedilar: “Kimni oldida sizning ismingiz aytilganda sizga salavot aytmasa, Alloh taolo undan uzoqlashib, uni do‘zaxga kirgizadi “Omiyn”, deng” dedi. “Omiyn”, dedim. Yana aytdiki: “Ey Muhammad, qaysi farzand ota-onasi tirik bo‘lib yoki ikkalalaridan birlari hayot bo‘la turib, ularning rizoliklarini ololmay, o‘lib do‘zaxga kirsa, bunday imkoniyatni boy bergan farzanddan Alloh taolo undan uzoqlashadi “Omiyn”, deng” dedi. “Omiyn”, dedim”. Keyin yana dedi: “Ey Muhammad, kim Ramazon oyini o‘tkazib, keyin o‘lsa-yu gunohi kechirilmagan bo‘lsa, undan ham Alloh taolo undan uzoqlashib, uni do‘zaxga kirgizadi “Omiyn”, deng”, dedi. “Omiyn”, dedim.

Kim mana shu holatni xohlaydi? Albatta, hech kim. Xo‘sh, biz nima qilishimiz kerak? Biz nimalarga e’tibor berishimish zarur? Biz nima amal qilsak ro‘zamiz Parvardigor xohlaganidek bo‘ladi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ro‘za to‘siqdir. Qachonki sizlardan birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yolg‘on so‘z gapirmasin, haqorat so‘zlarni aytmasin. Agar biror kishi u bilan urishsa yoki so‘kishsa, “men ro‘zadorman”, “men ro‘zadorman”, desin”.

Ya’ni “men ro‘zadorman” deyishligi bilan kishi: “Men tilimni saqlashga Allohga va’da berganman, qanday qilib senga javob qaytaraman”, deganidir. Yana bir hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar: “Albatta ro‘za omonatdir. Sizlardan har biringiz o‘z omonatini saqlasin”.

Har bir amalning zohiri va botini, po‘sti va mag‘zi bor bo‘lgakni kabi ro‘zaning zohiri, ya’ni po‘sti bu – yemaslik, ichmaslik va nafsoniy-jismoniy ehtiyojlardan tiyilib turish. Mag‘zi esa ruhiy poklanish, nafsni tarbiyalash, gunohlardan chetlanish va xulqni yaxshilash bilan bo‘ladi.

Ixtiyor har birimizning qo‘limizda, Qiyomatda Parvardigorning oldiga borganda po‘stloq bilan boramiz-mi yoki po‘stloqning mag‘zi bilan-mi?


Nosirov Botir

Xovos tumani “Husnobod”

masjidi imom xatibi

June 6, 2018
by Sirdaryo